Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rubio Isroilda Qatarga berilgan zarbalarni qoraladi
Foto: Getty Images
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio yakshanba kuni G‘azodagi mojaroning kelajagi va garovga olinganlarni ozod qilish masalasini muhokama qilish uchun ikki kunlik tashrif bilan Isroilga keldi. Rubio yana bir bor Isroilning Qatardagi Hamas yetakchilariga hujumidan noroziligini bildirdi, biroq bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam bo‘lib qolayotgan munosabatlarga zarar yetkazmasligini aytdi.
Dushanba kuni Qatarda keyingi harakatlarni muhokama qilish uchun arab-islom sammiti bo‘lib o‘tadi.
Rubio AQSh prezidenti Donald Trampning garovga olingan isroilliklarni bir vaqtning o‘zida ozod qilish va Hamasni mag‘lub etish haqidagi istagini takrorladi.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Vashington guruh tomonidan garovda ushlab turilgan 48 kishini qanday ozod qilishni (ulardan 20 nafari hali tirik deb hisoblanmoqda) va sektorni qayta tiklashni muhokama qilmoqchi.
«Bo‘lar ish bo‘ldi. Biz Isroil rahbariyati bilan uchrashamiz, kelajakda bizni nima kutayotgani haqida gaplashamiz», – dedi Rubio safar oldidan.
U Isroil G‘azo shahriga hujumini qaytadan boshlagani yuzasidan izoh bermadi.
Rubio Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda AQShning mamlakatdagi elchisi Mayk Hakabi bilan birgalikda Yig‘i devoriga ham tashrif buyurdi.
Xudojo‘y katolik Rubio va AQShning Isroildagi elchisi, yevangelist protestant pastor Mayk Hakabi Netanyahu bilan birga boshlariga yahudiylar bosh kiyimini kiyib, G‘arbiy devorga tegib, ibodat qilishgan.
Keyin ular milodiy 70 yilda Yahudiyadagi qo‘zg‘olonni bostirish paytida rimliklar tomonidan vayron qilingan Ikkinchi Ibodatxona qismlarining qazilgan qoldiqlari bo‘ylab sayohat qilishdi.
Rubio, Netanyahu va Hakabi o‘z rafiqalari bilan yer ostida suratga tushishgan, ammo ularga gender segregatsiyasi amal qiladigan G‘arbiy devor yonida turmush o‘rtoqlariga hamrohlik qilishga ruxsat berilmadi.
Rubio dushanba kuni ziyoratgohga boradigan ziyoratchilar uchun tunnelning ochilish marosimida ishtirok etishi kutilmoqda.
Netanyahu Qo‘shma Shtatlar bilan ittifoq hech qachon hozirgidek mustahkam bo‘lmaganini aytdi va Rubioni «Isroilning alohida do‘sti» deb atadi. Rubio va prezident Donald Tramp boshchiligida «ittifoq hech qachon bunchalik kuchli bo‘lmagan va biz buni chuqur qadrlaymiz», – dedi u.
«Menimcha, uning bu yerga tashrifi Isroil-Amerika ittifoqining mustahkamligi va kuchidan dalolat beradi, – dedi Netanyahu jurnalistlarga. – U hozirgina biz qo‘l tekkizgan G‘arbiy devor toshlari kabi mustahkam va pishiq».
Rubio shanba kuni bu joyni «dunyodagi eng muhim arxeologik yodgorliklardan biri» deb bilishini va unga siyosiy ahamiyat bermasligini aytdi.
Rubio – 2019 yilda Tramp davlat kotibi Mayk Pompeo tashrifidan keyin G‘arbiy devorga tashrif buyurgan eng yuqori martabali amerikalik amaldor bo‘lmoqda.
Pompeoning tashrifi ramziy ma’noga ega edi, chunki AQSh tarixan musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Al-Aqso masjidini ham o‘z ichiga olgan muqaddas joyning maqomiga nisbatan betaraflikni namoyish etishga harakat qilgan.
Rubioning davlat kotibi lavozimidagi o‘tmishdoshi, asli yahudiy bo‘lgan Entoni Blinken 2023 yil 7 oktyabrda Hamas hujumidan keyin Isroilga tez-tez tashrif buyurgan, ammo G‘arbiy devorga bormagan va buning o‘rniga dunyoviyroq Tel-Avivda qolgan.
Bu vaqtda Isroil harbiylari shahardagi baland turar joy binolariga zarba berishda davom etmoqda. TSAHALning ta’kidlashicha, yakshanba kuni u Hamas tomonidan kuzatuv va razvedka ma’lumotlarini to‘plash uchun foydalanilgan bitta baland binoni yo‘q qilgan. Hamas bu da’volarni rad etadi. Boshqa ko‘p qavatli uylar aholisiga evakuatsiya qilish tavsiya qilindi.
Isroil harbiylari, shuningdek, so‘nggi bir kun ichida o‘zlari «terrorchilar» deb ataydigan o‘nlab odamlarni o‘ldirganini aytdi. Hamas tomonidan boshqariladigan fuqarolik mudofaasi agentligi yakshanba kuni kamida yetti kishi o‘ldirilganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
21:55 / 25.12.2025
AQSh ma’muriyatida bo‘linish: Stiv Uitkoff Marko Rubioga qarshi
20:52 / 25.12.2025
Falastinni parchalash: G‘arbiy sohil xaritasi qanday o‘zgaryapti?
19:47 / 25.12.2025
Belgiya Isroilga qarshi genotsid ishi bo‘yicha xalqaro sudda ochilgan da’voga qo‘shildi
09:24 / 23.12.2025