O‘zbekiston | 13:00 / 19.12.2019
63629
4 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura Yunusoboddagi hodisa yuzasidan jinoiy ish ochdi

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan favqulodda vaziyat yuzasidan jinoiy ish ochildi.

«Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan hodisa yuzasidan JKning 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 258 (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov telegramdagi kanalida berilgan xabarda.

18 dekabr kuni taxminan soat 10:00da Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, ishchilarni tuproq bosib qoldi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu fojia oqibatida halok bo‘lganlar soni 6 nafarga yetgan.

UPD: Bosh prokuratura ham ushbu holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

«2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Axmad Donish ko‘chasidagi «Mega Rlanet» savdo markazi qarama-qarshi tomonida «Toshkent metropoliteni qurilish direksiyasi» buyurtmasi asosida barpo etilayotgan «Yunusobod» bekati 2-vestibyul kurilish obektining o‘ng tomon handaq (katlovani) qiyalik devori (otkos)ga o‘rnatilgan temir-beton mustahkamlash konstruksiyasi yomg‘ir suvlari sizishi va avtomobillar qatnovidan hosil bo‘lgan tebranish natijasida yer o‘pirilib, tuproq va temir-beton konstruksiyasi qulab tushgan.

Voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 6 nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi va ularning shaxsiga aniqlik kiritildi.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 18 dekabr kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi va 258-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda. 

Jinoyat kodeksining 257-moddasiga muvofiq, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas'ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilsa va odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, aybdor muayyan huquqdan mahrum qilinib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

258-modda esa tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni nazarda tutadi.

Bosh prokuratura mazkur xodisa oqibatida jabr ko‘rganlarning oila-a'zolariga o‘z hamdardligini bildirgan.  

Hozirda tozalash, qidiruv va qutqaruv tadbirlari davom etmoqda.

Mavzuga oid