Tojikiston bozorlaridagi Xitoyda ishlab chiqarilgan keng iste'mol mollari yaqinda o‘z o‘rnini «Made in Uzbekistan» brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bo‘shatib berishi mumkin, deyishmoqda mahalliy tahlilchilar.
Dushanbelik Niyozmad Habibov xitoyliklarning mahsulotidan ko‘ra o‘zbeklarnikini ma'qul ko‘radi.
«Yaqinda maktabga boradigan o‘g‘limga «Made in Uzbekistan» brendi ostida ishlab chiqarilgan kostyum xarid qilgan edim va juda hayratda qoldim. Narxi Xitoy moli bilan bir xil, lekin sifati juda farqlanar ekan», deydi Niyozmad.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u ilgari farzandlariga xitoyliklar va turklar tomonidan ishlab chiqarilgan kiyimlarni xarid qilib kelgan, biroq ular tezda titilib, yangisini olishga majbur bo‘lardi.
Ishbilarmon Shamsiddin Turdiyevning aytishicha, Yevropada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilishga qurbi yetmaydiganlar allaqachon o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlaridagi ustunlikni payqashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xaridorlar ko‘proq «Artel» kompaniyasi mahsulotlariga qiziqish bildirishmoqda.
«Bu firma mahsulotlarining narxi «chaqib» olmaydi, sifati esa a'lo darajada», deydi Shamsiddin.
So‘nggi 20 yil ichida Tojikiston bozorlarini Xitoy, Turkiya va Qirg‘izistondan keltirilgan mahsulotlar to‘ldirib tashlagan edi. «Made in Uzbekistan» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ko‘p qismi O‘zbekiston korxonalari va kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 1500dan ortiq turdagi mahsulotlarning Tojikistondagi ko‘rgazma-yarmarkasidan so‘ng paydo bo‘lgan. Dushanbedagi «Poytaxt-90» savdo majmuasida O‘zbekistonning traktorlari va paxta terish kombaynlari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslari, shuningdek, yengil, farmatsevtika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari namoyish etilgan edi.
Bu ko‘rgazmadan so‘ng tez orada Dushanbeda «Ravon» avtosaloni ochildi va u yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan R2, R4, Gentra, Nexia R3, Damas va Labo mini yuk mashinasi tojikistonlik xaridorlarga taqdim etila boshlandi. Avtosalon direktori Farrux Zamonovning aytishicha, Dushanbega dastlabki partiyada 56ta avtomobil keltirilgan va ularning 40tasi allaqachon sotib bo‘lingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xaridorlarga avtomobillarning narxi (6700 dollardan 12500 dollargacha), sifati va zamonaviy xavfsizlik talablariga javob bera olishi ma'qul kelmoqda. Tojikistonga yangi avtomobillarni olib kirishda bojxona bojlari stavkasi pasaytirilishi «Ravon» avtomobillarini ishlab chiqaruvchi zavoddan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-ikki kun ichida olib kirish imkoniyatini yaratadi, deydi Farrux Zamonov.
O‘tgan oyda Tojikiston savdo-sanoat palatasi rahbari Sharif Said Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu yilning yanvar-may oylari oralig‘ida Tojikiston O‘zbekistonga 20 mln. 617 ming dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilganini aytib o‘tgan edi. Shu vaqt oralig‘ida O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti esa 25 mln. 681 ming dollarga teng bo‘lgan. O‘zbekiston Tojikistonga asosan bug‘doy, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalari yetkazib bergan.





