Shavkat Mirziyoyev hokimlar bevosita xalq tomonidan saylanishini taklif qildi
O‘zbekiston respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda ma'ruza qildi.
Prezident o‘z ma'ruzasida asosiy maqsad “Xalq qabulxonalari”ga qilingan hech bir murojaat e'tiborsiz qolmaydigan tizim yaratish hisoblanishini aytib o‘tgan. U shuningdek, hokimlar bevosita xalq tomonidan saylanishini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishini aytgan.
Bugun hayotimizning o‘zi Konstitutsiyamizda ifodasini topgan eng asosiy maqsad – inson manfaatlarini har tomonlama ta'minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.
Inson manfaatlarini ta'minlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo‘ldim. Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi.
Hozirgi vaqtda odamlar davlat idoralaridan nimani istayapti? Bu haqda gapirganda, e'tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman.
Xabaringiz bor, shu yil 25 sentyabrda Bosh vazirning internet tarmog‘ida elektron qabulxonasi tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda ushbu qabulxonaga fuqarolarimizdan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi yechimini topgan bo‘lsa, 41 foizi ko‘rib chiqilmokda.
Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. Ta'bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi.
Mana, odamlar nimalar haqida murojaat qilmoqda. Avvalo, ular turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda.
Shu bilan birga, aholimizdan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta'minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Ko‘rib turibsizki, aziz do‘stlar, bu talablarning barchasi qonuniy va adolatli. Bu borada ortiqcha izohning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi? Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya'ni, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Shu sababli ana shu qonun talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma'muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblayman.
Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni avvalo barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish yuzasidan yaqinda qabul qilingan Farmon talablariga so‘zsiz amal qilishni ta'minlash shart. Nega deganda, xalq boy bo‘lsa, davlat ham albatta boy va qudratli bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, xalq bilan muloqot va inson manfaatlari tushunchalari o‘zaro shunchalik bog‘lanib ketganki, ularni bir-biridan aslo ajratib bo‘lmaydi.
Ana shu zaruratdan kelib chiqqan holda, barcha qonun hujjatlarida xalq bilan muloqot tizimi haqidagi normalarni aniq belgilab qo‘yish lozim, deb hisoblayman.
Ana shu fikr-mulohazalarning barchasini hisobga olib, kirib kelayotgan 2017 yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilishni taklif etaman.
Endi, ijozatingiz bilan, bu boradagi eng dolzarb va ustuvor vazifalarga atroflicha to‘xtalib o‘tsam.
Avvalo, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor.
Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish haqida o‘ylayapmiz. Xususan, 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda “Xalq qabulxonalari”ni tashkil etish va ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta'minlashimiz zarur.
Aytish kerakki, bunday qabulxonalar siyosiy partiyalar, jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tizimida faoliyat ko‘rsatishi maqsadga muvofiqdir. Chunki siyosiy partiya fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lishi kerak.
Ayni vaqtda bu qabulxonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Bizning asosiy maqsadimiz – “Xalq qabulxonalari”ga qilingan hech bir murojaat e'tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat.
Muxtasar aytganda, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholiga kundalik va eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” prinsipi bo‘yicha bir idora orqali ko‘rsatish tizimini takomillashtirishimiz kerak.
Bundan tashqari, har bir hududdagi vaziyatni, avvalo, farmon va qarorlar ijrosini, ularning samaradorligini doimiy ravishda o‘rganib, bu borada davlat organlari mas'uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan tizimni shakllantirishimiz kerak.
Fursatdan foydalanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati rahbariyati, deputatlar va senatorlarga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman.
Ya'ni, parlament va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o‘rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda.
Har qaysi viloyatdan, masalan, Surxondaryodan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda, aytaylik, Muzrabot tumanida bo‘lib, o‘zlari saylangan hududdagi ijroiya hokimiyat organi, prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyatini o‘rganib, tahlil qilishi va tegishli xulosa berishi maqsadga muvofiq bo‘lur edi.
Ma'lumki, hozirgi kunda Oliy Majlisimiz Senati tomonidan har yili Bosh prokuraturaning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi, masalan, uzoq Olot tumanida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar bo‘limlarining hisobotini kim eshitadi?
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Birinchi Prezidentimiz joriy etgan tizim asosida hurmatli Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat raisi joylarga chiqqanlarida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlaridan ular o‘z zimmasidagi vazifalarni qay darajada ijro etayotganiga, aholini o‘ylantirayotgan muammolarni, ularning murojaatlarini qanday hal qilayotganiga alohida e'tibor qaratishlari lozim.
Bu boradagi ishlarni tashkil etishda parlament so‘rovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlardan keng foydalanish kerak.
O‘tkazilgan barcha o‘rganishlar natijalarini umumlashtirib, har yili bir marta ichki ishlar vazirining eng avvalo profilaktika sohasidagi faoliyati yuzasidan hisobotini Senatda eshitish amaliyotini joriy etish ham to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Shu maqsadda Oliy Majlis 2017 yildan boshlab har qaysi viloyat bo‘yicha bir yilga mo‘ljallangan ish rejasini belgilab olishi o‘rinli bo‘lardi.
Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas'uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin.
Hozirgina bayon qilingan ustuvor vazifalar davlat boshqaruvi tizimini bugungi va ertangi kun talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
Bu borada 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy boshqaruv sohasidagi islohotlar konsepsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu konsepsiyaga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini, vazifa va vakolatlarini optimallashtirish, ularning o‘ziga xos bo‘lmagan, takrorlanadigan funksiyalarini hamda xodimlar umumiy sonini qisqartirish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi rolini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq tadbirlar amalga oshiriladi.
Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasi ijro apparati faoliyatini takomillashtirishga, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar samarali amalga oshirilishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratamiz.
Shu bilan birga, davlat xizmati institutini isloh etish, davlat xizmatchilarining moddiy va ijtimoiy ta'minoti, ularning kasbiy tayyorgarligini tubdan takomillashtirish, bu sohaga yangicha fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar kadrlarni jalb etish bo‘yicha samarali tizim yaratiladi.
Ana shu masalalarning barchasi yaqinda ishlab chiqiladigan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topadi.
Mavzuga oid
16:14 / 17.12.2024
Mirziyoyev Qatar amiri bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
19:03 / 16.12.2024
Mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
15:58 / 16.12.2024