Jahon | 13:20 / 10.10.2024
13623
8 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Vuhledar boy berilishi ukrain mudofaasidagi inqirozni kuchaytirdi. Yana bir «qal’a» xavf ostida

Ukraina qurolli kuchlari uchun eng og‘ir vaziyat qayerlarda yuzaga kelgan?

Vincenzo Circosta / Anadolu / Getty Images

Rossiya qurolli kuchlari Vuhledarni egallagach, shahar shimolidagi o‘rmonzorlarda Ukraina qurolli kuchlarining barqaror mudofaasiga duch keldi. Ammo shahardan g‘arbda, Ukrainaning boshqa bir «qal’asi» — Velika Novosilkaga olib boruvchi yo‘lda — aftidan, bunday mustahkam mudofaa chizig‘i yo‘q. Ukraina qurolli kuchlari bu uchastkada kuchsizlangani, rasmiy ravishda Vuhledar qulashi bilan bog‘liq emas. Bu yo‘nalishda shahar mudofaasida qatnashmagan bo‘linmalar himoyalanmoqda. RF qurolli kuchlari ularga zarba berdi va lokal yutuqqa erishdi — Vuhledardan 15 kilometr g‘arbda joylashgan Zolotaya Niva qishlog‘i egallab olindi. Istiqbolda bu Ukrainaga yangi inqiroz bilan tahdid qiladi — bu safar Velika Novosilka hududida. Vuhledardan shimolda ham Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘ir vaziyat yuzaga kelmoqda — bu yerda Rossiya armiyasi shimol va sharqdan Kuraxovo tomon umumiy yo‘nalish bo‘ylab oldinga siljimoqda. Agar RF qurolli kuchlarining shu dinamikasi saqlanib qolsa, yil oxiriga borib Ukraina butun janubiy Donbassni yo‘qotishi mumkin.

Vuhledar fronti

Ukraina qurolli kuchlari uchun Vuhledar frontidagi muammo shundaki, ikki yildan ortiq vaqt mobaynida shaharni himoya qilib kelgan guruh uni tashlab chiqqach shimolga yo‘l oldi, Rossiya qo‘shini esa, aftidan, g‘arbiy yo‘nalishda hujum qilishga qaror qilgan. Shahardan g‘arbdagi hududlarda Ukraina qurolli kuchlarining 58-motopiyodalar brigadasi joylashgan, bu brigada o‘tgan oyda Rossiya qo‘shini Vuhledarga g‘arbdan yorib kirishiga yo‘l qo‘yib bergan (va bu shahar taqdirini hal qilgandi), Prechistovka qishlog‘ini boy bergandi, endi esa — unga qo‘shni Zolotaya Niva qishlog‘ini ham.

Vuhledar ichkarisida himoyalangan 72-mexanizatsiyalashgan brigada esa RF qurolli kuchlari Bogoyavlenka va undan keyin Kuraxovoga o‘tmasligi uchun shahardan shimoli-g‘arbda yangi mudofaa chizig‘i tashkil etishga harakat qilmoqda.

Rossiya qo‘shinida endi Ukraina qurolli kuchlarining Velika Novosilkaga (bu Ukrainaning Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi tayanch punkti sanaladi) olib boruvchi yo‘ldagi kuchsiz mudofaasiga hujum qilish imkoniyati yuzaga kelgan.

Shu bilan bir vaqtda, Rossiya qo‘shini Vuhledardan shimolroqda — yozda egallab olingan Novomixaylovka tomondan hujumni davom ettirmoqda. RF qurolli kuchlari Suxiye Yali daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab ham hujum qilmoqda va allaqachon Katerinovka hamda Antonovka qishloqlari uchun jang boshlagan. Kelgusida bu yurish Rossiya qo‘shinlarini Bogoyavlenka shimoliga, 72-brigada pozitsiyalari ortiga olib chiqishi mumkin.

RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledar guruhi orti hisoblangan Kuraxovo yo‘nalishida ham hujum qilayotgani hisobga olinsa, Vuhledar qulaganidan keyin Ukraina qo‘shinlarining janubiy Donbassdagi holati borgan sari og‘irlashmoqda.

Pokrovsk va Kuraxovo yo‘nalishlari

Rossiya qo‘shini Kuraxovo suv omborining sharqiy chekkasiga, Ostrovskoye qishlog‘i hududiga yetib kelgan. Shu bilan bir vaqtda, rossiyalik harbiylar suv omboriga shimoldan ham yurish qilmoqda, Tsukurino posyolkasining bir qismi va atrofdagi konlarni egallagan. Hozircha Kuraxovoga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid yo‘q — shahar suv omborining janubiy sohilida joylashgan.

Donetsk shahri va Gornyak posyolkasi oralig‘ida, Nevelske qishlog‘i atrofidagi keng bo‘rtiq hududni himoya qilgan ukrain qo‘shini taqdiri oxirigacha ma’lum emas. Bu guruh Rossiya armiyasi ta’minot uchun qulay bo‘lgan Donetsk — Pokrovsk trassasidan foydalanishiga to‘sqinlik qilib kelayotgandi. Agar Ukraina qurolli kuchlari hamon Gornyakdan sharqda turgan bo‘lsa (posyolkaning o‘zi allaqachon RF qurolli kuchlari tomonidan shturm qilinmoqda), unda ular qurshov xavfi ostida qolgan bo‘ladi. Ammo ukrain qo‘shini allaqachon bo‘rtiq hududni tark etgan bo‘lishi ham mumkin (hozircha buni tasdiqlovchi vizual tasvirlar paydo bo‘lgani yo‘q).

Gornyak va Tsukurinoni mudofaa qilayotgan qo‘shin ortida RF qurolli kuchlari muhim shahar Selidoveni qurshab olmoqda. U allaqachon shimol va janubdan aylanib o‘tilgan, Ukraina qurolli kuchlari faqat sharqdan qilinayotgan hujumlarni qaytarib turibdi. Selidovening qulashi ukrainlarning butun Pokrovsk-Kuraxovo yo‘nalishidagi mudofaasi inqiroziga olib kelishi mumkin — mudofaa ikkita bir-biriga bog‘lanmagan qismga ajralib qoladi (mos ravishda Pokrovsk va Kuraxovoni himoya qiluvchi guruhlarga).

Bu vaqtda RF qurolli kuchlari Selidovedan shimoldagi hudud bo‘ylab Pokrovskning o‘ziga yurish boshlagan. Ilg‘or bo‘linmalar Mirnograd chekkasiga yetib kelgan va Pokrovskdan yetti kilometr masofada turibdi. Ammo RF qurolli kuchlari ushbu shaharni shturm qilishni rejalashtirayotgani bo‘yicha hech qanday ma’lumot yo‘q. Asosiy kuchlar hamon Selidovedan janubroqda harakatlanmoqda.

Kupyansk fronti

Rossiya qo‘shini Oskol daryosiga yaqin joylashgan Kruglyakovka va Kolesnikovka qishloqlari chekkasiga yetib kelgan. Oskol bo‘ylariga chiqish — Rossiyaning Kupyansk shahri yo‘nalishida bir yildan ortiq vaqtdan buyon davom etayotgan yurishining bosh maqsadidir.

Agar Rossiya qo‘shini daryo sohiliga yetib kelsa, bu Kupyanskning sharqiy qismi (Kupyansk-Uzlovoy) mudofaasini qiyinlashtiradi: RF havo-kosmik kuchlari muntazam ravishda Kupnyaskning o‘zida Oskol daryosidan o‘tish yo‘llarini bombardimon qilmoqda, agar janubga olib boruvchi yo‘l kesib qo‘yilsa, bu Ukraina qurolli kuchlari ta’minotini qiyin ahvolga solib qo‘yadi. 

Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari daryo sohiliga yetib kelgach, Kupyanskka uch tomondan — shimol, sharq va janubdan kirishga harakat qiladi. Ukraina qurolli kuchlarini daryoning narigi sohiliga surib tashlamasdan va asosiy yo‘llarni o‘z nazoratiga olmasdan, Rossiya qo‘shinining Oskol bo‘ylab janubga — Borovaya va keyin Liman tomon yurishini amalga oshirib bo‘lmaydi: Oskoldan sharqda harakatlanayotgan Rossiya guruhi hozirning o‘zidayoq ta’minot yo‘llari yo‘qligidan qiynalmoqda.

Kursk oblasti

Kursk oblastida ikki armiya ham o‘z yurishini davom ettirmoqda: RF qurolli kuchlari chegara bo‘ylab zarbalar berish orqali Sudja va undan shimoldagi ukrain guruhini ajratib qo‘yishga urinmoqda; Ukraina qurolli kuchlari g‘arbroqda hujum qilib, Glushkovo rayoni markaziga kirishga — va Rossiya yurishini to‘xtatishga urinmoqda.

Ikki tomon ham cheklangan taktik yutuqlarga erishgan. Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning Veseloye qishlog‘idagi pozitsiyalarini chetlab o‘tgan, ammo uning o‘zini egallay olmagan. Veseloye mudofaasi uchun kattagina kuch ajratishga majbur bo‘lgan RF qurolli kuchlari Sudjadan g‘arbda joylashgan Lyubimovka qishlog‘ining bir qismini egallashga muvaffaq bo‘ldi, ammo hozircha muvaffaqiyatni rivojlantira olmayapti. Sudjadan janubi-sharqdagi Borki qishlog‘ini egallagan Rossiya qo‘shini qo‘shni Plexovoga yorib kirishga uringan, ammo ko‘p miqdordagi texnikalaridan ayrilgan.

Mavzuga oid