Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilmiy unvonlar berish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi
Foto: Getty Images
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining “Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, nizomning 29-bandi yangi tahrirda bayon etiladi.
Unga muvofiq, talabgorning attestatsiya ishi nizom ilovasidagi ro‘yxat bo‘yicha kengash tomonidan ilmiy unvonga taqdim etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e'tiboran 10 kun ichida Oliy attestatsiya komissiyasiga yuboriladi. Attestatsiya ishiga kiritilgan hujjatlarning, jumladan maxsus imtihon guvohnomasi, o‘quv adabiyotlariga berilgan guvohnomalar va nashr ishlarining haqiqiyligiga kengash taqdimnomasini (yo‘llanma xatini) tasdiqlagan rahbar va mazkur muassasa ilmiy kotibi javobgardirlar.
Shuningdek, kengash tomonidan taqdim etilgan attestatsiya ishi OAKda ro‘yxatga olinadi va yetti kun ichida normativ-texnik ekspertizadan, uning natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda, ilmiy ekspertizadan o‘tkazilib, yakuniy qaror qabul qilinadi. Zarur hollarda (har qanday ma'lumot kelib tushganida, shubha tug‘ilganida) taqdim etilgan attestatsiya ishiga kiritilgan hujjatlarning haqiqiyligini o‘rganish bo‘yicha OAK Tartib-qoida komissiyasining qarori bilan attestatsiya ishini taqdim etgan kengash rasmiy ravishda xabardor qilingan holda qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilishi mumkin. Mazkur tekshiruv o‘tkaziladigan muddat attestatsiya ishini ko‘rib chiqish muddatlarida e'tiborga olinmaydi. Ekspertiza jarayonida OAK tegishli ekspert kengashi tomonidan attestatsiya ishi mazmun-mohiyati va uning nizom talablariga muvofiqligi ilmiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ko‘chirmachilik, soxta hujjatlar taqdim etilganlik, attestatsiya ishining ekspertizasi noxolis o‘tkazilganligi kabi holatlar aniqlangan taqdirda, shaxs Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining qarori asosida ilmiy unvondan mahrum etilishi mumkin.
Ma'lumot uchun, professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlari ixtisoslik bo‘yicha beriladi.
Professor ilmiy unvoni oliy ta'lim yoki kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari yoki unga tenglashtirilgan muassasalar va OTMning ilmiy-tadqiqot tuzilmalarida, dotsent ilmiy unvoni OTMda, katta ilmiy xodim ilmiy unvoni ITMda samarali ilmiy-pedagogik va ilmiy faoliyat olib borayotgan, fanning muayyan sohasida chuqur kasbiy bilim hamda o‘z sohasida muayyan yutuqlarga erishgan yuksak ma'naviyatli shaxslarga beriladi.
Katta ilmiy xodim ilmiy unvoni o‘z maqomiga ko‘ra, dotsent ilmiy unvoniga tenglashtiriladi.
Ilmiy unvon tegishli ilmiy darajaga, magistr darajasi, magistr darajasi joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumot yoki oliy harbiy ta'lim diplomiga yoki oliy ma'lumotli mutaxassis diplomiga ega bo‘lgan yoxud klinik ordinaturani tugatgan (tibbiyot fanlari uchun) shaxslarga nizom talablariga muvofiq OTM kengashlari yoki ITM ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengashlari taqdimnomasiga asosan, OAK rayosati qarori bilan OAK tomonidan beriladi. Taqdimnoma talabgorning asosiy ish joyidan beriladi.
Ilmiy unvon berilgan shaxslarga attestat beriladi.
Mavzuga oid
13:22 / 27.06.2020
Xorijda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi o‘zgaradi
10:04 / 22.05.2020
Xorijda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi e'lon qilindi
22:44 / 05.02.2020
Ilmiy unvonlar berish OTM va ITMlarga o‘tkaziladi - OAK
12:29 / 25.10.2019