Jahon | 09:29 / 27.08.2025
2886
2 daqiqa o‘qiladi

Kallas: YeI sanksiyalari tufayli Rossiyaning neft daromadlari 30 foizga kamaydi

Yevropa sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga, jumladan, neft eksportiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, biroq Yevropa Ittifoqining qadamlari AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, ularning ta’siri sezilarli bo‘lardi, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas.

Foto: Geert Vanden Wijngaert/AP/picture alliance

Rossiya iqtisodiyoti «og‘ir kunlarni» boshdan kechirmoqda, Moskva esa Ukrainaga davom etayotgan bostirib kirishi uchun Yevropa Ittifoqi kiritgan sanksiyalar tufayli o‘zining harbiy-sanoat kompleksini moliyalashtirish uchun pul yo‘qotmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 27 avgust, chorshanba kuni chop etilgan Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketi ustida ishlashni davom ettirayotganini qayd etdi. Kallasning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasining «soya floti»ga qarshi oldingi cheklovlar «Rossiyaning Boltiq va Qora dengizlar orqali neft tashishdan keladigan daromadini bir hafta ichida 30 foizga qisqartirdi». 

«Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Rossiya milliardlab dollar yo‘qotdi. Bu mablag‘lar endi Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirish uchun mavjud emas», deb davom etdi Kallas.

Mavzuga oid