Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston uchun 4 ta asosiy tahdid va chegaralarni qo‘riqlayotgan Bayraktar – DXX raisi hisoboti
DXX raisi Bahodir Qurbonov Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida chegara bo‘linmalari va aeroportlar xavfsizligini ta’minlash tizimidagi yangiliklar bilan tanishtirdi. Shuningdek, O‘zbekiston uchun tahdid sifatida ko‘rilgan 4 ta masalani ko‘tardi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov 13 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida o‘tgan yilgi yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan hisobot berdi.
Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev sakkiz yil oldin qabul qilingan mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ta’kidlagan.
«Yangi mudofaa doktrinasi mamlakatimizning hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishi, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishi, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategik harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi qayd etildi», – deyiladi «O‘zbekiston 24» telekanalida ketgan reportajda.
DXX raisi bugungi kunga kelib davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangani, 1117 kilometr optik tolali aloqa liniyasi tortilganini aytib o‘tgan.
«Chegara bo‘linmalari zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlandi. Bayraktar uchuvchisiz uchish apparatlari bilan butlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovar navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Jangovar tayyorgarlik tadbirlari intensivligi va sifat ko‘rsatkichlari oshirildi», – deydi Qurbonov.
Shuningdek, xalqaro aeroportlarni qo‘riqlash vazifasi DXXga yuklanib, «Lochin» brigadasi qayta tashkil etilgan. Qisqa vaqtda ushbu brigadaning qurol-aslahalari to‘liq yangilanib, 100 ga yaqin texnika almashtirilgan. Toshkent va «Toshkent Humo» aeroportlarini qo‘riqlash bo‘yicha nazorat-patrul guruhlari asosida yangi tizim joriy etilgan. 2026 yilda ushbu samarali amaliyot O‘zbekistonning barcha aeroportlarida qo‘llanadi.
Bahodir Qurbonov bugungi kunda yuzaga kelayotgan asosiy tahdidlar va ularga qarshi kurash bo‘yicha ham ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston uchun quyidagi to‘rt asosiy tahdid mavjud:
Terrorchilik xurujlari
DXX raisi ma’lum qilishicha, 2026 yilda O‘zbekistonda va xorijda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 11 ta teraktning oldi olingan. Ularga aloqador 11 nafar markaziy osiyolik shaxsning destruktiv faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Davlat chegarasi orqali transchegaraviy tahdidlar
Narkotrafik, qurol-yarog‘, tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishi ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. DXX raisiga ko‘ra, davlat chegarasini mustahkamlashga oid tadbirlar natijasida chegara buzuvchilar soni bir yarim baravar kamaygan va tovar-moddiy boyliklarini qo‘lga olish ko‘rsatkichi 20 foizga oshgan.
Giyohvandlik moddalari aylanmasi bilan bog‘liq tahdidlar
Bu muammo ham kuchayib bormoqda. Xususan, 2024 yilda 1 tonna 700 kilogramm giyohvandlik vositasi aniqlanib, noqonuniy muomaladan olingan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 3 tonna 600 kilogrammga oshdi. Qo‘lga olinganlar soni 2600 dan 4500 nafarga, faoliyatiga chek qo‘yilgan yashirin narko-laboratoriyalar 8 tadan 15 taga yetdi.
Yana bir masala, yoshlar orasida sintetik giyohvand vositalarini iste’mol qilish bilan bog‘liq. 2025 yil davomida 180 kilogrammdan ziyod sintetik vositalar, 1 million donadan ortiq psixotrop moddalar qo‘lga olingan.
Korrupsiya tahdidi
Bu muammoni bartaraf etish yo‘nalishida davlat tuzilmalarida mansab vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, tamagirlik qilish va boshqa turdagi korrupsion jinoyatlarga qo‘l urish holatlari hamon saqlanib qolmoqda. 2025 yilda davlat idoralarining korrupsiya va boshqa jinoyatlariga aloqador bo‘lgan 1083 nafar xodimi tizimdan chetlatilgan, 661 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Mavzuga oid
15:54 / 15.01.2026
«Barcha dron operatorlari jangovar vazifani bajarishga tayyor» – O‘zbekiston mudofaa vaziri
15:51 / 13.01.2026
«Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi» – prezident Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida
21:02 / 25.07.2025
Tal’at Valiyev Xavfsizlik kengashidagi lavozimidan ozod etildi
20:39 / 29.05.2025