O‘zbekiston | 12:00 / 05.01.2020
13373
4 daqiqa o‘qiladi

Takroriy ovoz berish va takroriy saylov bir-biridan qanday farq qiladi?

Bugun, 2020 yil 5 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25ta saylov okrugida takroriy ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘pchilik bugungi bo‘lib o‘tayotgan siyosiy jarayonlarni takroriy saylov sifatida baholamoqda. Aslida unday emas. Gap shundaki, qonunchilikka muvofiq takroriy ovoz berish va takroriy saylov tushunchalari bir-biridan farq qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 59-moddasiga ko‘ra, agar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi.

Takroriy ovoz berish umumiy qoidalarga rioya etilgan holda ikki haftalik muddatda o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.

Saylov kodeksining 60-moddasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi:

  • agar saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
  • agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan bo‘lsa;
  • agar saylov okrugi bo‘yicha ko‘pi bilan ikki nomzod qo‘yilgan bo‘lsa va ulardan hech biri saylanmagan bo‘lsa o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirig‘iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25ta saylov okrugidagi 1730ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.

Ushbu okruglardagi saylovchilar soni 3 million 148 ming 921 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 95ta saylov okrugidagi 1104ta saylov uchastkasida hamda Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 587ta saylov okrugidagi 1117ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish bo‘lib o‘tadi.

Ushbu saylov uchastkalarida, deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jami 5 mingdan ortiq kuzatuvchilar ham saylovlarni bevosita kuzatmoqda.

Mavzuga oid