Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘mir sanoati: samaradorlik va tejamkorlik sari
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda. Bu borada ko‘mir qazib olish sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar, nainki tabiiy resursdan tejab-tergab foydalanish, balki aholini qattiq yoqilg‘i bilan ta'minlashga xizmat qilmoqda, deb yozadi O‘zA axborot agentligi.
Ma'lumki, O‘zbekiston ko‘mirning yirik zaxiralariga boyligi jihatidan dunyodagi peshqadam mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Angren ko‘mir koni Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik konlardan biridir. Mamlakatimizda qazib olinayotgan qattiq yoqilg‘ining 85 foizi ana shu kon hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tahlillar mamlakatimizda ko‘mir mahsulotiga bo‘lgan talab tobora o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2010 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda aholi va byudjyet tashkilotlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji 2,5 barobardan ortib ketgan. Ana shu talabdan kelib chiqib, soha korxonalarida ko‘mirni qazib olish va iste'molchilarga yetkazib berish hajmini ko‘paytirishga qaratilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Angren konida ko‘mir qazib chiqarishda zamonaviy aylanma oqim texnologiyasining amalga tatbiq etilgani sohada sarf-xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirish imkonini berdi.
Amalga oshirilgan bu kabi chora-tadbirlar samarasida ko‘mir qazib olish hajmining 3,3 million tonnadan 4 million tonnaga, iste'molchilarga yetkazib berilayotgan qattiq yoqilg‘ining 2,5 million tonnadan 3,7 million tonnagacha o‘sishiga erishilgan.
Ijtimoiy soha obektlari, aholi o‘rtasida ko‘mirga bo‘lgan talabning muttasil oshib borayotgani tizimdagi korxonalar zimmasiga yangi vazifalar yuklamoqda. Ana shu vazifalarni bajarish yuzasidan ko‘mir briketi ishlab chiqarish, aholi va ijtimoiy soha muassasalariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish masalalari tartibga solindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 dekabrdagi “Respublika aholisi va byudjyet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz aholisi va byudjyet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib beruvchi va taqsimlovchi tashkilotlar mas'uliyatini yanada oshirdi.
Mazkur qarorda ko‘mir mahsulotlari zaxiralari shakllantirilishi, ularning manzilli taqsimlanishi hamda aholi va byudjyet tashkilotlariga uzluksiz yetkazib berilishida ishtirok etadigan muassasa va tashkilotlar mansabdor shaxslarining o‘z vazifalarini sifatli hamda o‘z vaqtida bajarishiga bo‘lgan majburiyatini oshirishga qaratilgan me'yorlar belgilangan.
Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladigan, ko‘mir briketini ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalar bilan jihozlanadigan "O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyati hududiy distribyutorlik markazlari filiallari ro‘yxati ishlab chiqildi. 84 ko‘mir omborini qurish va ularni turli quvvatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda 90 gektar yer maydoni ajratish rejalashtirilgan.
Hujjatda qattiq yoqilg‘i narxini yanada pasaytirish maqsadida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati, istisno tariqasida, "O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyatiga 2017 yil 1 martgacha aholi ehtiyojlari uchun ko‘mir mahsulotlarini tashishga amaldagi preyskurant stavkalarining 50 foizi miqdorida chegirma ko‘zda tutilgan. Natijada ko‘mirning chakana narxi aholi uchun 13 foizga pasayib, tonnasi 126 ming 400 so‘mni tashkil qiladi. Aholiga sotiladigan ko‘mir narxlariga rioya qilish va ushbu mahsulot narxining asossiz ravishda o‘sib ketishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatildi.
2016 yilning 1 aprelidan buyon bir tonna qattiq yoqilg‘ining narxi 146 ming 400 so‘m etib belgilangan edi. Qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bilan bu narx 126 ming 400 so‘mgacha pasaytirildi. Ko‘mir briketlari oldi-sotdisiga ham shunday talablar qo‘yilgan bo‘lib, uning bir tonnasi 238 ming so‘mni tashkil etadi.
Ko‘mir qazib olish jarayonida qariyb 30 foiz qattiq yoqilg‘i maydalanib ketishi oqibatida chiqitga chiqariladi. Yurtimizda ishlab chiqarish, xususan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi sanoat korxonalarini tashkil qilishning har tomonlama rag‘batlantirilishi samarasida mazkur xomashyoni qayta ishlab, yangi turdagi mahsulot – ko‘mir briketini ishlab chiqaruvchilar soni ortib borayotir.
Ko‘mir briketining ixcham shaklga egaligi uni tashish, saqlash va foydalanishda qulaylik yaratadi. Qolaversa, oddiy ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘i manbalariga nisbatan uzoq yonishi, tarkibida zararli moddalarning kamligi, yonib bo‘lgandan keyin ham o‘zining birlamchi shaklini yo‘qotmasligi va boshqa afzalliklari ko‘mir briketining aholi o‘rtasida tobora ommalashishiga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining istiqboldagi rejalari ulkan. Jamoaning maqsadi iste'molchilarga sifatli ko‘mir mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirishdir. Ana shu maqsad yo‘lida hududlarda bunyod etiladigan omborlar uchun 45 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
21:42 / 21.12.2025
O‘zbekistonda 9 oyda eng ko‘p chaqaloq Samarqand viloyatida tug‘ilgan
22:17 / 17.12.2025
O‘zbekiston dunyoda sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi
19:32 / 15.12.2025
Kishi boshiga tabiiy boyliklar: Saudiyada 1 mln, Rossiyada 520 ming dollar. O‘zbekistonda-chi?
18:58 / 14.12.2025