Iqtisodiyot | 16:33 / 28.10.2025
3637
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholi daromadlarining o‘sishi tezlashdi. Bu pul o‘tkazmalari oshishi bilan bog‘liq

2025 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi 8,4 foizni, jon boshiga daromadlarning real o‘sishi esa 6,3 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga eng boy va eng kambag‘al hududlar o‘rtasidagi farq 3,5 baravargacha kengaydi. Aholining umumiy daromadlarida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi 21,5 foiz bo‘ldi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, pul o‘tkazmalaridagi o‘sishsiz 8 ta viloyatda real daromadlar qisqargan bo‘lardi.

Foto: Kun.uz

2025 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 825,3 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.

Hisobot davrida aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 18,4 foizni, real o‘sish sur’ati esa 8,4 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 17,9 va 7,7 foiz bo‘lgandi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 16,1 foizga (2024 yilning III choragida – 15,5 foiz), real ko‘rinishda 6,3 foizga (5,5 foiz) ko‘paydi. Natijada 2025 yilning dastlabki 9 oyida aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 21,8 mln so‘mga (17,4 mln so‘m) yetgan.

Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (52 mln 29 ming so‘m), Navoiy (32 mln 52 ming so‘m), Buxoro (25 mln 972 ming so‘m), Xorazm (22 mln 817 ming so‘m) va Toshkent (21 mln 940 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Poytaxt va 4 ta viloyatda aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi umumiy ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.

Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (14 mln 843 ming so‘m), Namangan (15 mln 832 ming so‘m) va Surxondaryo (16 mln 483 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Poytaxt va Qoraqalpog‘istondagi daromadlar farqi 3,32 barobardan 3,51 barobarga yetgan.

Aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona viloyati (13,4 foiz), Toshkent shahri (10,3 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (6,6 foiz) kuzatilgan. Aksincha Andijon (1,1 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2,2 foiz) va Toshkent viloyatida (3,3 foiz) aholining real daromadlari juda kam miqdorda o‘sgan.

Aholining umumiy daromadlari tarkibi

Hisobot davrida aholi umumiy daromadlarining katta qismi mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarni o‘z ichiga olgan mehnat faoliyatidan olingan – 33,8 foiz. Shuningdek, transfertlardan olingan daromadlar (30,2 foiz), yo‘llanma ishchilarning daromadlari (26,1 foiz) ham salmoqli ulushni egallaydi.

Transfertlardan olingan daromadlarning ulushi Farg‘ona, Andijon, Xorazm, Samarqand viloyatlarida aholi umumiy daromadlariga nisbatan 38 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida mazkur daromad turining ulushi eng past – 13,9 foiz bo‘lgan.

Xususan, aholining umumiy daromadlarida (boshqa joriy transfertlarni hisobga olgan holda) xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi 21,5 foizgacha oshgan.

Pul o‘tkazmalariga eng katta bog‘liqlik Farg‘ona, Xorazm, Andijon viloyatlarida kuzatilgan.

Pul o‘tkazmalaridagi o‘sishsiz 8 ta viloyatda real daromadlar qisqargan bo‘lardi

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahlillariga ko‘ra, pul o‘tkazmalari umumiy daromadlar o‘sishida judayam muhim omil bo‘lib qolyapti.

“Respublikadagi o‘rtacha o‘sishning qariyb teng yarmi (8,0 foiz band) pul o‘tkazmalaridagi yuqori o‘sish hisobiga shakllangan. 8 ta viloyatda esa daromadlar o‘sishining yarmidan ko‘proq qismi pul o‘tkazmalari hisobiga yuzaga kelgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich, Xorazm (78,7 foiz) hamda Samarqand (77,7 foiz) viloyatlarida hisoblanadi.

Agar pul o‘tkazmalarida o‘sish kuzatilmaganda, respublika jon boshiga umumiy daromadlar real ko‘rsatkichlarda o‘smagan, shuningdek, 8 ta viloyatda jon boshiga daromadlar real ko‘rsatkichda qisqarishi kuzatilardi. Bunda pul o‘tkazmalaridagi o‘sishsiz jon boshiga daromadlarning eng yuqori qisqarishi Samarqandda (-5 foiz) yuz bersa, Xorazm (-4,6 foiz), Surxondaryo (-4,3 foiz) hamda Andijonda (-3,1) real daromadlarning qisqarishi 3 foizdan yuqori bo‘lar edi.

Pul o‘tkazmalarisiz daromadning yuqori o‘sishi Toshkent shahrida kuzatilib, real ko‘rsatkichlarda 7,1 foizni tashkil etgan. Bu holat xizmatlar sohasida yuqori o‘sish bilan izohlanishi mumkin. Shuningdek, Farg‘ona viloyati umumiy daromadida pul o‘tkazmalarining ulushi eng yuqori hudud (umumiy daromadlarning 33,7 foizi) bo‘lishiga qaramasdan, pul o‘tkazmalaridagi o‘sishsiz jon boshiga daromadlar qisqarmagan.

Yana bir jihat, pul o‘tkazmalari daromad va iste’molni oshirishini hisobga olsak, agar pul o‘tkazmalari haqiqatan ham o‘smaganda daromadlarning qisqarishi grafikdagidan yirikroq shakllangan bo‘lar edi. Ya’ni ko‘plab viloyatlarda pul o‘tkazmalari daromadlar o‘sishini belgilovchi asosiy faktor bo‘lib, ahamiyati so‘nggi yillarda oshib bormoqda”, deya yozdi iqtisodchi.

Mavzuga oid