O‘zbekiston | 09:42 / 10.10.2022
2476
2 daqiqa o‘qiladi

Valensiyada Samarqand shahrida turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan forum tashkil etiladi

Madridda Ispaniyadan Samarqandga sayyohlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston elchixonasida YuNeSKO «Ipak yo‘li» dasturi Ispaniyadagi prezidenti Xose Mariya Chikiyo Barber bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Muloqot chog‘ida mamlakatda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi. Samarqanddagi eshkak eshish kanali bo‘yida barpo etilgan yirik «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm majmuasi ishga tushirilishi alohida ta’kidlandi. Majmua hududida 8 ta mehmonxona, shundan ikkitasi besh yulduzli, ikkitasi 4 yulduzli, to‘rtta butik mehmonxonalar, kongress-xoll va «Abadiy shahar» barpo etilgan.

Mamlakat sayyohlik salohiyatini oshirish va yangi Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida 1 oktyabrdan boshlab «ochiq osmon» rejimi joriy etilgani qayd etildi.

Xose Mariya Chikiyo Barber sayyohlar uchun yaratilgan yangi va qulay sharoitlar, Samarqand shahrida yaratilgan zamonaviy infratuzilma mamlakatga turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini ommalashtirish maqsadida noyabr oyida Valensiya shahrida Ispaniya yirik turkompaniyalari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Samarqand shahrida turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan forum tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid