Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bu jamoa bilan yo‘lim tugadi – Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 bilan xayrlashdi
Bosh murabbiy Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘ldi va jahon chempionatida top-16 jamoa qatoriga kirishga erishdi.
Foto: UFA
O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Qatarda o‘tkazilayotgan jahon chempionati 1/8 finalidan o‘rin olgan Italiyaga (2:3) qarshi o‘yindan keyin muxlislarga murojaat qildi.
«Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi. Bu yo‘l men uchun shunchaki ish emas edi — bu sharaf, mas’uliyat va Alloh bergan sinov bo‘ldi. Uch yil davomida biz bu jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar bilan yonma-yon bordik. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham birga edik», deb yozdi murabbiy.
Islombek Ismoilov shu yilning aprel oyida O‘zbekiston U17 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lganini esladi.
«Osiyo chempionligi — bu avlodning matonati va mehnati. 2025 yilda Osiyo chempioni bo‘lish — bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi. Hech qachon unutmayman: har bir mashg‘ulotda, har bir turnirda biz O‘zbekiston bayrog‘ining sha’nini himoya qildik. Har bir o‘yin oldidan bitta fikr bo‘lardi: Bu Vatan uchun jon fido», deb yozdi murabbiy.
Uning ta’kidlashicha, murabbiy sifatida bir narsaga qat’iy amal qildi: adolat va halollik.
«Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishchiligini emas, faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Shu qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland», deb yozdi murabbiy.
Islombek Ismoilov so‘zining yakunida o‘zini qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga, O‘FA rahbariyatiga, yordamchilariga, futbolchilarga minnatdorlik bildirdi.
«Bu yakun — bir eshikning yopilishi emas. Bu yangi bosqichning boshlanishi. Bugun mening yo‘lim bu jamoa bilan tugadi», deb yozdi murabbiy.
Mavzuga oid
11:32 / 02.12.2025
Islombek Ismoilov «Neftchi» bosh murabbiyligiga tayinlandi
19:26 / 18.11.2025
O‘zbekiston o‘smirlari Italiyaga yutqazib, jahon chempionatini tark etdi
22:56 / 15.11.2025
O‘zbekiston o‘smirlari jahon chempionati 1/8 finaliga chiqdi
22:47 / 11.11.2025