O‘zbekiston | 16:41 / 21.05.2018
23121
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspert nima uchun O‘zbekistonda AES qurilishi kerakligiga izoh berdi

Elektr energiyasi bo‘lmasa, sanoatda jadal rivojlanish bo‘lmaydi, butun mamlakat aholisining elektr energiyasiga kun sayin oshib borayotgan ehtiyojini qondirish uchun esa Atom elektr stansiyasi (AES)ni qurish eng to‘g‘ri tanlov bo‘ladi va odamlarimiz buni juda yaxshi tushunishadi. Ekspert, "Ma'no" tadqiqotchilik tashabbuslari markazi rahbari Baxtiyor Ergashev Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan X Xalqaro Atomekspo forumi doirasida KUN.UZ muxbirining jamoatchilik AES qurilishini qanday qabul qilishiga doir savoliga shunday mazmunda javob berdi.

"Xalqimiz O‘zbekiston juda muhim chaqiriq oldida turganini yaxshi biladi, bu sanoatni jadal rivojlantirish siyosatining amalga oshirilishidir. Buning uchun esa elektr energiyasi zarur. U bo‘lmasa, bizning sanoatni rivojlantirish bilan bog‘liq rejalarimiz chippakka chiqadi. O‘zbekistondagi uy xo‘jaliklarida yil sayin maishiy elektr jihozlari soni oshib bormoqda - muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pechlar va h.k. Odamlar tobora ko‘proq elektr jihozlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishmoqda, shunday ekan, elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham oshib boradi. Sanoat tomonidan talab oshmoqda, o‘sib borayotgan uy xo‘jaliklari tomonidan talab oshmoqda. O‘zbekistonda demografik o‘sish kuchli, bizda yangi oilalar juda ko‘p, tabiiyki talab ham shunga yarasha. Barchasining ehtiyojini qondirish uchun esa bizga elektr energiyasi kerak", - deydi ekspert.

Ekspert: Baxtiyor Ergashev
Foto: Maqsad Jangirov

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ishbilarmonlari ham AES qurilishi tarafdori bo‘ladi. Nima uchun deysizmi?

"Ishbilarmonlar elektr energiyasi yetishmovchiligi sabab o‘z mahsulotlari bahosini oshirishga majbur bo‘lishadi. Elektr energiyasi yetishmaganidan keyin ular generator qo‘yishlariga to‘g‘ri keladi. Generator esa o‘z-o‘zidan mahsulot tannarxini oshiradi. Mintaqada faoliyat yurituvchi deyarli har bir ishbilarmon elektr energiya tanqisligi muammosiga duch keladi - yo tunda, yoki kunduzi, ba'zan esa hatto 24 soat elektr energiyasi bo‘lmaydi. Mintaqalardagi barcha ishbilarmonlarning asosiy muammolaridan biri - to‘xtovsiz elektr energiyasiga ega bo‘lish. Biror mintaqa bu bilan maqtana olmaydi. Shunday ekan, biznes, ayniqsa mintaqaviy biznes AES qurilishi uchun ovoz beradi. Xuddi shunday har qanday uy xo‘jaligi boshlig‘i ham AES qurilishidan manfaatdor".

Baxtiyor Ergashevning aytishicha, hozirgi shart-sharoitlarda AES qurilishi jiddiy qadam va yagona to‘g‘ri qarordir. Umuman olganda, bu yo‘nalishda O‘zbekistonda juda ko‘p ishlar qilinmoqda - gidroelektroenergetikani rivojlantirishga doir butun bir dastur qabul qilindi, ko‘plab GESlar quriladigan va modernizatsiya qilinadigan bo‘ldi. 

"Ha, bu elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshiradi, biroq bu dengizga tomchi kabidir. Ha, O‘zbekiston muqobil elektr stansiyalari, ayniqsa quyosh elektr stansiyalari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi, biroq bu kam", - deya izohlaydi Ergashev.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda aksariyat elektr energiyasi gazda ishlovchi issiqlik elektr stansiyalaridan keladi. Biroq gaz zaxiralari cheklangan. Shuning uchun gaz yoqish orqali elektr energiyasini olish butun bir ishlab chiqarish zanjiri bahosini oshiradi, zero gaz narxi ikki baravarga qimmatlashgan bo‘ladi.

"Shunday ekan, O‘zbekistonda rivojlanayotgan elektr energetikasi tizimini bizda yetarlicha bo‘lgan uranda ishlovchi AES bilan to‘ldirishimiz kerak", - deydi ekspert.

Bu qanchalar xavfsizligiga doir savolga esa Baxtiyor Ergashev quyidagicha javob berdi:

"Albatta, Fukusima, Chernobil sindromlari bo‘lgan, bor va bo‘ladi ham. Biroq hozirgi "3+" avlodi reaktorlarida o‘tmishdagi barcha xatolar hisobga olingan. Fikrimcha, har bir avlod bilan xavfsizlikni ta'minlashga doir ishlar oshib boradi. Chernobil reaktorlari bir konturli edi, hozir esa ikki konturli reaktorlar qo‘llanilmoqda va hatto uch konturli reaktorlar ham bor. U halokatli hodisalardan keyin yadroviy energetika oldinga katta qadamlar qo‘ydi. Xavfsizlikni ta'minlashga doir ishlar faol olib borilmoqda, zero yo‘l qo‘yilgan xato imidjga katta zarba hisoblanadi", - deydi Ergashev.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid