Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rasman. Kannavaro – O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi
Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga tayyorlaydi.
Foto: O‘FA
Italiyalik 52 yoshli mutaxassis Fabio Kannavaro rasman O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 3 karra Jahon chempionati ishtirokchisi, 2006 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, yaqin o‘tmishning eng yaxshi himoyachilaridan biri, taniqli mutaxassis – Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzdi.
Italiyalik murabbiy jamoamizni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi», – deyiladi O‘FA bayonotida.

Murabbiylar shtabida Kannavaroga quyidagi mutaxassislar yordam beradi:
- Aujyenio Albarella – yordamchi murabbiy (Yaponiya milliy jamoasi, «Yuventus», «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da ishlagan);
- Troize Fransesko – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy («Benevento», «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da faoliyat yuritgan);
- Antonio Kimenti – darvozabonlar murabbiyi (Italiya yoshlar jamoasi, «Sampdoriya» va «Spal» klublarida ishlagan).
O‘FA xabarida yangi jamoa bilan shartnomaning boshqa tafsilotlari keltirilmagan, xususan, shartnoma muddati va moliyaviy jihatlari noma’lumligicha qolgan. Oldinroq rus nashrlarida Kannavaro va shtabining yillik maoshi miqdori 4 mln yevro atrofida bo‘lishi haqida xabar tarqalgandi.
Hozircha milliy jamoani 2025 yil yanvaridan buyon boshqarib turgan Timur Kapadzening keyingi faoliyati noma’lum bo‘lib turibdi, manbalar u yangi shtabdan o‘rin olishi haqida xabar tarqatgan.
Ma’lumot uchun, Kannavaro futbolchi sifatida Italiyaning qator klublarida, xususan, «Napoli», «Inter» va «Yuventus»da to‘p surgan, 2006-2009 yillarda Madridning «Real» klubi a’zosi bo‘lgan. U 2006 yilgi jahon chempionatida Italiya milliy jamoasi bilan g‘olib chiqqan, o‘sha mavsum yakunida «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritgan. U hozirgacha ushbu mukofotga ega chiqqan yagona himoyachi bo‘lib qolmoqda.
Ammo uning murabbiylik faoliyati u qadar yorqin kechmagan. Uning dastlabki ish joyi Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubi bo‘lgan (2014-2015), keyinroq Saudiya Arabistonining «An-Nasr» (2015-2016), Xitoyning «Tyanszin» (2016-2017), «Guanjchou» (2017-2021) klublarida ishlagan, 2019 yilda bir muddat Xitoy milliy jamoasini boshqargan, so‘ngra Italiyaning «Benevento» (2022-2023) hamda «Udinize» (2024) klublarida faoliyat yuritgan. So‘nggi ish joyi Xorvatiyaning «Dinamo» Zagreb klubi bo‘lib turgandi. U 2024 yil dekabrida ushbu jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan, ammo 2025 yil aprelida qoniqarsiz natijalar tufayli iste’foga chiqarilgan edi.
Mavzuga oid
12:06 / 25.11.2025
Fabio Kannavaro va Mirjalol Qosimov JCh–2026 qur’asi marosimida ishtirok etadi
01:06 / 19.11.2025
Omadim bor ekan, juda aqlli o‘yinchilarga egaman – Fabio Kannavaro
16:59 / 16.11.2025
«Uyga vazifa». Fabio Kannavaro futboli haqida 5 mulohaza
23:59 / 14.11.2025