Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Omadsiz “tadbir” yoxud birovga choh qazisang o‘zing tushasan: IIB boshlig‘ining fitnasi o‘ziga qarshi ishladi
Farg‘ona viloyati Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova uchun 2025 yilning 17 apreli dahshatli kunga aylangan. U YTHga uchragan turmush o‘rtog‘ini davolatishga o‘sha kuni tanishi, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘idan qarz so‘rab boradi. Bu soliq idorasi rahbari bilan o‘zaro adovati bo‘lgan Furqat tumani IIB boshlig‘iga qulay fursat edi: IIB xodimlari amaldor va direktorni go‘yoki “ushlab olganday” kaltaklashga tushadi, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olishadi. Ammo reja puxta o‘ylanmagan chog‘i, ayolning kutilmagan qat’iyati hammasini ostin-ustun qilib yubordi.
Furqat tumanidagi maktablardan birining direktori bo‘lgan 34 yoshli Gulira’no Qosimova tuman soliq inspeksiyasi va IIB boshliqlarining o‘zaro adovati qurboni bo‘ldi: IIB xodimlari ayolning sha’ni va qadr-qimmatini toptab, yerga qorishtirib tashlashdi. Direktor o‘zi bilmagan holda Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev tomonidan tuman soliq inspeksiyasi rahbari Qurbonali Abdurahmonovga qo‘yilgan “tuzoq”qa tushib qolgandi.
“Bir to‘da xodimlar qarshisida qip-yalang‘och edim”
2025 yil 17 aprel. Bu sana Gulira’no Qosimova uchun dahshatli kun bo‘lgan.
Direktor o‘zining tanishi, Furqat tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovdan YTHga uchragan turmush o‘rtog‘ini davolatish uchun qarz so‘rashga boradi. O‘sha paytda bir guruh IIB tezkor xodimlari to‘satdan paydo bo‘lib, direktor va amaldorni qip-yalang‘och qilib yechintirgan holda do‘pposlay ketishdi:
“Furqat tumanidagi 29-maktabda direktor bo‘lib ishlayman. Furqat tumani Ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev bilan tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov o‘rtasidagi mojaro qurboni bo‘ldim. Haqiqatan ham Qurbonali aka bilan avvaldan tanishman. U kishi bilan birga ishlaganmiz.
Turmush o‘rtog‘im avtohalokatga uchrashi oqibatida o‘ng qo‘lidan jiddiy jarohat olgandi. Operatsiyasi uchun hammadan pul so‘rab yurgan vaqtim edi. Shifokorlarning sa’y-harakati bilan qo‘li saqlab qolindi. Ammo ko‘rikdan o‘tganimizda zudlik bilan qayta operatsiya qilinishi zarurligini, bu gal nervlarni ulash kerakligi, aks holda qo‘l qurib qolishini aytishdi.
Ko‘pchilikdan pul so‘radim. Oktyabr oyida avariya bo‘lgan bo‘lsa, birinchi operatsiyasini o‘tkazgan edik. Shu tariqa ikkinchi operatsiyasi uchun mablag‘ zarur bo‘ldi. Qurbonali akadan yordam so‘radim. Bu haqda turmush o‘rtog‘imning ham xabari bo‘lgan.
Qurbonali aka bilan uchrashib qarz so‘rab turgan vaqtimda fuqarolik kiyimida xodimlar paydo bo‘ldi. Ular ikkimizning kiyimlarimizni yirtishib, urib-do‘pposlashdi. Qip-yalang‘och qilishdi. Bir to‘da erkaklar qarshisida ojiz qoldim, xo‘rligim keldi. Nimalar bo‘layotganini anglolmay qolgandim”.
“Xotiningni boshqasi bilan ushlab oldik”
Yalinib-yolvorishiga qaramay Gulira’noning ko‘ylaklari yirtiladi, qip-yalang‘och qilib yechintirilib, xodimlar tomonidan ayovsizlarcha tahqirlanadi. Unga qo‘shib soliq idorasi boshlig‘i ham kaltaklanib, yechinishga majbur etiladi. Bu orada qo‘lida telefon kamerasini yoqib olgan xodimlar paydo bo‘ladi va go‘yoki jinsiy aloqa qilayotgan erkak va ayolni ushlab olganday holatni tasvirga tushira ketishadi. Qo‘lida qog‘oz va ruchkasi tayyor turgan xodimlardan biri Gulira’no Qosimovani “Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov meni jinsiy aloqa qilishga majburladi”, qabilida ariza yozib berasan, deya majburlashga tushadi. Ammo ularning urinishlar besamar ketadi, maktab direktori bundan bosh tortdi.
“Xo‘jayevning xodimlari ssenariylari asosida kiyimlarimizni yechib, s’yomka qilib, urib, kameraga qarab soliqning boshlig‘i meni majburlab, jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb aytasan deyishdi. Hech qanday aloqa bo‘lgani yo‘q, bu narsalarni gapirmayman, men birovga tuhmat qilmayman, dedim qat’iy turib.
Ularning aytganlarini bajarmadim. Endi xodimlar turmush o‘rtog‘imni o‘rtaga qo‘shishdi, unga xotiningni boshqasi bilan ushlab oldik, deb aytamizga o‘tishdi. U yerdagi atay tashkil qilingan sahnani tasvirlab bera olmayman. Chunki O‘zbekistonda bunday voqea bo‘lishiga ishonmagan bo‘lardim. IIB xodimlari, bizning tinchligimni saqlab beradigan odamlarning o‘zi bu darajada pastkashlikka borishiga ishonmagandim”, deydi Gulira’no Qosimova.
Puxta ishlangan “tuzoq”
Aslida bularning barchasi avvaldan rejalashtirilgan “shou” edi. Tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev soliq inspeksiyasining boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov bilan tortishib qolgan, uni lavozimidan ag‘darish uchun payt poylab yurgandi. Maktab direktorining raqibi bilan uchrashib qolgani IIB boshlig‘i uchun ayni muddao bo‘ladi. Qizig‘i, IIBga holat bo‘yicha xabar berish vaqtlarida ham “jumboqlar” mavjud.
“IIB tezkor xodimlari avvaldan ssenariy tuzishgan, soliqning boshlig‘i meni majburlab jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb yozib berishimni kutishgandi. Ularning asl maqsadi soliq “kattasi”ni ishdan bo‘shatish va qamash bo‘lgan. Lekin xodimlar maqsadiga erisha olmadi. Men ular xohlagan gapni aytib bermadim.
IIB boshlig‘i va soliq rahbari avvaldan tortishib qolgan, xodimlar qulay payt poylab Qurbonali akani kuzatib yurishgan ekan. Qurbonali akaning yoniga borib qolganim ular uchun ayni muddao bo‘lgan.
IIB navbatchilik qismiga “ushlanib qolganimiz” haqida ham xabar berilgan. Bunda ham qiziq chalkashliklar bor. IIBga soat 16:58 da olib kirilyapman majburan. Go‘yoki do‘kon sotuvchisi men bilan soliq boshlig‘ini ko‘rib qolibdi-da, soat 17:21 da 102 ga xabar beryapti. Bu yerda qani mantiq?!


Endi yana ham qiziq holatni aytib beraman: soat 17:21 da berilgan xabarni navbatchi xodim R. Yormatov soat 17:00 da qabul qilib olyapti. Keyin o‘sha asosida bizni “ushlab” chiqyapti. Vaholanki, soat 16:58 da ichki ishlarning binosida bo‘lganman. Bularning mantiqsiz, qo‘pol ravishda, hujjatlarni soxtalashtirgani odamni hayratga soladi.
IIB tezkor xodimlari biz xohlagan narsani yozib berasanmi, yo‘qmi, deyishga o‘tishdi. Yo‘q, yozmayman, birovga tuhmat qilmayman, deb qat’iy turib oldim. Gapimizga quloq solmasang eringga xotiningni ushlab oldik, deymiz deyishdi. Aytaver, ekspertiza qildirasan, haqiqatan jinsiy aloqa qilgan bo‘lsam, bo‘ynimga qo‘yib berasan, dedim. Keyin ular noilojlikdan erimni chaqirtirishdi-da, anglashilmovchilik bo‘libdi, hammasi joyida deb qaytarib yuborishdi”, deya eslaydi o‘sha kungi voqealarni Gulira’no Qosimova.
Bo‘lib o‘tgan voqealar ortidan ruhiy tushkunlikka tushgan maktab direktori o‘z joniga qasd qiladi. Ammo baxtli tasodif tufayli hayotga qaytadi. Shundan so‘ng ayol o‘zini qo‘lga olib, sha’ni, oilasi uchun bu uyushtirilgan “shou”ni ommaga oshkor qilish uchun astoydil bel bog‘laydi va bunga erishadi ham. Kamera yozuvlari esa ayol uchun qo‘l keladi: uchastka noziri A’zam Hamidjonov tanishi bo‘lgan do‘kon sotuvchisi Davlat Yusupov oldiga kelib, ayol va erkak jinsiy aloqa qilayotgani haqida 102 qisqa raqamiga xabar berasan, deb tayinlayotgani kameraga muhrlanib qolgan.

“Boshimdan o‘tgan voqealar ruhiyatimga qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Oilaliman, turmush o‘rtog‘im, 3 nafar farzandim, qaynota va qaynonam oldida, umuman olganda butun tumanda yomonotliq bo‘ldim. Garchi tuhmat qurboni bo‘lgan bo‘lsam-da odamlar buni tushunmasdi. Uyat bo‘lsa ham qaynona va qaynonamga boshimdan o‘tgan voqealarni gavdalantirish, bu ishlar aslida tuhmat ekaniga ishontirish uchun kiyimlarimni yechib, kaltak zarbidan ko‘karib ketgan tanamgacha ko‘rsatdim. Baribir bo‘lmadi, o‘z jonimga qasd qildim. Lekin shifokorlar hayotimni saqlab qolishdi.

“Uchastkavoy” A’zam Hamidjonov o‘zining avvaldan tanishi bo‘lgan do‘konchi Davlat Yusupovning yoniga borgan. Bu kamera yozuvlarida ham ko‘rinib turibdi. Davlat Yusupovning tuman prokuraturasiga bergan ko‘rsatmasidan bilish mumkinki, unga A’zam qandaydir videoni ko‘rsatib, uni 102 raqamiga telefon qilib, go‘yoki soliq boshlig‘i bir ayolni uyiga jinsiy aloqa qilish uchun olib kirib ketdi, deyishga ko‘ndiradi. Davlat Yusupov “uchastkavoy”ning senga hech narsa bo‘lmaydi, degan gaplariga ishongan va 102 ga telefon qilgan. Keyinchalik Davlat Yusupov tahdidlar ostida o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirgan bo‘lsa ham, u ichki xavfsizlik xodimining telefon raqamigacha keltirib bergan. Detalizatsiyalarda haqiqatan ham o‘sha raqam bilan Yusupov Davlat gaplashganini ko‘rish mumkin”.
Qilmish-qidirmish
Ayni paytda Furqat tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev o‘xshamay qolgan “shou”si ortidan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Akmal Xo‘jayevga Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a, b” bandlari, 141-3-moddasi (Shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi (Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi hamda 230-2-moddasi (Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi bilan ayblov e’lon qilingan.

Suvdan quruq chiqayotganlar bor
“Shou” uyushtirishda hammaslak bo‘lgan sobiq IIB boshlig‘ining o‘rinbosari va ayolni tahqirlagan tezkor xodimlar hali ham o‘z lavozimlarida ishlashda davom etmoqda. Ayolning ta’kidlashicha, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Rasulov bo‘lgan ishlarni bosti-bosti qilish uchun unga tanishlari orqali 50 ming dollargacha pul taklif qilgan.
“Meni urib tahqirlagan tezkor qidiruv xodimlari Sohib, Tohir, Yusuf, A’zam va Dilshod edi. Sohib, Yusuf, keyin bir o‘rinbosar bizni s’yomka qilgandi. U yerda bolalar inspektori ham bor edi. Uch nafar profilaktika inspektori, uch nafar tezkor qidiruv xodimi, bir nafar terrorizmning boshlig‘i G‘ayrat ismli bola ham bo‘lgan.
Sohib yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, urib, joyimdan uchirib yuborgan. Tohir sochimdan tortib kelib, yuzimni kameraga qaratgan. G‘azabni keltiradigan sahnada. Tepamda to‘rtta erkak, to‘rtta ichki ishlar xodimi turibdi. Men iltimos, chetroq turinglar, hech bo‘lmasa kiyimimni kiyib olay, ayol kishiman deyapman. Ular yo‘q, bu yerda shartni sen emas, biz qo‘yamiz deyishyapti. To‘rtta erkak menga qarab turdi, ularning ko‘z o‘ngida kiyindim.
Norozi bo‘layotganim, “shou”ni “nachalnik” tashkillashtiryapti, o‘rinbosar unga ko‘maklashyapti. Lekin ularning topshirig‘ini bajarganlar-chi? Ular javobgarlikdan chetda qolmoqda. IIB boshlig‘i va o‘rinbosari o‘z qilmishini tan oldi. Tegishli idoralardan meni shu ko‘yga solgan barcha IIB xodimlariga qat’iy chora ko‘rishlarini so‘rab qolaman.
Bu voqealardan keyin tegishli joylarga murojaat qildim. IIB boshlig‘i Xo‘jayev ishdan ketdi. O‘rinbosariga ayblov e’lon qilindi. Endi tez kunlarda sud bo‘lishi kutilyapti. Soliq idorasining boshlig‘i aybi yo‘qligi uchun ishiga tiklandi.
Endilikda esa Jasur ismli o‘rinbosar ishni bosti-bosti qilish uchun tanishlari orqali 50 ming dollargacha pul taklif qilyapti. Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov dastlab ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi, lekin 15 mln so‘m garov evaziga qo‘yib yuborilgan”, deydi ayol.
Gulira’no uni tahqirlab, do‘pposlagan “operatsiya”da qatnashgan barcha xodimlarga qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini istaydi.
Farg‘ona viloyati prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, sobiq IIB boshlig‘i va mas’ul shaxslar bo‘yicha ayblov ishi mazmunan ko‘rish uchun sudga yuborilgan.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
16:01 / 30.11.2025
Samarqandda furalarni yoqib yuborganlar qamoqqa olindi
08:20 / 29.11.2025
Farg‘onada giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
18:51 / 28.11.2025
Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov 4 yilga qamaldi
09:36 / 28.11.2025