Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampga ta’zim qilayotgan Netanyahu o‘z maqsadlariga erishdimi?
Misrda Tramp boshchiligida bir qator davlat rahbarlari G‘azoda tinchlik o‘rnatish bitimini imzolashdi. So‘nggi ikki yilda bo‘lgadagi urush harbiy to‘qnashuvdan ko‘ra ko‘proq siyosiy va mafkuraviy tus oldi. Dastlab Netanyahuning maqsadi Hamasni yo‘q qilish va asirlarni ozod etish bo‘lgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bu strategiya o‘zgarib, G‘azoni to‘liq nazorat ostiga olish, aholini ko‘chirish va hududni o‘zlashtirishga qaratildi. Natijada mojaro etnik tozalash tusini olib, mintaqaviy siyosatni tubdan o‘zgartirdi. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida sohaning yetakchi mutaxassislari G‘azodagi urush yakunlarini muhokama qilishdi.
Netanyahu G‘azo urushi oldidan e’lon qilgan maqsadlariga qanchalik erishdi?
Kamoliddin Rabbimov: Agar so‘nggi ikki yildagi mojaro va uning ijtimoiy-siyosiy oqibatlarini sotsiologik nuqtayi nazardan tahlil qilsak, bu voqea to‘laqonli urush sifatida tavsiflanmaydi. To‘laqonli urush bu ikki tomonning ham keng ko‘lamli va qarama-qarshi harbiy harakatlari, ham bir-biriga teng darajada qarshi turishidir. G‘azo misolida esa vaziyat boshqa: bir tomon Isroil, ancha ustunlikka ega bo‘lib, boshqa tomonni qamal qiladi va kuch bilan siqib chiqaradi. Boshlanishda Isroilning asosiy maqsadi Hamasni zaiflashtirish va uning harbiy salohiyatini kamaytirish edi. Dastlabki yil davomida nishon asosan Hamasga qaratildi. Keyinchalik esa strategiya o‘zgarib, G‘azoni nazorat ostiga olish, aholini ko‘chirish va hududni o‘zlashtirishga qaratilgan siyosiy intilishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Netanyahuning ba’zi bayonotlari va ommaviy chiqishlari Falastin davlatiga imkon bermaslik, G‘azoni hamda G‘arbiy Sohilni qayta tashkil etish niyatlari mavjudligidan dalolat berdi. Natijada bu harakatlarni etnik tozalash xarakteriga ega deb baholash mumkin. Isroilning blokada, bombardimon va zo‘ravonlik mexanizmlari aholini siqib chiqarish va hududiy nazoratni mustahkamlash imkonini berdi. Hamas jismoniy jihatdan katta zarar ko‘rdi va boshqaruv tizimi zaiflashdi, ammo uning mafkurasi va qarshi kurash ruhiyati butunlay yo‘q bo‘lmaydi. Hatto yetishmasa ham, yangi qarshilik guruhlari paydo bo‘lish ehtimoli yuqori. Asirlar masalasi konflikt siyosatida markaziy ahamiyatga ega bo‘lib, bu mavzu orqali har ikki tomon o‘z strategik va propagandaviy maqsadlarini ilgari suradi. Bir tomondan, Hamas asirlarni shartlar qo‘yish uchun ishlatishga urindi, boshqa tomondan, Isroil ba’zi holatlarda asirlarni ozod qilishni siyosiy ustunlikni davom ettirish bilan almashtirdi, natijada asirlar muammosi siyosiy manipulyatsiya va murosa vositasiga aylandi. Xulosa qilib aytganda G‘azodagi vaziyat to‘laqonli urush talqini bilan mutanosib emas, bu asosan bir tomonning ustunligi ostida kechgan genotsid, lekin kuchli siyosiy va hududiy oqibatlarga ega bo‘lgan zo‘ravonlik amaliyotidir. Ushbu jarayon natijasida hududiy tuzilma, aholi hayoti va mintaqaviy siyosat uzoq muddatli o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda Netanyahuning asosiy maqsadi bu G‘azoda etnik tozalash edi.
Shavkat Ikromov: O‘tgan ikki yil davomida Benyamin Netanyahuning G‘azo bo‘yicha nutqlari va siyosiy chiqishlarini tahlil qilganda quyidagi asosiy nuqtalar ajralib turadi.
Netanyahu dastlab bir necha oy davomida “asirlarni ozod qilish”ni asosiy maqsad deb takrorladi. Shu bilan birga, u Hamasni yo‘q qilish va G‘azoni “tozalash”, ya’ni uning quroliy va siyosiy salohiyatini yo‘qotish niyatini bildirdi. Vaqt o‘tishi bilan ritorika va amaliy strategiya o‘zgarishi kuzatildi. Boshlanishda nishon asosan Hamasga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik maqsadlar kengayib, G‘azoni harbiy va siyosiy jihatdan nazorat qilish, aholining harakatlanishini cheklash va hududiy strukturani o‘zgartirishga yo‘naltirildi. Bunday harakatlar blokada, kuch ishlatish, infrastrukturani vayron qilish va aholini siqib chiqarish shaklida namoyon bo‘ldi. Ba’zi nutqlarda aholini ko‘chirish haqidagi fikrlar etnik tozalashga ishora qilardi. Lekin, Isroilning siyosiy va harbiy elitasi G‘azo kabi zich aholi yashaydigan mintaqani to‘liq nazorat ostiga olishning amaliy va logistik cheklovlarini avvaldan yaxshi bilgan.
Isroil harbiy operatsiyalari Hamasning infratuzilmasiga va harakatlanish erkinligiga katta zarba berdi. Biroq g‘oya va mafkura jihatidan Hamasni butunlay yo‘q qilish imkoni yo‘q. Hatto jismoniy jihatdan zaiflashsa ham, unga o‘xshash guruhlar paydo bo‘lish ehtimoli mavjud. Urushdan oldin Hamasning ommaviy qo‘llab-quvvatlanish darajasi pastroq (taxminan 27–30% atrofida) bo‘lgan. Urush boshida qo‘llov darajasi ortdi, ko‘pchilik Isroilga norozilik kayfiyati va g‘azabini ifodalovchi yagona kuch sifatida murojaat qildi. Keyinchalik 2025 ga kelib qo‘llab-quvvatlash darajasi yana pasayganligi qayd etildi. Bu o‘rganishlar aynan G‘azo ichkarisidagi tadqiqotlarga asoslangan. Ijtimoiy, iqtisodiy va kundalik hayotning asoratlari
G‘azoda uzoq muddatli blokada va cheklovlar natijasida ta’minot, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlari keskin zarar ko‘rdi. Hududda harakatlanish cheklangan, resurslar yetishmaydi, elektr ta’minoti uzilib turadi, bu holat aholining chidamliligini pasaytirib, norozilikni kuchaytirdi.
Ushbu mojaro davomida 68.000 ga yaqin insoniy yo‘qotishlar yuz berdi. Menimcha, bu yo‘qotishlar uchun nafaqat Isroil, balki Hamas ham javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi lozim. Shu bilan birga, siyosiy maqsadlar va harbiy strategiyalar natijasida keng ko‘lamli insoniy falokatlar yuzaga keldi. Netanyahuning strategik maqsadlari ba’zi jihatlarda amalga oshdi, Hamasning harbiy salohiyati juda zaiflashdi. Ammo Hamasning mafkurasi butunlay yo‘q bo‘lishi ehtimoli kam va G‘azoda yangi norozilik va qarama-qarshi guruhlar paydo bo‘lish xavfi saqlanib qoladi. Shuningdek, hududiy va demografik o‘zgarishlar mintaqaning kelajagiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi.
Hamid Sodiq: Urush nazariyasi bo‘yicha mashhur olim Karl fon Klauzevits ta’kidlaganidek, urush boshidagi maqsad bilan oxiridagi natija bir-biriga mos kelmasa, bu rahbar uchun halokatli holatdir. Aynan shunday vaziyatni bugun Netanyahu boshidan kechirdi. Urushning boshida u asirlarni ozod qilish va Hamasni yo‘q qilishni asosiy maqsad deb e’lon qilgan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu maqsadlar o‘zgardi, natijada urushning siyosiy va harbiy yo‘nalishi izdan chiqdi. Shu bois Netanyahuga bu urushda ustunlik bergan holda baho berish qiyin. Hamasni “boshsizlantirish” masalasiga kelsak, bu harakatning o‘ziga xosligi shundaki, u rahbarsiz ham faoliyat yurita olishini ko‘rsatdi. Ichki tizimi shunday shakllanganki, yetakchilar o‘ldirilsa yoki yo‘qotilsa ham, yangi rahbarlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Bu tizim oddiy davlatlar byurokratiyasiga o‘xshamaydi. Aynan shu sababli zamonaviy davlatlar bunday harakatlarga qarshi kurashda zaiflik namoyon etmoqda. Masalan, AQSh Vetnamda, yoki Saudlar Husiylarga qarshi yoki NATO kuchlari «Tolibon» bilan kurashda ham xuddi shunday muammoga duch kelgan edi. Dushman kimligini aniq bilmaydi, u yer ostida yashaydi, doimo qayta shakllanadi. G‘azo hududining o‘zi juda murakkab siyosiy tuzilishga ega. Atigi 40 ga 12 kilometr bo‘lgan bu joyda 3 million atrofida aholi yashaydi, bu Qatarning aholisidan ham ko‘p. Hudud kichik bo‘lsa-da, ichida turli guruhlar mavjud, Hamasdan tashqari jinoiy to‘dalar, Fath harakatining kichik qurolli qanotlari, hatto Isroil bilan yashirin hamkorlik qiluvchi mahalliy kuchlar ham bor. Demak, G‘azo faqat Hamasdan iborat emas. Bu yerda siyosiy raqobat va ichki ziddiyat mavjud. Agar bir guruhni 100 foiz aholi qo‘llasa, bu xavfli holat va bu diktaturaning belgisi. Demak, Hamasni 50 foiz bo‘lsa ham g‘azoliklar qo‘llab-quvvatlayotgani bu uning zaifligi emas, balki siyosiy hayot mavjudligidan dalolat. Chunki bu raqam demokratik nuqtayi nazardan sog‘lom raqobatni bildiradi. Hamas G‘azoda to‘liq nazorat o‘rnatgan bo‘lsa-da, bu nazorat zo‘ravonlik yoki qo‘rquv orqali emas, balki muayyan darajada saylov va balans orqali shakllangan. Xulosa qilib aytganda, G‘azo hududi oddiy harbiy mojarolarni emas, balki murakkab siyosiy va mafkuraviy kurashni aks ettiradi. Netanyahu Hamasni yo‘q qilishga urinib, uni zaiflashtirdi, ammo butunlay tugata olmadi. Hamas rahbarsiz ham yashay oladigan tizimga ega, bu esa uni yo‘qotishni imkonsiz qiladi. Shu sababdan G‘azo urushi na an’anaviy harbiy g‘alaba, na aniq siyosiy yechim keltirdi. U faqat yangi va yanada murakkab bosqichni boshlab berdi.
Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:41
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
14:46 / 17.12.2025
🔴 LIVE: “Rossiyaning beshta talabi bor” – Ryabkov | "Geosiyosat"
17:55 / 16.12.2025
Ukrainada sulh va saylov ehtimoli ortmoqda - siyosatshunoslar
14:44 / 16.12.2025