Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Assalomu alaykum” bo‘lmaguncha, ruxsat berishmaydi - tadbirkor qurilishdagi korrupsiya haqida
Toshkentda qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy “xarajatlar” bitta uy uchun 200 ming dollargacha yetishi mumkin, deya ma’lum qildi tadbirkor Usmonjon Abdusamatov. U davlat organlari tomonidan arizalar qayta-qayta rad etilishi, “assalomu alaykum” bo‘lganidan keyingina ruxsat berilishini aytib, asossiz rad javobi beradiganlarga chora ko‘rishni so‘radi.
Savdo-sanoat palatasi efiridan kadr
29 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda so‘z olgan quruvchi Usmonjon Abdusamatov ruxsatnomalar olish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish vaqtidagi korrupsiyadan shikoyat qildi.
“Ko‘p joyda muammo bo‘lyapti. Misol uchun, men yashaydigan hududda yer 100 ming dollar turadi. Shunga bitta taklif. Xufiyona iqtisodiyotga buning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri bor. “Dom” qurilishiga yer sotib olamiz-da, u yerning narxini kirita olmayapmiz, haqiqiy narxini. Shunga bu tizimga kiritish kerak bo‘ladi. Har bitta hududning narxi bor. Masalan, bir sotix yer uchun Mirzo Ulug‘bek tumanida 100 ming dollar, Sergeli tumanida 40 ming dollar, Chorsu hududida 50 ming dollar narxni kiritib, to‘g‘rilab qo‘yish kerak. Buning kvartiraga keyinchalik ta’siri bor”, – dedi tadbirkor.
Abdusamatovning so‘zlariga ko‘ra, muammolar sotib olingan yerga ruxsatnoma olish bosqichidanoq boshlanadi.
“Yerni sotib oldik. Ana endi ruxsatnoma olish kerak. Ruxsatnomaga “zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. “Zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. Toki haligi manziliga borib, “assalomu alaykum” bo‘lmaguncha (tadbirkor qo‘li bilan pul sanash ishorasini qiladi – tahr.). To‘g‘ri gapni gapirishimiz kerak. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri ertangi xarajatimizga ta’sir qilyapti. Misol uchun, bitta uyni 500 ming dollarga ko‘tarayotgan bo‘lsak, kimgadir 50 ming, kimgadir 100 ming, kimgadir 20 ming bo‘lib, u o‘sha joyga minib qolyapti”, dedi u.
Quruvchi mutasaddilardan arizalarning asossiz rad etilishiga qarshi chora ko‘rishni so‘radi.
“Mana bu odam kompyuterda o‘tiribdi, men ariza tashladim, „otkaz“ bosdi. Javob bersin: nimaga „otkaz“ bosdi? Shuni javobgarlikka tortish chorasini ko‘rish kerak. Nimaga sen 5 marta „otkaz“ qilgandan keyin, 6-safarda ma’qullading? O‘sha ariza, o‘sha ariza. O‘sha korxona, o‘sha korxona.
Keyin, kadastr to‘g‘risida hozir gapirishdi. Nima uchun kadastr? Biz ariza tashlaganimizdan keyin, yer sotib oldik. Kadastr hujjat yig‘indisini qilib, arxitekturaga chiqarib yuboradi. Shu jarayonda ham kadastr juda katta muammo qilyapti. Mening o‘zimning korxonalarimda 10 martalab qaytib kelgan arizalar bor. O‘sha arizalarni qaytargan odamlarga qandaydir jazo chorasi qo‘llash kerak”, dedi Abdusamatov.
Tadbirkor Toshkentda ruxsatnomalar olish va kadastr reyestridan o‘tish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar har bir uy uchun 200 ming dollar, Toshkent viloyatida esa 100 ming dollargacha yetishi mumkinligini da’vo qildi.
U mana shu “xarajatlar” yo‘q qilinsa, bu pullarni soliqqa to‘lashga tayyorligini bildirdi.
Vazirlik munosabati
3 sentabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tadbirkorning ushbu e’tirozlariga munosabat bildirdi.
“Birinchidan, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emas.
Bunda jismoniy va yuridik shaxslar har qanday shaharsozlik hujjatlarini faqatgina my.gov.uz elektron portali hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. Ushbu jarayonlarda jismoniy yoki yuridik shaxs hamda vakolatli organ vakili o‘rtasida o‘zaro muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ikkinchidan, so‘nggi yillarda sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, inson omilini minimallashtirish va korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida qator islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etirilmoqda.
Xususan, obekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar vazirlikning “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilib boriladi.
Ushbu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar bilan aniq tartibga solingan.
Uchinchidan, hozirda qurilish sohasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu jarayon shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha ovoragarchilikni bartaraf etish hamda tadbirkorlar va aholi uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 iyuldagi PQ-236 sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2024yil 2-martdagi 149-son qaroriga binoan, Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida shaharda quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) obektlarning (bundan budjet tizimi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlar, yakka tartibdagi uy-joylar hamda nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari mustasno) jami qurilish hajmining har bir kub metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im joriy etilgan.
Ushbu yig‘im to‘liq hajmda Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi”, – deyiladi vazirlik bayonotida.
Qurilish vazirligiga ko‘ra, agar tadbirkorlar yoki fuqarolar qurilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlarga duch kelsa, vazirlik va uning hududiy tuzilmalarida tashkil qilingan komplayens bo‘limlariga quyidagilar orqali murojaat qilishi mumkin:
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ishonch telefoni: +99871-210-11-04 (1066)
- qisqa ishonch raqami: 1298
- elektron pochta: [email protected]
- korrupsiyaga qarshi murojaatlar uchun alohida manzil: [email protected]
- Telegram-bot: @QurilishKomplayensbot
Qayd etilishicha, vazirlik sohada shaffoflik, qonuniylik va ochiqlikni ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olgan va yuzaga kelayotgan barcha savollarga javob berishda hamisha ochiq.
Mavzuga oid
18:58 / 22.11.2025
Toshkentda qurilish maydonlariga ham suv sepilmoqda
15:12 / 22.11.2025
O‘zbekistonda qurilish bozori hajmi 10 oyda qariyb 15 foizga oshdi
12:04 / 22.11.2025
Ekologik qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiya faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi
15:38 / 21.11.2025