O‘zbekiston | 15:00 / 25.10.2025
2448
7 daqiqa o‘qiladi
Reklama

3-Mis boyitish fabrikasi - yangi industrial taraqqiyot sari qadam

OKMK axborot xizmati tomonidan “3-Mis boyitish fabrikasi - yangi industrial taraqqiyot sari qadam” mavzusida press-tur tashkil etildi. Press-turda markaziy nashrlar, telekanallar, radio va veb-saytlar hamda mahalliy OAV vakillari ishtirok etdi.

Press-tur maqsadi ishtirokchilarini prezidentimiz islohotlari natijasida qad rostlagan yangi 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat edi. OAV vakillariga dastlab fabrikani qurilish jarayoni xaqidagi film namoyish etildi. So‘ng Markaziy dispetcherlik boshqaruv punkti faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Fabrika direktorining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Odil Fayzullayev ta’kidlaganidek, yangi fabrikaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri - to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tatbiq etilganidir. Eng zamonaviy raqamli yechimlar va sun’iy intellektni qo‘llagan holda tizim korxonaning butun texnologik siklini - rudani siklli-oqimli tashish va uni maydalashdan tortib, boyitish, suv ta’minoti va chiqindilarni chiqindixonalarga olib ketish jarayonlarigacha qamrab oladi.

Markaziy dispetcherlik boshqaruv punktidan butun texnologik sikl ko‘rinib turadi. Energiya hisobi, ruda sarfi, suv ta’minoti va yordamchi uchastkalar ishi bo‘yicha ma’lumotlar bitta ekranga chiqaradi, shuningdek, asosiy ko‘rsatkichlarni - energiya sarfi hajmidan tortib dvigatel podshipniklarining haroratigacha ko‘rish mumkin. Bunday nazorat xavflarni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi, to‘xtab qolish ehtimolini kamaytiradi va ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi. Tizim ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini avtomatik rejimda boshqaradi va mintaqadagi yagona shunday loyiha hisoblanadi.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili yirik maydalangan ma’dan ombori bo‘ldi. Mazkur obmorning sig‘imi 320 ming tonna bo‘lib, bu yerga har biri soatiga 6,5 ming tonna ruda maydalash quvvatiga ega uchta maydalash va yuklash uzel (DPU)larida birinchi bosqich — yirik maydalash jarayonidan o‘tgan 300–350 mm gacha maydalangan ma’danlar ikkita siklik-oqimli texnologiyali (TsPT) konveyerlar orqali yetkazib beriladi.

OAV vakillari press-tur davomida fabrikaning 3-bosqich mayin maydalash korpusi (HGPR) va ma’danni tayyorlash korpusida bo‘ldi.

Fabrikaning ustun jihati – nafaqat ishlab chiqarish quvvatida, balki texnologik darajasi va avtomatlashtirish tizimlarining yuqoriligida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Majmuada dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalari mahsulotlari va texnologiyalari joriy etilgan. Masalan, yuqori bosimli HPGR maydalagichlari energiya sarfini 30 foizgacha kamaytirib, ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi.

Press-turning so‘nggi manzili fabrikaning filtrlash korpusi bo‘ldi. Ushbu ishlab chiqarish bo‘linmasida jurnalistlar mis boyitmasini suvsizlantirish va tayyor boyitmani olish jarayonini kuzatishdi.

3-Mis boyitish fabrikasi qurilish loyihasi jahonning eng ilg‘or texnologiyalari va yuqori sifat standartlarini qo‘llagan holda amalga oshirildi. U sohadagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega sanoat obektlaridan biri hisoblanadi.

Fabrika ishga tushirilishi jahon bozoridagi mis narxining o‘sish tendensiyalaridan samarali foydalanishga, O‘zbekistonning eksport daromadlarini ko‘paytirishga, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga hamda milliy iqtisodiyotda “mis klasteri”ni tizimli rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega 3-MBF nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmua bo‘lishi kutilmoqda. Fabrika yiliga 900 ming tonna yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi. 

2025 yil 30 mart kuni fabrikada ilk mis konsentrati muvaffaqiyatli ishlab chiqarilishi loyihaning bosqichma-bosqich va yuqori sifat bilan amalga oshirilayotganining yorqin isbotidir.

Bugungi Yoshlik-I konidan qazib olingan 1,3 million tonnadan ortiq ma’dan dastlab kon hududida maydalash jarayonidan o‘tkazilib, fabrikaga yetkazildi. Natijada 17 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarilib, mis eritish zavodiga yuborildi.

3-MBFning yutug‘i faqat ishlab chiqarish hajmida emas, balki jahonning yetakchi sanoat kompaniyalari texnologiyalari, avtomatlashtirish tizimlari va raqamli boshqaruv yechimlarining yagona zanjirda mujassamlashganida namoyon bo‘ladi. Bu fabrika dunyo tog‘-kon sanoatining eng ilg‘or texnika va innovatsiyalarini o‘z ichiga olgan majmua bo‘lib, O‘zbekistonni global sanoat xaritasida yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Fabrika to‘liq quvvatga chiqqach, 3 670 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirda 1 250 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Umumiy maydoni 196 gektar bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishida 23 mingdan ziyod quruvchi va mingdan ortiq maxsus texnika ishtirok etdi. Qurilish jarayonida 788 ming m³ beton quyildi, 109 ming tonna armatura, 69 ming tonna texnologik uskuna va 65 ming tonna metall konstruksiya montaj qilindi. Shuningdek, 279 ming metr texnologik quvurlar o‘rnatilib, 1,36 million metr elektr va 714 ming metr avtomatlashtirish kabellari yotqizildi.

3-MBF qurilishiga sarflangan metall konstruksiyalarga o‘nta Eyfel minorasini, temir beton sarfiga qariyb 2,5 ta Burj Halifa qurish mumkin. Bu o‘z o‘zidan 3-MBF ulkan megaloyiha ekanini yana bir bor isbotlaydi.

Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong Maxsus ma’muriy hududiga qarashli Invest Hong Kong hukumat departamenti bosh direktori Alfa Lau: "Yangi fabrika va unda qo‘llangan texnologiyalar meni hayratlantirdi. Yildan yilga rivojlanib borayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotida mazkur fabrika muhim ahamiyat kasb etadi. Kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar bizda katta qiziqish uyg‘otdi".

Shuningdek, press tur ishtirokchilari “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida fabrika hududida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borilganining guvohi bo‘lishdi. Tomchilatib sug‘orish tizimlari, eko-dizayn yechimlari sanoat va tabiat muvozanatini ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, 3-Mis boyitish fabrikasi zamonaviy texnologiyalar, raqamli boshqaruv va inson kapitali uyg‘unligining amaliy namunasidir. Bu loyiha nafaqat “Olmaliq KMK” AJ, balki butun O‘zbekiston sanoati uchun yangi bosqich va milliy iftixor timsoli hisoblanadi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid