O‘zbekiston | 12:08 / 28.10.2025
7794
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilni egasidan boshqa shaxs boshqarganda jarima ballari kimga yoziladi?

1 apreldan radarlar ham jarima ballari yoza boshlaydi. Bunda, o‘ziga tegishli avtomobilni boshqarish uchun boshqa shaxsga bergan mulkdorlar shaxsiy elektron kabinet ochib, mashinani kimga topshirayotganini ko‘rsatishi, o‘sha shaxs esa mashinani boshqarish uchun qabul qilib olganini tasdiqlashi kerak. Agar qabul qilib oluvchi buni tasdiqlamasa, radarlar qayd etgan jarima ballari mashina egasining hisobiga yoziladi (unda haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan taqdirda).

2026 yil 1 apreldan e’tiboran, radarlar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun ham haydovchilarga jarima ballari yoziladi.

Hukumat qarori bilan, jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar (ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi) asosida foydalanuvchi boshqa haydovchilar o‘rtasida taqsimlash tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra:

  • transport vositasining mulkdori tegishli axborot tizimida shaxsiy kabinet ochadi;
  • transport vositasining mulkdori transport vositasini boshqarish uchun kimgadir topshirishdan oldin, shaxsiy kabinetda uning kimligini ko‘rsatadi;
  • ko‘rsatilgan haydovchi tizimga kirib, mazkur ma’lumotlarni tasdiqlaydi.

Agar qabul qilib oluvchi shaxs buni tasdiqlamasa, jarima ballari transport vositasining mulkdori hisobiga yoziladi (uning haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan taqdirda).

Agar qabul qilib oluvchi shaxs buni tasdiqlamasa, shuningdek, transport vositasining mulkdorida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa, bunday transport vositalarida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblanadigan jarima ballari yig‘indisi 12 balldan oshganda, jarima maydonchasiga joylashtirish orqali vaqtincha ushlab turiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini hisoblash tartibi – uzoq kechikishlardan keyin – 2025 yil 1 iyundan boshlandi. Shundan buyon faqat YHX xodimi tomonidan qo‘l rejimida qayd etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima ballari hisoblab kelinmoqda.

Bu tizimda qoidabuzarliklarning yigirmaga yaqin turi uchun 0,2 balldan 2 ballgacha jarima ballari belgilangan. Xususan, tezlikni ruxsat etilganidan soatiga 20 kilometrgacha oshirib yuborganlik uchun 0,5 ball hisoblanadi. 12 oy ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi.

Hukumat qarori bilan, 2025 yil oxirigacha haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslarni qayta imtihon qilishning alohida tartibi ishlab chiqilishi belgilangan.

Mavzuga oid