Jamiyat | 17:49 / 08.01.2026
9655
4 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda tadbirkorlar mulki sud qarorisiz buzilmoqda. Shikoyatchilar bilan IIB “shug‘ullanyapti”

Guliston shahri Navoiy shohko‘chasida joylashgan yengil tipdagi savdo do‘konlari 8 yanvar kuni majburiy tartibda buzila boshlandi. Murojaatchilarga ko‘ra, buzish ishlari sud qarorisiz, kompensatsiyasiz, tezkorlik bilan amalga oshirilgan. Arzchilar IIBga olib ketilayotgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

Bu hudud 2007 yilda Guliston shahar hokimligining qarori bilan yengil tipdagi savdo do‘konlari qurish uchun ajratilgan. Shu yerda 30 dan ortiq tadbirkor qariyb 18 yil davomida rasman faoliyat yuritib kelgan. Ularning aytishicha, shu yillar mobaynida soliqlar to‘lab kelingan, faoliyatga hech qanday e’tiroz bildirilmagan.

Tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimligi vakillari do‘kon egalaridan qisqa vaqt ichida savdo obektlarini o‘zlari buzib tashlashni talab qilgan. Aks holda, og‘ir texnika yordamida buzib tashlanishi aytilgan. Ayrim mulkdorlar sud qarori taqdim etilishini so‘rab, buzishga qarshi chiqqan.

Murojaatchilarning bildirishicha, buzishga e’tiroz bildirgan ayrim tadbirkorlar ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Ular bu holatni bosim va qo‘rqitish sifatida baholamoqda. Tadbirkorlar qishning sovug‘ida shoshma-shosharlik bilan buzish talab qilinishiga e’tiroz bildirib, ozroq muddat so‘rayotganini, hozircha qayerga ko‘chish masalasi ham ochiq qolayotganini aytmoqda.

“Qishning kunida tezlik bilan buzishni talab qilishyapti. Bu paytda hatto qushning ini ham buzilmaydi, deyishadi kattalar. Qancha odam ishsiz, daromadsiz qolyapti, buni hech kim hisobga olmayapti”, deydi murojaatchilardan biri.

Kun.uz'ga do‘kondorlardan biri Iroda Toshmatovaning yaqinlari ham murojaat qildi. Ularning aytishicha, Iroda Toshmatova do‘koni buzilishiga qarshi chiqqanidan so‘ng IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari ularga Toshmatovaning ruhiy holatida muammo borligi, uni shifoxonaga jo‘natish rejalashtirilayotganini aytishgan. Ayolning yaqinlari hozirda uni qayerga olib ketilganini aniq bilmasligini aytmoqda.

Guliston shahar hokimligi Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bu yerda jami 34 ta do‘kon bo‘lib, ular avtomobil harakat yo‘li ustida joylashgan. Hokimlikka ko‘ra, mazkur ko‘cha avvaldan yo‘l bo‘lgan va uni qayta ochish rejalashtirilgan. Bu ishlar shahardagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida olib borilayotgani aytilyapti.

Hokimlik, shuningdek, tadbirkorlar 2025 yil yozidan buyon ogohlantirilganini, buzish ishlari birdaniga boshlab yuborilmaganini bildirdi. Tadbirkorlarga Guliston dehqon bozori yonidagi buyum bozori hududidan joy taklif qilingan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chishga rozi bo‘lgan tadbirkorlarning do‘konlari buzilgan, ularga yangi do‘konlarda 2 oy, savdo rastalarida 3 oy to‘lovsiz savdo qilish imkoniyati berilgan.

Shu bilan birga, holat atrofida qator savollar ochiq qolmoqda. Nega 18 yil davomida tadbirkorlar faoliyatiga ruxsat berilgan va soliqlar qabul qilingan? Nega mulkdorlarning hammasi bilan ham kelishuvga erishilmasdan, sud qarorisiz majburiy buzish ishlari boshlangan?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mulkni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish mulkdorning roziligi yoki sud qarori asosida amalga oshirilishi lozim. Guliston shahridagi holatda jabrlanuvchi tadbirkorlar do‘koniga mulk huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatlariga ega.

Kun.uz'ga taqdim etilgan surat va videolavhalarda Navoiy shohko‘chasidagi qator do‘konlar allaqachon buzib tashlanganini ko‘rish mumkin. Bu esa sud qarorisiz amalga oshirilgan buzish ishlari qonunga qanchalik mosligi, tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilayotgan kuch va ma’muriy choralar qanchalik asosli ekanini o‘rinli savolga aylantiradi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid