O‘zbekiston | 19:59 / 18.12.2024
6067
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘lbo‘yi avtoturargohlarini tashkil etish uchun boshqa kompaniya tanlandi

Birinchi auksionda 120 mlrd so‘m narx taklifi bilan g‘olib deb topilgan Balcomuz bilan shartnoma tuzilmadi. So‘ng takroriy o‘tkazilgan auksionni Street Systems ikki barobar pastroq narx – 57 mlrd so‘mlik taklif bilan yutib oldi. Uning ta’sischilari qatorida ikki yil oldin hokimiyat tomonidan shunday loyiha uchun tendersiz tanlangan Kasy Park ham bor.

Pulli avtoturargoh tashkil etiladigan yo‘l bo‘ylaridan biri / Foto: E-auksion

17 dekabr kuni E-auksion portalida Toshkent shahri ko‘chalarida pulli avtoturargohlar tashkil etish bo‘yicha takroriy auksion bo‘lib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan auksion g‘olibi bilan shartnoma tuzilmagan.

Takroriy auksionda 62,94 mlrd so‘m narx taklif qilgan Street Systems kompaniyasi g‘olib deb topilgan.

Auksion 20 daqiqadan sal ko‘proq vaqt davom etgan va ikkita qadam bilan yakunlangan. Street Systems taklif qilgan narx – boshlang‘ich narx (57,2 mlrd so‘m)dan 10 foizga yuqori bo‘lgan.

Uch hafta oldin o‘tkazilgan auksion 2 soat-u 10 daqiqa davom etib, 22 ta qadamdan iborat bo‘lgan va unda Balcomuz 120,15 mlrd so‘m taklif bilan g‘olib deb topilgan edi. Ammo bu kompaniya bilan keyingi bosqichda shartnoma tuzilmagan.

Birinchi auksionda ham, ikkinchisida ham zaxira g‘olibi e’lon qilinmadi.

Yo‘lbo‘yi pulli avtoturargoh tashkil etiladigan poytaxt markazidagi ko‘chalar / Foto: E-auksion

Endilikda Street Systems Toshkentning barcha tumanlarida yo‘l bo‘ylarida ajratilgan joylarda jami maydoni 262,8 ming kvadrat metr bo‘lgan pulli avtoturargohlar tarmog‘ini tashkil etishi kerak.

Poytaxt hokimining qarori bilan, to‘lovlar miqdori tarif zonalariga qarab soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb belgilangan.

Yangi g‘olib haqida

KTYaDRga ko‘ra, Streetpark Systems joriy yil 13 noyabr kuni ro‘yxatga olingan. MChJ ta’sischilari – Qudratbek Dilshodovich Yoqubov (75 foiz), iCell Mobilsoft Zrt. (Vengriya, 12,5 foiz), “Kasy Park” MChJ (12,5 foiz).

Asosiy hissador Qudratbek Yoqubov so‘nggi uch yilda ta’sis etilgan Leader Great Trade, Aziz Export 777 va Prime Avto Consulting'da ham ulushlarga ega.

Streetpark Systems'ning ta’sischilaridan bo‘lmish Kasy Park 2023 yilda poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli parkomatlar tashkil etish uchun shahar hokimligi tomonidan tendersiz tanlab olingan, lekin loyiha amalga oshmagan edi.

Kasy Park'ning joriy ta’sischilari sifatida Mirodil Nig‘matjon o‘g‘li Fozilov (55 foiz; u shuningdek Oazis Lux Investmens, Benchmark Distribution, ADM Invest'da ham ulushlarga ega), Gulnora Akromovna Nig‘manova (5 foiz) va OldFolk (40 foiz) ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid