Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Daniyada o‘qish uchun viza qanday olinadi? (foto)
Daniya (rasmiy nomi Daniya Qirolligi) dunyoda ta'lim sifati eng yuqori bo‘lgan davlatlardan biri. Jumladan, 2021 yil holatiga ko‘ra, Daniyada mavjud 8ta universitetning 7tasi THE (Times Higher Education) reytingi bo‘yicha dunyoning eng kuchli 800 oliygohi ro‘yxatidan joy olgan. Universitetlardan tashqari, mamlakatda 30ga yaqin san'at institutlari, akademiyalar, universitet-kollejlar kabi oliy ta'lim muassasalari mavjud.
Rafiqamning Daniyada tahsil olishi ortidan yarim yildan ortiq mazkur mamlakatda istiqomat qilganmiz. Ushbu maqola orqali Daniyada o‘qish uchun viza olish qanday tartibda kechishi haqida ma'lumot bermoqchiman.
Daniya OTMlaridan biriga qabul qilingan o‘zbekistonlik talabalar qanday qilib Daniyaga o‘qishga borishi, viza va yashash ruxsatini (residence permit) olishini ko‘rib chiqamiz. Ta'kidlash joizki, talaba sifatida qabul qilinsangiz, siz yashash ruxsatiga hujjat topshirasiz va bu ruxsat bilan birga avtomatik tarzda sizga 6 oylik muddatga D viza (uzoq muddatli viza) ham beriladi.
1. Talablar
Daniya talaba vizasini olish uchun nomzod quyidagi asosiy talablarga mos bo‘lishi kerak:
- Biror oliygohga qabul qilingan bo‘lishi,
- ta'lim tilini yetarli darajada bilish (ingliz, dat, nemis, norveg yoki shved),
- o‘zi va oilasini (agar birga borsa) butun o‘qish davomida ta'minlash uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi kerak. Bu mablag‘, 2021 yil holatiga ko‘ra, bir kishi uchun oyiga 6321 krona (taxminan 1040 AQSh dollari)ni tashkil etadi.
- 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ota-onasidan farzandining Daniyada o‘qishiga rozilik bayonoti ham talab etiladi.
2. Hujjatlar
Topshirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar soni u qadar ko‘p emas. Ular quyidagilar:
- Ariza topshirish badali to‘langani haqidagi chek (2021 yil uchun 2000 krona, taxminan 329 dollar).
- Pasportning barcha sahifalari nusxasi (rangli).
- Daniyadagi OTMdan qabul xati.
- O‘zingizni ta'minlay olishingizga dalil hujjat (bu bank hisobraqamingizdagi mablag‘lar haqida ma'lumotnoma yoki grant yutib olganingiz to‘g‘risidagi xat yoki shu kabi boshqa hujjat bo‘lishi mumkin.
- To‘ldirilgan ariza shakli. Bu shaklni New to Denmark saytidan topasiz.
- Biometrik rasm va barmoq izlari. Bular Viza arizalari markazida olinadi (Moskvada).
Oila a'zolaringizni birga olib kelsangiz, ulardan ham shu hujjatlar talab etiladi, universitet qabul xati bundan mustasno. Yana oila a'zosiligingizni isbotlovchi hujjat ham topshirilishi kerak (nikoh guvohnomasi, farzandlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va h.k.).
3. Hujjatlarni topshirish
Hozirda O‘zbekistonda Daniya elchixonasi yoki konsulligi mavjud emas. O‘qish uchun viza va yashash ruxsatiga hujjatlarni Rossiyaning Moskvadagi Viza arizalari markaziga borib topshirish kerak bo‘ladi. Qozog‘istonda Daniya viza markazi bor, u faqat qisqa muddatli vizalarni beradi, talaba vizasini u yerdan ololmaysiz.
Rossiyadagi Daniya elchixonasi saytidagi xabar: unda o‘zbekistonliklar uzoq muddatli viza va yashash ruxsati uchun hujjatlarini Moskvadagi Viza arizalari markaziga (VFS) topshirishi kerakligi aytilgan.
Bu uchun avval Viza arizalari markazida uchrashuv belgilaysiz. So‘ng shu uchrashuv sanasida markazga borib, markazda taqdim etiladigan arizani to‘ldirib, 2-bandda ko‘rsatilgan oldindan tayyorlangan hujjatlarni topshirasiz. Markazda sizni rasmga olishadi va barmoq izlaringizni ham topshirasiz.
Shuningdek, hujjatlarni topshirgandan so‘ng Moskvadagi Daniya elchixonasida suhbatdan ham o‘tishingiz kerak. Suhbatda til bilish darajangiz tekshiriladi va do‘stona, umumiy mavzularda bo‘ladi. Suhbat kunini ham Viza arizalari markazi orqali belgilashingiz mumkin. Masalan, suhbatni markazga hujjatlarni topshirgan kuningizning ertasiga belgilasangiz bo‘ladi.
4. Vizani urdirish va yashash ruxsati xatini olish
Viza javobi odatda 2 oy ichida chiqadi. Viza chiqqanda Moskvadagi Daniya elchixonasi sizga bu haqda xabar qiladi. So‘ng vizani urdirish uchun uchrashuv belgilaysiz va belgilangan sanada borasiz. Elchixona pasportingizga D vizasini urib beradi va yashash ruxsati haqida xatni ham topshiradi.
D vizaning muddati – 6 oy. Bu viza bilan Daniyaga borib, yashab turgan shahringizning yashash ruxsati kartasini olish uchun mahalliy hokimiyatga ruxsat xatini topshirasiz va kerakli hujjatlarni to‘ldirasiz. Ular esa tayyor bo‘lgan kartani pochta orqali Daniyadagi yashash manzilingizga yuboradi.
Yashash ruxsati odatda o‘qish muddatidan 6 oy ko‘p muddatga beriladi. Bunda vizangizning muddati tugasa, hech narsa qilishingiz shart emas. Yashash ruxsati bilan bemalol yuraverasiz. Va yana bir qulay jihati shuki, yashash ruxsatini to o‘qishingiz tugaguniga qadar yangilamasangiz ham bo‘ladi.
Daniyada o‘qish uchun viza va yashash ruxsatini olish tartibi va jarayoni haqida New to Denmark va Moskvadagi Viza arizalari markazi saytidan batafsil ma'lumot olishingiz mumkin.
Maqsud Salomov,
UzbekLife’ning Ispaniyadagi kolumnisti
Mavzuga oid
22:32 / 13.01.2026
AQSh Kongressiga Grenlandiyani qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi
15:55 / 08.01.2026
AQSh Grenlandiyani qanday qilib o‘ziga bo‘ysundirishi mumkin?
18:09 / 07.01.2026
Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham AQSh vizasi uchun 15 ming dollargacha garov to‘laydi
12:44 / 07.01.2026