Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Donald Tramp Ukraina tomonga o‘tdimi?
U prezidentlik muddatining boshidan beri birinchi marta Ukrainaga yordam ajratishni tasdiqladi. AQSh Kiyevni qo‘llash bo‘yicha Ko‘ngillilar koalitsiyasiga qo‘shildi. Lekin Trampni ta’bir qilib bo‘lmaydi: u haqiqatan ham ukrainlar tomonga o‘tdimi yoki erta-indin yana “aynib qolishi” mumkinmi? “Geosiyosat”da siyosiy tahlilchilar muhokamasi.
Anvar Yo‘ldoshev: AQShning hozirgi prezidenti Trampning fikrlari o‘zgaruvchan, bugungi gapi ertangi chiqishlariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Uning oxirgi kunlardagi ritorikasi Ukraina foydasiga qaratilgan. Lekin davlat kotibi Marko Rubio: “Men Lavrov bilan gaplashdim va o‘zaro hamkorlikda davom etamiz” dedi.
Tramp bugun yordam beraman deydi, ertaga yordam bermayman deydi, ya’ni uning qarorlarini avvaldan bilib bo‘lmaydi. Albatta, Ko‘ngillilar koalitsiyasiga AQShning qo‘shilgani – Yevropa uchun katta natija. Chunki Ukrainaga Yevropaning o‘zi beradigan yordam yetarlicha katta emas. AQShning koalitsiyaga qo‘shilishi bilan, Ukrainaga berilayotgan yordam ko‘payadi. Bu Rossiyaning manfaatiga, albatta, to‘g‘ri kelmaydi.
Shuhrat Rasul: Trampning xarakterini bugungi kunda hamma bilib bo‘ldi. Bugun yordam beraman, deyapti. Balkim, rostdan ham keyingi haftaning oxiriga “men yana Putin bilan telefonda gaplashdim va Putin zo‘r yigit, mana biz urushni to‘xtatish masalasi bo‘yicha salkam kelishib qo‘ydik, mana ko‘rasizlar, yaqinda Putin bu haqda o‘zi gapiradi” deyishi ham mumkin... Lekin bu safar Trampning gaplari faqat gap bo‘lib qolmayapti, birdan amaliy harakatlar boshlandi. Buni ham biz e’tirof etishimiz kerak. Gap faqat uchta Patriot tizimlari haqida emas, 500 mln dollarlik hajm haqida ketyapti. Shundan 300 millioni Amerika Qo‘shma Shtatlari beradigan qurollar va yana Yevropaning o‘zi ham 200 million qo‘shmoqchi bo‘lyapti. Muddatlar aniq ko‘rsatilgan, ya’ni iyulning oxirigacha mana shu katta yordam berilishi kerak.
Kuala-Lumpurdagi ASEAN davlatlari sammitida Marko Rubio va Sergey Lavrov uchrashuv o‘tkazdi. Rubio: “Agar Rossiyada tinchlik o‘rnatishga intilish bo‘lsa, biz albatta qo‘llab-quvvatlaymiz” degan ma’noda fikr bildirdi. Bu – menimcha, sof diplomatik gap xolos. E’tiborimni tortgan jihat, Lavrov Rubioga bitta katta jild – go‘yoki hujjatlar to‘plamini topshirdi. Unda Ukraina prezidenti va rasmiylarining Rossiyaga nisbatan haqoratomuz munosabatda ekanini isbotlovchi iqtiboslar jamlab chiqilgan ekan. Bu voqea dunyo mediasida kulgiga qoldi.
Zokir Usmonov: Tramp koalitsiyaga qo‘shilib, urushga geosiyosiy jihatdan emas, iqtisodiy jihatdan yondashyapti. Chunki uning asosiy maqsadi – AQShning yukini yengillatish. Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropa mudofaasi uchun asosiy xarajatlarni Vashington o‘z bo‘yniga olgan edi. Bugungi kunda Tramp yuritayotgan siyosat Amerikaga qisqa va o‘rta muddatda daromad beradi, lekin strategik jihatdan Vashington yutqazadi. Geosiyosatda iqtisodiy jihatni birinchi o‘ringa qo‘yib yondashish o‘zini oqlamaydi.
Trampning bunday yondashuvi oqibatida Yevropaning sub’yektligi ortib, o‘z mudofaa sanoatini ham shakllantiryapti, AQShning bu joyda yo‘qotadigan narsasi ko‘p. Nima bo‘lganda ham, AQShning Ko‘ngillilar koalitsiyasiga qo‘shilishi – Rossiyaga nisbatan bir zarba sifatida ko‘riladi.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:11
Kiyevda vaziyat og‘ir: 500 ko‘p qavatli uy isitishsiz qoldi
08:40
Ukrainada Timoshenko bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan korrupsiya ishi ochildi
15:09 / 13.01.2026
Norvegiya Ukrainaga 340 mln yevro yordam ajratmoqda
13:02 / 13.01.2026