O‘zbekiston | 14:48 / 26.07.2025
11101
7 daqiqa o‘qiladi

Xonoboddagi festivalga sarflanayotgan milliardlar: Viloyat hokimligi izoh berdi, Antikorrupsiya agentligi o‘rganish o‘tkazadi

Andijonda avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan an’anaviy “Dunyo sadolari” festivaliga bu yil 6 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Unga turk xonandasi Mustafa Sandal, eronlik Arash, italiyalik xonanda In-Grid, hindistonlik Alisha Chinay, Arabesque guruhi taklif qilingan. Yulduzlarga qariyb 5 milliard so‘mdan ortiq gonorar to‘lanadi. Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati “sarflanayotgan pullar o‘zini oqlashi”ni ta’kidladi, Antikorrupsiya agentligi esa vaziyatni o‘rganmoqda.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijonning Xonobod shahrida o‘tgan yili 29–31 iyul kunlari “Dunyo sadolari” II xalqaro milliy estrada san’ati festivali tashkil qilinib, unga Jah Khalib, Jony, Inna va o‘zbek estradasining taniqli xonandalari taklif etilgandi. O‘tgan yilgi festivalga 8 milliard so‘m atrofida mablag‘ sarflangan.

Joriy yil Xonobodda III “Dunyo sadolari” festivali bo‘lib o‘tadi. Hokimlik bu safar xorijdan ko‘proq mashhur yulduzlarni taklif qilmoqchi. Xonobod shahri hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi E.Xolmirzayev imzolagan hujjatga ko‘ra, 15–17 avgust kunlari o‘tkaziladigan navbatdagi “Dunyo sadolari”da mashhur turk xonandasi Mustafa Sandal, eronlik Arash, italiyalik xonanda In-Grid, hindistonlik Alisha Chinay, Arabesque guruhi va boshqa mahalliy san’atkorlar qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Daryo.uz festivalga jahon va milliy estrada yulduzlarining konsert berib ketishi uchun qancha gonorar belgilangani va boshqa qilinayotgan sarf-xarajatlarni o‘rgandi.

Nashrning yozishicha, festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Ammo o‘tgan yilgi festivalda sarf-xarajatlar 8 milliard so‘mga yetgani hisobga olinsa, aniq xarajatlar festival yakunlanganidan keyingina ma’lum bo‘ladi.

San’atkorlar gonorari qancha?

Nashrning o‘rganishicha, tadbirga taklif qilingan eng qimmat xonandalardan biri eronlik mashhur san’atkor — Arash. Uni Andijonga olib kelish uchun 2 mlrd 95 mln so‘m (bugungi kurs bilan taxminan 164 ming dollar) sarflanadi. Turkiyalik xonanda Mustafa Sandal uchun esa bundan sal kamroq — 2 mlrd 49 mln so‘m (160 ming dollar) ajratilgan. Shuningdek, italiyalik xonanda In-Grid (Ingrid Alberini) va hindistonlik Alisha Chinay uchun jami 837 mln so‘m, ya’ni 65 ming AQSh dollari sarflanadi.

Yuqoridagi san’atkorlar tashrifi uchun umumiy hisobda 4 milliard 981 million so‘m yoki 390 ming dollardan ko‘proq to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu xonandalarni O‘zbekistonga olib kelish uchun ko‘rsatilgan gonorar narxi aslida ancha arzon. Masalan, Mustafa Sandal va Arashni O‘zbekistonga eng qimmat holatda jami 200 ming dollarga olib kelish mumkin. Qolgan ikki xonanda uchun esa 20 ming dollar yetarli. Nashr ma’lumoticha, festivalga chaqirilgan san’atkorlar gonorari sun’iy ravishda deyarli ikki barobarga shishirilgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Qatag‘on Ideal Market” MChJ bilan Eron xonandasi Arashni olib kelish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. MChJ ta’sischisi va rahbari — Azizov Akbarali Qambarovich.

Mustafa Sandalni olib kelish esa Namangan viloyatining Pop tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Bregin Milk Soft” MChJ zimmasiga tushgan. Bu MChJ 2025 yil 12 mart kuni tashkil etilgan, iyun oyida qayta ro‘yxatdan o‘tgan.

Italiyalik va hindistonlik san’atkorlarni 837 mln so‘mga olib keladigan korxona — “Magnat Construction Planet” MChJ (2023 yil 11 sentabrda Namangan viloyati Chust tumanida tashkil qilingan). Ta’sischisi Azizov Akbarali Qambarovich.

Azizov Akbarali Qambarovich bir vaqtning o‘zida “Qatag‘on Ideal Market” va “Magnat Construction Planet” MChJlarining ham ta’sischisi hisoblanadi.

Festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida “Oltin Tosh Ulgurji” MChJdan havo shari (aerostat) ijaraga olingan. Shartnoma summasi — 350 mln so‘m. Ta’minotchi MChJ shartnoma tuzilishidan o‘n kun avval Andijon shahrida ta’sis etilgan.

Sahna podiumi, yoritish va ovoz kuchaytirish uskunalari, maxsus ekran ijarasi, bezak va tungi yoritish ishlarini “Dunyo sahnalari” MChJ 1 mlrd 250 mln so‘m evaziga bajaradigan bo‘ldi. Bu korxona shartnoma tuzishdan bir kun oldin tashkil etilgan.

“Festivalning moliyaviy foydasi xarajatidan ko‘proq”

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga holat yuzasidan izoh berdi.

Hujjatlarda Mustafa Sandalga 160 ming dollar, Arashga esa 164 ming dollar to‘lanishi ko‘rsatilgan. Toshkentdagi mutaxassislar bu ikki san’atkorni 200 ming dollarga olib kelish mumkinligini bildirishgan.

Izohda ta’kidlanishicha, “Dunyo sadolari” festivali logistika jihatidan poytaxt narxlariga mos kelmaydi. Chunki xorijiy xonanda va uning jamoasi Toshkentga qo‘nib, u yerdan 8–9 soatda Xonobodga mashinada borishi kerak. Yoki Andijon aeroporti ta’mirda bo‘lgani sababli navbatdagi reysni kutishiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, festivalga jalb etilayotgan xonandalar 3 kun vaqt sarflashiga to‘g‘ri keladi — yetib borish, qatnashish va qaytish. Narxlar shu asosda belgilangan.

Izohda Xonobodning turizm salohiyatini namoyish etish va dunyo yulduzlari orqali shaharni targ‘ib qilish maqsadi qo‘yilgani ham qayd etilgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda Xonoboddagi bir oylik savdo aylanmasi o‘rtacha 500 mln so‘m bo‘lgan. Festival o‘tkazilgan oylarda esa bu ko‘rsatkich 10 mlrd 500 mln so‘mga yetgan. 2024 yildagi festivalda 7 mlrd so‘m sarflangan bo‘lsa-da, savdo aylanmasi 20 mlrd so‘mdan oshgan.

“Savdo do‘konlari, oshxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish joylari odatdagidan 6 barobar ko‘proq savdo qilgan. Masalan, oddiy do‘kon egasi odatda 500 ming so‘mlik savdo qilsa, festival kunlari 8–9 mln so‘mgacha savdo qilganini bildirgan. Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Koreya, Hindiston, Turkiya va boshqa davlatlardan o‘n mingdan ortiq mehmonlar dunyo yulduzlarini ko‘rish uchun tashrif buyurgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Dunyo sadolari” festivali milliy estradani targ‘ib qilish, yosh iste’dodlarni kashf etish va Xonobodning sayyohlik jozibadorligini oshirish maqsadida tashkil qilinadi.

Biroq avval o‘tkazilgan ikki festival (2023 va 2024 yillarda) g‘oliblarga mukofot to‘lashda kechikishlar va budjet mablag‘larini noshaffof sarflashga oid muhokamalarga sabab bo‘lgan. 2023 yil dekabr oyida “Daryo” nashridagi maqoladan keyingina to‘lovlar amalga oshirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Gazeta.uz’ga ma’lum qilishicha festivalga mablag‘ ajratishning qonuniyligi o‘rganilmoqda.

Mavzuga oid