O‘zbekiston | 22:53 / 27.11.2019
3973
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi yildan ko‘zi ojiz bolalar musiqa maktablarida bepul o‘qiydi - Madaniyat vaziri

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 312ta bolalar musiqa va san'at maktabi faoliyat yurityapti. Ushbu muassasalar 2 smenada ishlagani bois ularga 93 ming 277 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olingan. 2,5 mingga yaqin imkoniyati cheklangan, Respublika va xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan hamda kam ta'minlangan oila farzandlari bepul o‘qiydi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Madaniyat vazirligi vakili tomonidan ma'lum qilinishicha, joriy yil dekabr oyida Investitsiya dasturi asosida qurilgan 12ta ana shunday maktablar foydalanishga topishirilishi ko‘zda tutilgan.

«Musiqa maktablariga taalluqli qator muammolar mavjud. Ularga asta-sekin yechim topyapmiz. Shu yilning fevralida O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi huzurida malaka oshirish markazi tashkil etildi. O‘tgan vaqt ichida bu yerda ming nafarga yaqin kadrlar malakasi oshirildi. Ular oxirgi marta 1994-1995 yillarda malaka oshirgan ekan.

Ayni paytda markaz binosi yanada kengayib, qurilish ishlari ketyapti. Kelasi 2020 yilda yana 3 ming nafar pedagoglarni malaka oshirishga jalb qilmoqchimiz. Ular attestatsiyadan o‘tib, malaka toifani ham olib ketish imkoniyatiga ega bo‘lishadi», dedi vazirlikning boshqarma boshlig‘i Sobir Madiyev. 

Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev hozirda bolalar musiqa va san'at maktablarida o‘qituvchilarga nisbatan talab kuchliligini aytib o‘tdi.

«Achchiq bo‘lsa ham bir haqiqatni aytaman: musiqa maktablardagi pedagoglarning 36 foizigina oliy ma'lumotga ega, xolos. Joriy o‘quv yili oldidan Konservatoriyada 5 yillik ish stajiga ega o‘qituvchilar uchun sirtqi bo‘limi ochildi. Hozir 104 nafar talaba bilim olyapti. Shu yo‘l bilan oliy ma'lumotli o‘qituvchilar sonini oshirish niyatidamiz. Kuni kecha ko‘zi ojiz bolalar musiqa va san'at maktablarida bepul tahsil olishi bo‘yicha qaror chiqardim. Ular yangi yildan to‘lov amalga oshirmay o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi», deya Madaniyat vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida «Imkoniyati cheklangan bolalarda maktablarga to‘lov muammosi – Ularga imkon va imtiyoz beriladimi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda Toshkent shahridagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda filial sifatida faoliyat yuritayotgan 17-sonli musiqa va san'at maktabida ham tahsil olayotgan ko‘zi ojiz bolalarning mashg‘ulotlarga to‘lov qilish borasida qator muammolarga duch kelishayotgani bayon etilgandi.

Mavzuga oid