O‘zbekiston | 22:16 / 01.06.2017
27887
2 daqiqa o‘qiladi

Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonalarining faoliyati takomillashtiriladi

Kecha O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolangan.

Yerdan foydalanish holatining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, yerlardan foydalanishda muntazam davlat nazoratini ta'minlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yer resurslarini tizimlashtirilgan holda hisobga olish ishlari yetarli darajada samarali bo‘lmayapti, deyiladi farmon matnida.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Farmonga ko‘ra tumanlar (shaharlar)ning yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalarining filiallari etib, qayta tashkil etiladi.

Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining taklifiga ko‘ra, Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Farmon matnida jamg‘arma mablag‘larining asosiy manbalari qayerlardan shakllantirilishi va u nimalarga sarflanishi sanab o‘tilgan.

Mavzuga oid