Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev yangi barpo etilgan «Toshkent-Sharqiy» aeroportini borib ko‘rdi
Umumiy maydoni 561 gektardan iborat yangi aeroport biznes vakillari va yuqori martabali mehmonlar uchun mo‘ljallangan. Prezident ta’kidlaganidek, bu inshoot Toshkent xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni «Toshkent-Sharqiy» aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi.
Biznes aviatsiyasi uchun mo‘ljallangan aeroport qurilishi 2017 yilda boshlangan edi. Aeroportning umumiy maydoni 561 gektardan iborat. 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta havo kemasiga mo‘ljallangan perron barpo etildi. Boeing 787, Airbus A320 kabi samolyotlar, biznes-jyetlar hamda vertolyotlar uchun angarlar qurildi.

Aeroportda VIP va CIP terminallar bunyod etildi. Oliy martabali mehmonlar zalida rasmiy kutib olish, muzokaralar va brifing o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega CIP terminalida do‘kon va ovqatlanish joylari bo‘ladi.
Aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish va qo‘nish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy aloqalar va xizmat ko‘rsatish sohasi yanada rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Davlat rahbari shu yerda jamoat faollari, keksalar bilan suhbatlashdi.

– Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Xudo xohlasa, u aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin, dedi prezident.
Mavzuga oid
18:31 / 28.08.2025
Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi harbiy paradda ishtirok etadi
17:40 / 28.08.2025
«Mana shu 30 yillikda yopiq davlat sifatida turganmiz» – muftiy O‘zbekistonning xalqaro aloqalari kengayayotgani haqida
20:34 / 27.08.2025
Shavkat Mirziyoyev Yaponiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
18:19 / 27.08.2025