O‘zbekiston | 20:47 / 29.09.2025
4175
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning 60 foizi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun qamalgan – TIV

Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Munira Nizomovaga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalarida qolayotgan O‘zbekiston fuqarolarining 60 foizi giyohvand moddalar savdosi va ularni olib o‘tish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hibsga olingan. Shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik (12 foiz) va qotillik (7 foiz) bilan qamalganlar soni ham ko‘p.

Foto: TASS

Rossiya qamoqxonalarida qolayotgan O‘zbekiston fuqarolarining 60 foizi giyohvand moddalar savdosi va ularni olib o‘tish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hibsga olingan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti Fuqarolik masalalari, legalizatsiya va boshqa konsullik harakatlari boshqarmasi boshlig‘i Munira Nizomova ma’lum qildi.

TIV rasmiysining ta’kidlashicha, jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari (12 foiz) bilan qamalgan o‘zbekistonliklar soni ham ko‘p. Shuningdek, qamalganlarning 7 foizi qotillik, taxminan 5 foizi sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazish, 4 foizi o‘g‘rilik, 3 foizi firibgarlik bilan ayblangan.

Nizomova o‘zbekistonliklarning Rossiya aeroportlarida soatlab ushlab turilgan holatlari yuzasidan ham fikr bildirdi.

“Aeroportlarda O‘zbekistondan keladigan reyslarning tekshiruvlari juda uzoq o‘tkazilyapti. O‘rtacha 6−8 soat. Ba’zan 10 soat, 12 soatlab tekshiruv bo‘lgan holatlar ham bor. Ko‘z oldingizga keltiring, ayollar farzandlari bilan 12 soatlab aeroportda o‘tirsa. Bu bekorga bo‘layotgani yo‘q-ku? Fuqarolarimizning xorijda qilayotgan xatti-harakatlarining salbiy ta’siri bu. Yoki Rossiyada reydlar o‘tkazilishi ko‘paya boshladi. Qachonki bizning fuqarolar qonun-qoidalarga rioya qilib, boshqa davlatlarning urf-odatlari, an’analarini hurmat qilishni o‘rganmasa, biz — Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar, konsullik muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning ta’siri kuchli bo‘lmaydi”, dedi u.

Mavzuga oid