Jahon | 18:08 / 19.12.2024
10801
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi

Yaman poytaxtiga zarba berishdan maqsad husiylar harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun foydalanadigan energiya infratuzilmasini o‘chirib qo‘yish ekani aytilmoqda.

Foto: ynet.co.il

Isroil harbiy samolyotlari va dengiz floti Yamanda eronparast husiychilar harakati nazorati ostida bo‘lgan bir qancha obektlar bo‘ylab zarbalar yo‘lladi.

Isroillik harbiylar vakili nishonlar orasida Qizil dengizdagi portlar va Yaman poytaxti Sano shahridagi energetika infratuzilmalar borligini ma’lum qilgan.

Ynet nashri xabariga ko‘ra, bu birinchi marta mamlakat poytaxti Sana shahriga zarba berilishi bo‘ldi.

Isroil armiyasi rasmiy bayonotiga ko‘ra, Yaman poytaxtiga zarba berishdan maqsad husiychilar harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun foydalanadigan energiya infratuzilmasini o‘chirib qo‘yish edi. Husiychilar nazoratidagi deyarli barcha hududlarda elektr energiyasi uzilgani ta’kidlanmoqda. Husiychilarning uchala porti - Ras-Iso, Hudayda va As-Salifga zarba berilgan va kemalarga zarar yetkazilgan.

Isroil harbiylari ularning nishonlari Yaman poytaxtidagi energetika infratuzilmalari bo‘lganini ma’lum qilgan

Husiychilar nazoratidagi Al Masirah telekanali Salif portida yetti kishi, Hudayda viloyatida joylashgan Ras Iso neft obektida yana ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

Zarbalar yo‘llanishidan ikki soat oldin Isroil havo hujumidan mudofaa tizimi mamlakatning markaziy hududi uzra Yaman hududidan uchirilgan raketa to‘xtatib qolinganini ma’lum qilgandi. Tel-Aviv chekkasidagi Ramat-Ganada maktab binosi va bir necha avtomobil shikastlangan.

Isroil matbuotiga ko‘ra, Yaman bir oy ichida Isroilga 8 ta zarba yo‘llagan. 

Bu isroilliklarning husiychilarning pozitsiyalari bo‘ylab birinchi zarbasi emas. 29 sentabr kuni TSAHAL o‘nlab jangovar, yonilg‘i quyuvchi hamda razvedkachi samolyotlar ishtirokida husiychilarga qarshi keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazgan va harakatning Hudaydadagi pozitsiyalariga kuchli zarbalar yo‘llagandi.

O‘shanda TSAHAL bayonotida amaliyot «husiychilar terrorchilik rejimi»ning Hudayda va Ras-Isodagi harbiy obektlariga qarshi qaratilgani aytilgan, ammo obektlarning o‘zi neft importi uchun foydalaniladigan elektr stansiyalar va port sifatida ko‘rsatilgan.

Husiychilar Yamanning shimoliy qismini nazorat qiladi. Mamlakatning qolgan hududi yoki xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan va Saudiya Arabistoniga chuqur qaram bo‘lgan hukumat kuchlari yoki alohida davlat tuzishni istovchi ayirmachilar qo‘lida.

Husiychilar 2023 yil oktyabrida G‘azoda urush boshlanishi ortidan Isroilga va o‘z sohillari yaqinidan o‘tadigan kemalarga hujum qilishni boshlagan va buni Hamas hamda falastinliklar bilan birdamlik uchun qilayotganini bildirgan.

Ular bir necha bor Isroil tomonga «Shaheed» dronlari va raketalar uchirgan, ulardan ayrimlari Isroil havo hujumidan mudofaa tizimlaridan o‘ta olgan. Isroil oldin ham, dronlardan biri Tel-Avivga yetib borganida Yaman bo‘ylab zarbalar yo‘llagandi.

Shuningdek, husiychilar Qizil dengiz va Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi orqali Yaman sohillari yaqinidan suzuvchi kemalarga ham hujumlar uyushtirgan. Ular faqat Isroil, AQSh yoki Buyuk Britaniya bilan aloqador kemalarga hujum qilishlarini aytishadi; ammo bu bayonotlar doim ham chin bo‘lib chiqmaydi.

Mavzuga oid