O‘zbekiston | 15:38 / 13.01.2022
20502
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq o‘zgarishlaridan keyin tadbirkorlarda e’tirozlar ko‘paymoqda. Qudbiyev OAV bilan uchrashadi

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar kichik va o‘rta biznesga katta zarba bo‘layotgani aytilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev dushanba kuni matbuot anjumani o‘tkazadi. Kun.uz tadbirkorlardan muammo nimada ekani bo‘yicha izohlari va savollarini @kunuzmurojaat Telegram-manziliga yuborishni so‘raydi.

Foto: Fotolia

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning buxgalterlari tomonidan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga keskin e’tirozlar bildirilmoqda.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mulk solig‘i bo‘yicha 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymat kiritildi. Bu – Toshkent shahrida 2 500 000 so‘m, viloyatlarda 1 500 000 so‘m. Muammo esa buning natijasida soliq to‘lovlarining 2-3 baravargacha oshishi bilan bog‘liq.

Shuningdek, e-ijara va e-aktiv tizimining murakkabligi, QQS zanjiri bilan bog‘liq va shu kabi bir qator o‘zgarishlar tufayli kichik va o‘rta biznesda muammolar yuzaga kelayotgani tilga olinmoqda.

Kun.uz muammolarga izoh olish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Bizga ma’lum qilinishicha, qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev 17 yanvar, dushanba kuni matbuot anjumani o‘tkazadi va e’tirozlar yuzasidan izoh berib, OAV vakillari savollariga javob beradi.

Kun.uz tadbirkorlardan soliqlarga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan qanday muammolar va savollar bo‘lsa, Telegram'da @kunuzmurojaat manziliga yo‘llashni so‘rab qoladi. Eng dolzarb savollar bo‘yicha DSQ raisidan batafsil izoh olishga harakat qilamiz.

Qayd etish kerak, Sherzod Qudbiyev soliq stavkalari bo‘yicha avval bergan bir nechta izohlarida Soliq qo‘mitasi soliqlarni undirish bilan shug‘ullanishi, soliq siyosatini belgilash esa ko‘proq Moliya vazirligiga bog‘liqligini aytgandi. E’tirozlarga sabab bo‘layotgan soliq stavkalarini belgilab bergan deputat va senatorlar hozircha muammoga munosabat bildirmadi.

Soliq kodeksiga, xususan yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha mazkur o‘zgarishlarni kiritish bo‘yicha parlamentdagi muhokamalarda deputat Doniyor G‘aniyevning shu mavzudagi savoliga "Milliy tiklanish" partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov parlament yalpi majlisi qonun loyihalarini muhokama qiladigan joy emasligi, muhokamalar qo‘mita va fraksiya yig‘ilishlarida bo‘lishi, yalpi majlislarda esa deputatlar ovoz berish orqali munosabat bildirishi kerakligini aytgandi.

Mavzuga oid