O‘zbekiston | 13:55 / 07.07.2025
2737
6 daqiqa o‘qiladi

«Spaydermen» qo‘l: MuhammadUmarning ushalgan orzusi haqida

MuhammadUmar tug‘ma nogironlik — chap qo‘l aploziyasi bilan dunyoga kelgan. Bir qo‘l bilan o‘ynash, kitob o‘qish, turmushda mustaqil bo‘lish uning uchun orzu edi. Endi esa u sevimli superqahramoni — «Spaydermen» qo‘li shaklidagi bionik protez ikkala qo‘lda harakatlanadi. “Motorika” kompaniyasining protezlash jarayoni — minglab bolalar uchun umid manbai bo‘lmoqda.

5 yoshli MuhammadUmar chap qo‘l aploziyasi, ya’ni tirsakdan pastki qismi rivojlanmagan holda dunyoga kelgan. Unga tengdoshlari singari ikki qo‘l bilan turli o‘yinlar o‘ynash, bir qo‘lida kitob tutib, ikkinchisi bilan sahifalarini varaqlash orzu edi. Bolakayning orzulari orzuligicha qolib ketmadi.

“2 yil oldin onasi homiladorlik paytida koronavirus bo‘lib qoldi. Shuning oqibatida bola chap qo‘l aploziyasi tashxisi bilan tug‘ildi. 2 yoshligida bunga yechim topish maqsadida internet orqali “Motorika” kompaniyasiga chiqdik. 2 yil davomida ular o‘g‘lim bilan shug‘ullanishdi: qanday rivojlanayotgani, qaysi bosqichga kelgani bo‘yicha. 4 yoshligida bizga Moskvadan protez qo‘l olib kelishdi. Qo‘yib berishdi – juda yaxshi foydalanyapti. Qila olmagan ishlarini qilyapti, 2-qo‘li unga yordam beryapti”, - deydi uning otasi G‘anisher Nurmatov.

“Motorika” kompaniyasi bolaga o‘zi sevgan multfilm qahramonining qo‘llaridek protez qo‘l o‘rnatib bergan. Endilikda u ikki panjada erkin harakatlanib, buyumlarni bemalol ushlay olayotganidan xursand.

“Narsalarni, stollarni ko‘tarish harakatim bor. Tozalayman, chopaman, piyolalarni hammaga tarqatib chiqaman. Shu qo‘lim ishlar qilayotganimda yordam beryapti”, - deb mamnun gapirdi MuhammadUmar.

Yordamchi texnologiyalar va tibbiy kibernetika sohasida faoliyat yurituvchi ushbu kompaniya har bir mijozga individual o‘lcham va ehtiyojlarga moslashtirilgan, yuqori texnologiyali bionik protez qo‘llar, shuningdek, oyoq protezlari, nogironlar aravachalari va harakatlanishga yordam beruvchi moslamalar ishlab chiqaradi.

“Motorika” kompaniyasi mahsulotlari nafaqat Rossiyada, balki MDH mamlakatlari, Hindiston va Vetnamda ham keng tarqalmoqda. Tashkilot 2015 yildan buyon 8 mingdan ortiq protez va yordamchi moslamalarni ishlab chiqargan. Uning mahsulotlari O‘zbekiston va Rossiya xayriya jamg‘armalari hamda tashkilotlari ko‘magida har yili bolalarga bepul taqdim etilmoqda.

“Motorika” kompaniyasi Kiber-tibbiyot va neyroprotezlashtirish yo‘nalishida invaziv tadqiqotlar olib bormoqda. Maqsad — protezlar orqali foydalanuvchidagi sezuvchanlikni tiklash va fantom og‘riqlarni kamaytirish. Ilmiy ishlanmalar yordamida hozirda qo‘l protezlari vositasida buyumning yumshoqligi yoki qattiqligini, hatto uning hajmini ham aniqlay olishmoqda.

Hozirda tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi bilan protezlarni mahalliy aholiga yanada qulayroq yetkazib berish maqsadida ochiq muloqot olib bormoqda. Shuningdek, 2 yoshdan boshlab bolalar va butun O‘zbekiston aholisi uchun faol tortuvchi protezlarni reabilitatsiya texnik vositalari ro‘yxatiga kiritish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Protez uchun ariza berishni istagan ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyaga murojaat qilishlari mumkin, u yerda mutaxassislar tegishli xayriya tashkilotini tanlash va hujjatlarni to‘plashga yordam beradi. Barcha protezlar bolaning jismoniy xususiyatlarini hisobga olgan holda individual ravishda taqdim etiladi. Ishlab chiqarish jarayoni modelga qarab 20 dan 40 kungacha davom etadi.

"Motorika" kompaniyasi sotuv menejeri Ivan Sofronov mahsulotlar narxlari haqida ma’lumot berdi:

“Kompaniyamiz 10 yildan buyon tibbiyot va robototexnika sohasida faoliyat yuritadi. Yuqori va pastki qo‘llar uchun protezlar hamda assistiv texnologiyalar ishlab chiqaradi. Bizda dunyoda yagona hisoblangan faol tortuvchi protezlar, bundan tashqari, bionik qo‘l protezlari mavjud. Barmoqlari saqlanib qolgan qo‘llar uchun ham maxsus blokli protezlar tayyorlaymiz: masalan, bir barmoq mavjud bo‘lsa, qolgan to‘rttasi aktiv blok sifatida o‘rnatiladi.

Narxiga to‘xtaladigan bo‘lsak, eng oddiy faol tortuvchi protez 2300 AQSh dollaridan boshlanadi, bionik bilak protezi esa — 8000 AQSh dollari atrofida bo‘ladi.

Hozirda mamlakatingizdagi Ijtimoiy himoya agentligi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Rossiya xayriya fondlari, xususan "Vse-vse vmeste" jamg‘armasining moliyalashtirishi hisobiga protez qo‘llarni hamyurtlaringizga yetkazib bermoqdamiz. O‘zbekistonda bizga bu jarayonda “Ortostan” kompaniyasi ko‘mak bermoqda” dedi u.

Motorika — bolalar va kattalar uchun qo‘l, qo‘l‐kisti va oyoq protezlari ishlab chiqaradi, ishlab chiqarish jarayonida mustahkam, yengil materiallar va 3D-pechat texnologiyasi qo‘llanadi . Kompaniya O‘zbekistonda protezlashni rivojlantirish, reabilitatsiya tizimini yangilash va mahalliy mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan. Ijtimoiy sheriklik, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va bo‘lajak tarmoqlarni rivojlantirish ustida ish olib boradi.