O‘zbekiston | 16:09 / 16.10.2025
2657
2 daqiqa o‘qiladi

Oksford o‘quv dasturiga o‘zbek va qadimgi o‘zbek (chig‘atoy) tillarini kiritgan birinchi va yagona universitet bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Oksford universitetida o‘zbek tadqiqotlari dasturining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. Oksford Buyuk Britaniyada o‘zining “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakulteti o‘quv dasturiga o‘zbek va qadimgi o‘zbek (chig‘atoy) tillarini kiritgan birinchi va yagona universitet bo‘ldi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Dasturning tantanali ochilish marosimida Oksford universitetining Volfson kolleji prezidenti ser Tim Xitchens, Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasining Xalqaro munosabatlar va mudofaa qo‘mitasi a’zosi lord Malkolm Bryus, “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakulteti dekani o‘rinbosari, professor Nikolay Sinay, Oksford lord-meri Luiza Apton va Oksford universiteti ilmiy hamjamiyatining boshqa vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida Saida Mirziyoyeva Bodlian kutubxonasiga tashrif buyurdi. Bu yerda mamlakatimiz tarixi bilan bog‘liq Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” (XV asr) asari nusxalari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si (XV asr), Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy”si (XV asr), Boburiylar davriga oid miniatyuralar va boshqa shu kabi nodir kitoblar saqlanadi.

Saida Mirziyoyeva ayollarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qo‘shgan hissasi, oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortish tarafdori bo‘lgani hamda o‘zining serg‘ayrat va namunali yetakchiligi orqali xotin-qizlarni ilhomlantirish, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish missiyasini amalga oshirayotgani uchun Oksford universitetining mukofoti bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid