Jamiyat | 10:15 / 13.01.2026
5267
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda maktabdan qaytayotgan o‘quvchi piyodalar yo‘lagida mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi

Jizzaxda piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan qiz mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda YTH videosi tarqalgach, Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati hodisa yuzasidan ma’lumot e’lon qildi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi ushlangan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda Cobalt piyodalar yo‘lagida piyodani urib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Kun.uz holatga aniqlik kiritdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, YTH 2025 yil 7 dekabr kuni soat 19:20 lar atrofida Jizzax shahri hududida sodir bo‘lgan. 2000 yilda tug‘ilgan Sh.Sh. otasiga tegishli Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 2008 yilda tug‘ilgan M.M.ni urib yuborgan. 17 yoshli qiz bu paytda maktabdan chiqib, yashash uyiga qaytayotgan bo‘lgan.

YTH oqibatida og‘ir tan jarohati olgan piyoda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u 20 dekabr kuni vafot etgan.

Jizzax viloyati IIBning rasmiy munosabatiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi belgilangan tartibda ushlangan. Ayni vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Jizzaxda ikkita yuk mashinasi to‘qnashuvida bir kishi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid