Buyoqda hali mo‘ri tekshiradiganlar navbat kutyapti: bugun-erta kelib qolsa ajablanmayman. Koshki o‘sha korxonalarning xodimlari qishloqlarda o‘z vazifasini vijdonan bajarsa edi. Ammo Urgutda bunday bo‘lmayapti.

Birinchi voqea

Yaqinda mahalla idorasiga ish bilan kirsam, ortimdan «biz «Agrosug‘urta» kompaniyasi Urgut tuman bo‘limidanmiz, mahallaga uy-joy va chorva mollarini sug‘urta qilishga keldik», deb ikki qiz va bir yigit kirib keldi.

Mahalla raisi ularga ruxsatnoma yozib berishi kerak ekan. Shunda mahallamiz raisi ham, men ham ularga «aholini chalg‘itib, bu sug‘urtani majburiy demaslik kerakligi, to‘g‘ri targ‘ibot qilinsa ham aholi orasida o‘z uy-joyini, chorva mollarini ixtiyoriy sug‘urta qiladiganlar albatta chiqishi»ni aytdik.

Ular «xo‘p», deya mahalla oralab ketishdi. O‘sha kuni ular qanday ishlashdi, aholiga nima deyishdi xabarim bo‘lmadi. Ammo oradan ikki kun o‘tib Samarqandda seminar boshlanayotgan chog‘da uydan otam qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

«Qandaydir sug‘urta kompaniyasidanmiz, deb ikki qiz, bir yigit keldi. Uy-joy va chorva mollarini ixtiyoriy-majburiy sug‘urta qilishar ekan», dedi otam.

Taxmin qildim, ikki kun oldin mahalla idorasida ko‘rganim yigit-qizlar ota hovlimizga borishgan. Shundan so‘ng otamga «telefonni bering-chi», deb o‘sha sug‘urta agenti bo‘lgan bola bilan gaplashdim. Tabiiyki, u ikki kun ilgari o‘zi bilan gaplashgan odam ekanimdan bexabar.

– Uka, uy-joy va chorva mollarini majburiy-ixtiyoriy sug‘urta qilishni bir tushuntiring-chi, nimasi majburiy, nimasi ixtiyoriy?

– Bizda eng arzon sug‘urta 40 ming so‘m, qimmati milliongacha ketaveradi. Buni tanlash ixtiyoriy. Sug‘urta qilish esa majburiy.

– Xo‘p, nima asosga ko‘ra uy-joy va chorva mollarini sug‘urta qilish majburiy?

– Bu haqda prezidentning farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori bor.

– Qo‘lingizda o‘sha farmon va qarorning nusxasi bormi?

– Bor.

– Qani o‘shandan «majburiy» degan joyini o‘qib bering-chi.

Shu payt agent qo‘lidagi, o‘zim ikki kun oldin ko‘rgan Urgut tuman «Mahalla» jamg‘armasi raisining mahallamiz raisi nomiga yozgan «Sug‘urta bozorini rivojlantirish haqidagi prezidentning falon farmoni, Vazirlar Mahkamasining falon qaroriga ko‘ra…» deb boshlangan va oxirida «amaliy yordam ko‘rsating», degan mazmunda yozilgan xatini o‘qib berdi.