O‘zbekiston | 19:01 / 13.04.2021
10284
2 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar daftari»dagi yoshlar uchun bir oylik armiya xarajatlari qoplab beriladi

Yoshlar agentligiga yil davomida qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar masalasida o‘tkazilgan videoselektorda ma'lum qildi.

«Bugungi kunda respublika bo‘yicha 120ta IT-markazini 4 mingga yaqin «yoshlar daftari»ga kirganlar tamomlagan. Bunday yoshlar kelgusida biznes boshlashi uchun kompyuterlar bilan ta'minlab berish zarur.

Buning uchun, «bir million dasturchi» loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xaridi uchun «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Xalq banki» kreditlar ajratadi, ularning foiz xarajatlari to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Ya'ni kredit foizsiz beriladi.

Shuningdek, 1 iyundan boshlab «yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni o‘tash xarajatlari budjetdan to‘lab beriladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, «yoshlar daftari»ga kirganlarga, qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta'lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta'lim tashkilotlarida o‘qish xarajatining bir qismi qoplanadi.

Shu bilan birga, 1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi.

Bundan tashqari, yoshlarning professional ta'lim maktablari, texnikumlarda o‘qishi uchun to‘lanadigan kontrakt summasi daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Ushbu maqsadlar uchun Moliya vaziri Timur Ishmetov Yoshlar agentligiga yil davomida qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Mavzuga oid