Iqtisodiyot | 15:25 / 20.08.2025
6654
2 daqiqa o‘qiladi

80 ta tumandagi bog‘cha va maktablarning bo‘sh yerlarida bog‘chalar quriladi

Bog‘cha qamrovi past bo‘lgan 80 ta tumandagi bog‘cha va maktablarning bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurishga ruxsat beriladi. Tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun chegara hududlarda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti tadbirkorlar bilan uchrashuvida xususiy ta’lim va xususiy tibbiyot bo‘yicha yangiliklarni aytib o‘tdi.

Ta’limda xususiy sektor uchun keng yo‘l ochib berilgani hisobiga oxirgi 8 yilda xususiy bog‘chalar soni 31 mingga, maktablar esa 645 taga yetdi.

Endilikda bog‘cha qamrovi 70-80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik beriladi. Avvalo, bu tumanlardagi bog‘cha va maktablarni bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi.

Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi, ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi.

Ushbu tumanlardagi boshqa joylarda bog‘cha tashkil qilaman, degan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratiladi, faoliyatini o‘zgartirmaslik sharti bilan yer tekinga beriladi, ularga ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi, tarbiyachilarining maoshi uch yilgacha to‘lab beriladi.

Xususiy tibbiyotda to‘plangan ulkan tajriba, yangi texnologiyalar, malakali kadrlar tadbirkorlar uchun bu soha jozibadorligini oshirib, sifatni yaxshilashga turtki bermoqda. Buni 7 yilda xususiy klinikalar 3,5 mingdan 8,5 mingtaga ko‘payganida ham ko‘rish mumkin.

“Sizlar bilan birga O‘zbekistonni mintaqadagi yuqori texnologik tibbiyot xabiga aylantirishimizga ishonaman. Buning uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasini qilib berishga tayyorman”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chegara hududlarda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil qilinadi.

Ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Bunda tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi.

Mavzuga oid