O‘zbekiston | 19:02 / 08.03.2020
27308
9 daqiqa o‘qiladi

«Darrov ayolni ayblay boshlamaslik kerak» – «O‘zbekoyim»da Shahnoza Soatova

Shahnoza Soatova – o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis, jurnalistlik tajribasiga ega bloger. 2020 yil fevral oyidan beri Adliya vazirining ma'naviy-ma'rifiy ishlar, davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

Jamiyatdagi faol ayollarni tanitib boruvchi «O‘zbekoyim»ning navbatdagi sonida Shahnoza Soatova bilan suhbatlashdik.

U qonunlarning ishlashidagi to‘siqlar, kitobxonlik madaniyati muammolari, jamiyatning ayollarga munosabati va boshqa mavzulardagi qarashlari bilan bo‘lishdi.

«Huquqiy savodxonlikning o‘zi yetarli emas – huquqqa rioya qilish ko‘nikmasi va xohish ham kerak»

– Inson huquqni bilishi mumkin, lekin unga amal qilishi, amal qilishni istashi boshqa masala. Gap faqat huquqiy savodxonlikning o‘zida emas.

Oddiy misol: haydovchi yo‘lda piyodani o‘tkazib yuborish kerakligini biladi, lekin o‘tkazib yubormaydi. Bu huquqni qo‘llashni istashi yoki boshqalarning huquqini hurmat qilish ma'nosida haydovchining ichki madaniyatiga bog‘liq.

Har bir bo‘g‘inda huquqiy madaniyat bilan muammo bor. Mansabdorlar, davlat xizmatchilari, oddiy fuqarolarda ham huquqiy madaniyat bilan muammolar bor va buning ustida yillar davomida ishlashimiz kerak.

Ma'lumotni yetkazib qo‘ygan bilan ish bitmaydi. Bir marta odamga ma'lumotni yetkazsangiz, bu – axborot. Uni bilimga aylantirish kerak. Keyin ko‘nikmaga aylantirish, shu ko‘nikmaga rioya qilishga istak uyg‘otish kerak.

Umuman olganda, insonlarda qonunlar asosida yashash qonunsiz yashashdan ko‘ra o‘zlari uchun foydali va qulay ekanligini tushunishlari kerak.

Bizda qonunga nisbatan mensimaslik bor, ta'sirchanlik yo‘q. Yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolarimiz bor. Ulardan eng kattasi – korrupsiya, uni jilovlash qiyin bo‘lyapti.

Odamlar hamma qonunlarni bilishi imkonsiz. Lekin ishi tushib borganda uning o‘z huquqini bilmasligidan u yerdagi xizmatchi foydalanib qolishi mumkin. Huquqini biladigan odamni aldash qiyinroq. Shuning uchun odamlar hech bo‘lmasa o‘z elementar huquqlarini bilishi va tepadagilarni pastdan turtib turishi kerak.

«O‘zbek tilini o‘rganishdan manfaat bo‘lishi kerak»

Shahnoza Soatova

– O‘zbek tilining targ‘iboti sust darajada. Boshqa til egalari o‘zbek tilini o‘rganaman deganda ularga shuni sifatli taqdim etadigan na uslubiy qo‘llanmalar, na o‘quv markazlari, na internetda yetarli kontent mavjud emas. Bu narsa bilan hech kim hozirgacha tizimli ravishda shug‘ullanmagan. Hamma joyda o‘zbek tilini o‘rgatuvchi axborotlar yog‘ilib ketishi kerak.

Tilni rivojlantirish uchun tarjima rivojlanishi kerak. Chunki bu tilda juda ko‘p o‘qiladigan narsa bo‘lishi kerak. Jahon adabiyoti, mediasida nimaiki yangilik chiqsa, tezda o‘zbek tilida ham u paydo bo‘lishi kerak. Bu tilning o‘zi uchun mashq.

O‘zbek tilini o‘rganishdan odam o‘ziga manfaat ko‘rishi kerak –istaymizmi-yo‘qmi, kapitalistik dunyoda yashayapmiz.

Kitobxonlik madaniyati muammolari

1. Kitobxonlik bizda tobora susayib boryapti. O‘zi o‘ylab qarasak, tarixda qachon juda kitobxon millat bo‘lganmiz? Biz har doim nisbatan kam o‘qigan millat bo‘lganmiz. Mana shu mentalitet bilan kurashishimiz kerak.

Kitob bozorini rivojlantiruvchi bu – o‘quvchilar. Bu bozor. Talabga yarasha taklif bo‘ladi. Ko‘p, yaxshi va sifatli o‘qishni istaydiganlar uchun ko‘p, yaxshi va sifatli kitob chiqariladi.

2. O‘zimizda xoh ilmiy, xoh badiiy bo‘lsin ― asarlar kam yaratilayotgani fakt. Bunga birinchi sabab ― senzura. Ikkinchi sabab ― g‘oyasizlik. Bu ham adabiyotimizni o‘ldirdi. Ancha yillar davomida na zamona qahramonini, na mafkurani belgilab ololmadik. Nimani yozsin, nimani olib chiqsin yozuvchi?

3. Mualliflik huquqi bilan muammolarimiz juda ham ko‘p. Kitob bozorining katta qismini kontrafakt mahsulotlari egallab olgan. Noshir o‘zi mehnat bilan tayyorlagan kitobni 20 ming so‘mdan chiqaradi. Bu yaxshi kitob. Uni qaroqchilar darrov olishadi, skaner qilishadi, oddiy qog‘ozga tushirishadi, kechasi qandaydir nashriyotda tikishadi. Keyin bozorda 5-6 mingdan sotishadi. O‘quvchiga farqi yo‘q, unga mazmun kerak. O‘sha mazmunni 20 mingli kitobdan olyaptimi, 6 mingli kitobdanmi ― farqi yo‘q. Natijada, noshir qilgan mehnatiga kuyib qolyapti, muallifga mualliflik haqini to‘lay olmayapti, muallif esa boshqa yaxshi kontent yozolmayapti.

Agar bunday qaroqchilikka chek qo‘ymasak, bizda hech qachon yaxshi, ma'rifat ulashuvchi kitoblar ham, ilm ham bo‘lmaydi. O‘rniga chetdan kelayotgan kitoblar, mafkuralar... Keyin unga ham ko‘nishimizga to‘g‘ri kelib qoladi.

4. Odamlarning xarid qobiliyati ham rol o‘ynaydi. Chunki birlamchi ehtiyojlardan ortib kitob sotib olishadi.

Noshirlar yaqinda kitob mahsuloti uchun belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘iga juda ko‘p e'tiroz bildirishyapti. Umuman olganda, hamma joyga bir xil soliq prinsiplarini qo‘llash to‘g‘ri. Lekin ba'zi sohalarga homiylik kerak.

Ruslar maktab davomida har bir o‘quvchi o‘qib chiqish kerak bo‘lgan 100 kitob reytingini tuzishgan. Tasdiqlab, barcha ta'lim muassasalariga tarqatishgan. Bizda ham shunday ro‘yxatlar bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda o‘zim tavsiya qilishim mumkin bo‘lgan adabiyotlar: Gabriyel Garsia Markesning «Oshkora qotillik qissasi», Nazar Eshonqulning «Urush odamlari», Murod Muhammad Do‘stning «Galatepaga qaytish» asarlari, Okutagava kitoblari.

«Monopol tashkilotlar o‘zgarishi kerak»

– Faoliyati menga ma'qul bo‘lgan tashkilot sifatida Tanzila Kamolovna boshchiligidagi Senatni ayta olaman. Axborot ochiqligi masalasida Ichki ishlar vazirligini aytishim mumkin. Tizimning o‘zida muammolar ko‘p, ammo aynan axborot sohasida ko‘pchilik bu vazirlikni tan oladi.

«O‘zbekiston pochtasi» juda ham jahlimni chiqardi, u har doim jahlimni chiqaradi. Umuman, monopol tashkilotlar o‘zgarishi kerak. «Matbuot tarqatuvchi», «O‘zkitobsavdo». Bular ma'rifat tarqatuvchi tashkilotlar. Ularning hammasi o‘zgarishi kerak.

«Ayollarni ayblashga avvaldan tayyor turmaslik kerak»

– Jamiyatni o‘zgartirish imkoniyati qo‘limda bo‘lganida, birinchi galda erkaklarning rahbar ayollarga munosabatini o‘zgartirgan bo‘lardim. O‘zim bunday holatga duch kelmadim, lekin oxirgi vaqtlardagi bahslar ta'sirida bo‘lsa kerak... Ulkan natijalarga erishgan Aziza Shonazarovaga o‘xshagan vatandoshlar haqida ham yomon gaplarni gapirishdi. Xorijda vafot etgan Nodira Qodirova masalasini ham aytish mumkin.

Umuman, rahbar ayollarga emas, ayollarga munosabatni o‘zgartirishni istardim. Ayollarni ayblashga avvaldan tayyor turmaslik kerak. Nima bo‘lsa ham, «Balki o‘zidadir ayb?!» degan narsani xayoliga keltirmasligi kerak odamlar. Chunki hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Hech kim baxsiz bo‘lishni istamaydi. Hech kim o‘z yurtidan tashqarida xor bo‘lib o‘lishni istamaydi. Hech kim oilasi buzilishini, beva qolishni istamaydi.

Oila buzilsa, birinchi galda ayol aybdor bo‘lmasligi, ikki kishining ham mas'uliyati teng bo‘lishi kerak.

Biror ayol rahbarlikka kelganda ham unda avvalo ayolni emas, rahbarni ko‘ra olish darkor. Kelibdimi, demak, ayollikdan tashqari qaysidir sifati bilan keldi. Insonni avvalo shaxsiy sifatlari bilan baholashga o‘tishimiz kerak.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi ― Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid