Jahon | 16:48 / 10.07.2025
13573
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Trampning 25 foizlik bojlar haqidagi maktubiga javob yo‘lladi

AQSh prezidenti Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan ayrim mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy qildi. To‘qayev savdo masalasida ikki davlat murosaga erishishiga ishonch bildirdi.

Foto: Reuters

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQSh prezidenti Donald Trampga Qozog‘iston tovarlari importiga boj joriy etilishi munosabati bilan javob maktubi yo‘lladi, deb xabar berdi Oqo‘rda.

«Davlat rahbari Qozog‘iston Amerika Qo‘shma Shtatlarining uzoq yillik savdo va sarmoyaviy sherigi sifatida adolatli, bashorat qilinadigan, o‘zaro manfaatli savdo munosabatlarini rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi», deyiladi xabarda.

Qozog‘iston prezidenti mamlakat savdo masalalarining oqilona yechimini ishlab chiqish maqsadida konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlagan. Shuningdek, To‘qayev savdo masalasida ikki davlat murosaga erishishiga ishonch bildirgan.

7 iyul kuni AQSh prezidenti bir qator davlatlar rahbarlariga 1 avgustdan yangi bojlar joriy etilishi haqida maktub yubordi. Maktub olganlar orasida Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham bor. Tramp unga yo‘llagan maktubda Qozog‘iston tovarlariga 25 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy etilishi haqida so‘z boradi.

Qozog‘iston Savdo vazirligi vakillari Oq uyga aniq takliflar yuborganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, 25 foizlik bojlar Qozog‘istonning Qo‘shma Shtatlarga eksportining 95 foiziga ta’sir qilmaydi. Jumladan, bojlar neft, uran, kumush, ferroqotishmalar, tantal va titanga taalluqli emas.

Mavzuga oid