«Bunaqasini faqat kinolarda ko‘rganmiz» – Farg‘onadagi portlash guvohlari
Ma’lum bo‘lishicha, odamlar avvaldan shahar ichida, atrofida bog‘cha va uylar bo‘lgan mazkur zapravka qurilishiga norozilik bildirishgan. Ammo mas’ullar bunga e’tibor qaratmagan. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, guvohlar va rasmiylar bilan suhbatlashdi.
17 dekabr kuni soat 13:43 da Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan ko‘p yoqilg‘ili AYoQSh va AGQShda portlash sodir bo‘ldi. Suyultirilgan gaz to‘kish vaqtida texnologik jarayonlar buzilishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagani oqibatida chaqnash ro‘y bergan, shundan so‘ng yong‘in chiqqan.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ko‘ra, qutqaruvchilar voqea joyiga soat 13:47 da yetib borgan, soat 14:02 da yong‘in o‘rab olinib, soat 14:12 da batamom o‘chirgan.
Hodisa jiddiy oqibatlarga ega bo‘ldi. Kamida 1 kishi halok bo‘lgan, jarohat olganlar bor, avtomobillar, o‘nlab binolarga zarar yetgan.
Hodisa joyida bo‘lgan Kun.uz muxbiri guvohlar va rasmiylar bilan suhbatlashdi.
«Shu zapravkaga qaragan, yangi qurilgan uyning uchinchi qavatida yashaymiz. Hamma baqir-chaqir qilib yubordi, oynadan qaradim. Yonyapti. Hamma qo‘rqqanidan bolalarni olib, kiyinishga ham ulgirmasdan ko‘chaga yugurib chiqdi. Oynalar sinib, yer qimirlab ketdi. Uy buzilib ketadi deb o‘yladik.
Mashinalar o‘tib ketayotgan joyida yonib ketdi. Qayg‘uli holat bo‘ldi. Zapravka yonida ovqatlanadigan joy, bog‘cha bor, yangi uylar qurilmoqda», deydi guvohlardan biri Hamidjon Madrahimov.
Yana bir guvoh esa bu kabi portlashni faqat kinolarda ko‘rganini aytadi:
«Men qaraganimda ikkinchi portlash bo‘ldi. Kinolarda ko‘rganmiz bunaqa portlashni, haqqoniy ko‘rdim o‘zim ham. Narsalar 50-60 metrgacha uchdi, sochildi. O‘t chiqdi va qattiq gumburlagan ovoz chiqdi. O‘zimiz ham 2 metrga uchib tushdik. Borsak mashinalar yonib yotibdi. Gentra’dagi aka yo‘lda qayrilib olayotgan holatda mashina yonayotgan edi. Akani tushirib, shifoxonaga jo‘natdik. U tomonda mashinalar yonayotgandi, to‘g‘risi, yaqinlasha olmadik, yana portlamasin deb qo‘rqdik.
Bilishimcha, propandan kelib chiqqan o‘t: ikki marta portladi, birinchisi uncha qattiq bo‘lmadi. Ammo ikkinchisi yaqin oradagi uylarning oynalarini sochib tashladi. Talafot yaxshigina bo‘ldi, 5-6 ta mashina yonayotgandi», deydi u.
Boshqa bir guvohning bildirishicha, mazkur AYoQSh va AGQSh qurilishida odamlar norozilik bildirishgan. Biroq mas’ullar bu norozilikka e’tibor qaratmagan.
«Odamlar bu yerda zapravka qurilmasin deb aytgan. Shaharning ichida-ku bu. Umuman, bu kabi zapravkalar 2-3 km tashqarida, chetroqda bo‘lishi kerak. Benzin bor edi, propan ochilganiga uch oy bo‘ldi, deyishyapti. Odamlar “mumkin emas” deyishganiga hech kim quloq solmagan. Mana, odam o‘ldi, boshqalarga jarohat yetgan», deydi u.
Portlash kuchi hodisa joyidan 500-600 metr uzoqlikdagi uylarda ham sezilgan. Mahalliy aholi vakillaridan biri gumburlagan ovozdan so‘ng uylarning eshiklari qimirlab ketganini ta’kidlaydi.
Shuningdek, yaqin atrofda joylashgan bolalar bog‘chasida ham xavotirli holat yuzaga kelgan: uxlab yotgan bolalar tezda tashqariga olib chiqilgan. Ikki soat ichida barcha ota-onalar kelib, bolalarini olib ketishgan.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Ahliddin Alijonov hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani, 4 kishi jarohatlangani, yana 8 kishi tibbiyot xodimlari nazoratida ekanini ma’lum qildi.
«Soat 14:00da RShTTYoIM Farg‘ona filialiga kuyish tan jarohati olgan 9 nafar bemor olib kelindi. Ularga kerakli tibbiy yordamlar ko‘rsatilib, 3 nafari kattalar reanimatsiya bo‘limiga, 2 nafari bolalar rayenimatsiya bo‘limiga yotqizildi», deydi shifokor Davlatbek Oripov.
Hozirgi vaqtda bemorlarning holati og‘ir stabil ekani aytilgan.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024