Jahon | 11:40 / 17.10.2025
8252
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlar bo‘lgan avtobus YTHga uchrab, ag‘darilib ketdi

Rossiyaning Amur oblastida ishchilarni olib ketayotgan avtobus yengil avtomobil bilan to‘qnashib, ag‘darilib ketdi. Yo‘lovchilar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi aytilmoqda.

Rossiyaning Amur oblastida migrantlarni olib ketayotgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Amur viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabar berdi.

TASS xabariga ko‘ra, baxtsiz hodisa 16 oktyabr kuni Svobodniy shahri chekkasida sodir bo‘lgan. Amur gaz-kimyo majmuasi qurilishida ishtirok etayotgan Turkiyaning Yamata pudratchi kompaniyasi ishchilari bo‘lgan avtobus bilan Toyota Probox to‘qnashib ketdi. To‘qnashuvdan keyin avtobus yo‘ldan chiqib, ag‘darilib ketgan

Avtobusda Turkiya va Tojikiston, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani aytilgan.

Jarohatlangan 49 kishidan biri vafot etdi, 14 nafari kasalxonaga yotqizildi, bir nafari og‘ir ahvolda reanimatsiyada.

Voqea yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-1-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Migratsiya agentligi ushbu avtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan hodisa yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borildi. 
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, YTH oqibatida 1 nafar avtobus yo‘lovchisi halok bo‘lgan, 14 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Ushbu avtobusda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmagan.

 

 

Mavzuga oid