Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Buyuk dasht: tarix va madaniyat». Qozog‘iston ko‘rgazmasi O‘zbekistonda
Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyining «Buyuk dasht: tarix va madaniyat» nomli ko‘rgazmasi O‘zbekiston Davlat san'at muzeyida namoyish etilmoqda, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri..
2018 yil Qozog‘istonda «O‘zbekiston yili» sifatida o‘tkazilgan va buning natijasi o‘laroq, ikki mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy-madaniy aloqalar mustahkamlangan edi. Bunga javoban 2019 yil O‘zbekistonda «Qozog‘iston yili» sifatida o‘tkazilishi belgilangan.
Bu harakatning ilk namunasi sifatida Qozog‘iston Milliy muzeyining «Buyuk dasht: tarix va madaniyat» ko‘rgazmasi O‘zbekiston davlat san'at muzeyida 1 oy (11 apreldan 11 mayga qadar) davomida namoyish etiladi. Bu haqda ko‘rgazma tantanali ochilish marosimidan avval ikki mamlakatning rasmiy vakillari va madaniyat arboblari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

«2017 yilda Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyida bizning «O‘zbekiston zamonaviy rassomlari» ko‘rgazmamiz namoyish etilgan edi. Mazkur ko‘rgazma esa shunga javoban o‘tkazilmoqda. Bunday madaniyat almashinuvlari qardosh mamlakatlar aloqalarining har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qiladi, albatta», —deydi O‘zbekiston davlat san'at muzeyi direktori Vasila Fayziyeva.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova qozoq madaniyatining o‘ziga xosliklarini alohida e'tirof etdi.
«Mazkur ko‘rgazma qozoq madaniyatining shakllanish bosqichlarini ko‘rsatib beradi. Uzoq vaqt davomida ko‘chmanchilik madaniyatiga munosib baho berilmagan. Ammo Qozog‘istonda o‘tgan asrning ikkinchi yarmida qilingan arxeologik yangiliklar ko‘chmanchi xalqlar juda boy madaniyatga ega bo‘lganini amaliy jihatdan isbotlab berdi. Aynan ko‘chmanchi xalqlar bir yerdan ikkinchi yerga sivilizatsiyaning tarqalishiga katta ta'sir ko‘rsatgan», — deydi Oqilova.

Anjumanda ishtirok etgan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Satybaldy Darxan Amangeldiyevich ham ikki qardosh mamlakat munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi.
«2018 yili Qozog‘istonda «O‘zbekiston yili»ning o‘tkazilishi nafaqat ikki mamlakatda, balki jahon hamjamiyatida ham katta ijobiy rezonansga turtki bergan edi. Siyosat, madaniyat, iqtisodiyot sohalarida hamkorlik aloqalari yanada yaxshilandi, o‘zaro tovar almashinuvi hajmi 25 foizga ortdi. Qozog‘iston fuqarolarining chetga chiqishda yoki aksincha qaytishda Toshkentga to‘xtab o‘tishini ham bu iliqlashuvning samarasi sifatida ko‘rsatish mumkin. O‘zbekistondagi «Qozog‘iston yili»ning o‘tkazilishi ham strategik maqsadlarga xizmat qilib, har ikki mamlakat va uning fuqarolari uchun manfaatli bo‘ladi, deb umid qilaman», — deydi elchi.
Mazkur ko‘rgazmaning eng e'tiborli eksponati «Oltin odam» hisoblanadi. 1960 yillar oxiri va 1970 yillar avvalida Olmaota atroflarida yirik arxeologik eksponat topildi. Issiq qo‘rg‘onida tadqiqot ishlarini olib borayotgan arxeolog Kemal Akishev saklar qabilasi shohi ─ Oltin odamning qoldiqlarini topdi. Mamlakat ramziga aylangan mazkur topilma «Qozoq Tutanxamoni» deya nom olgan.

«Oltin odam»ning bugungi kunga qadar Qozog‘istonda 6ta qabri topilgan. Shuningdek, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda viloyati, Qozoq Oltoyi qabristonlaridan topilgan takrorlanmas arxeologik topilmalar ham ko‘rgazmada namoyish etilmoqda.
Eksponatlarning aksariyatini ilk temir davriga tegishli birinchi dasht davlatlarining merosi ─ oltindan yasalgan, jonivorlar tasviri tushirilgan buyumlar tashkil etadi. Ko‘rgazma namoyishida original uslubdagi, haqiqiy dasht muhitini yodga soluvchi bannerlardan samarali foydalanilgan. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida qozoq madaniy hayotining o‘ziga xosligini ko‘rsatuvchi kichik lavha ham mehmonlarga namoyish etilmoqda.



Bugungi kunga qadar mazkur ko‘rgazma namoyishi Belorus, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Polsha, Koreya va Tatariston Respublikalarida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Loyiha 2020 yilga qadar dunyoning 20 mamlakatida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 14 aprel kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelishi kutilmoqda. Prezidentlar qo‘shni qardosh mamlakatda muvaffaqiyatli yakuniga yetgan O‘zbekiston yilining mantiqiy davomi bo‘ladigan O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etishadi.
Mavzuga oid
19:01 / 12.01.2026
AEXA O‘zbekistonni uran chiqindilaridan tozalash rejasini tasdiqladi
12:44 / 07.01.2026
O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish davlatlari soni oshiriladi
18:02 / 05.01.2026
O‘zbekistonda bir yilda 4 000 ta standart bekor qilindi
20:57 / 03.01.2026