Jahon | 15:14 / 09.09.2025
11424
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu himoyasiz xalqni qirib tashlash» – Ispaniya Isroilga to‘liq qurol embargosini joriy qildi

«O‘z mamlakatingni himoya qilish bir narsa, ammo shifoxonalarni bombardimon qilish va bolalarni ochlikdan o‘ldirish butunlay boshqa narsa», dedi Isroilga qarshi choralarni e’lon qilgan Ispaniya bosh vaziri. Uning aytishicha, bu – harbiy jinoyatlarni to‘xtatishga yetarli bo‘lmasligi mumkin, lekin «ispan xalqi to‘g‘ri tomonda turganini ko‘rsatadi». Shundan so‘ng Isroil bilan diplomatik mojaro kelib chiqdi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches / Foto: AFP

8 sentabr kuni Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuning harbiy kampaniyasini to‘xtatishga majbur qilish uchun yangi choralarni e’lon qildi. U Ispaniya hukumati doimo Isroilning mavjud bo‘lish va o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini, ammo «qirg‘inni to‘xtatishga» majbur ekanini ta’kidladi.

«O‘z mamlakatingni va jamiyatingni himoya qilish bir narsa, ammo shifoxonalarni bombardimon qilish va begunoh bolalarni ochlikdan o‘ldirish butunlay boshqa narsa», dedi u.

«Bosh vazir Netanyahu 2023 yil oktyabrida terrorchilik hujumlariga javob sifatida taqdim etgan harbiy operatsiya oxir-oqibat noqonuniy bosqinlarning yangi to‘lqiniga va falastinlik tinch aholiga qarshi asossiz hujumga aylandi. Bu hujumni BMT maxsus ma’ruzachisi va mutaxassislarning ko‘pchiligi allaqachon genotsid deb atamoqda».

Sanches halok bo‘lganlar, yaralanganlar, ko‘chirilganlar va oziq-ovqatsiz qolganlar soniga ishora qildi. «Bu o‘zini himoya qilish emas; bu hatto hujum ham emas», dedi u. «Bu himoyasiz xalqni qirib tashlash. Bu gumanitar huquqning barcha qoidalarini buzishdir».

The Guardian nashrining yozishicha, Sanchesning so‘zlari va qarorlari Ispaniya bilan Isroil o‘rtasida keskin diplomatik tortishuvni qayta avj oldirdi. Rasmiy Madrid dushanba kuni tushdan keyin Tel-Avivdagi elchisini chaqirib oldi.

Ispaniya yetakchisi telemurojaatida xalqaro hamjamiyatni ham tanqid qildi: «Yirik davlatlar cheksiz mojaro ustida befarqlik va Netanyahu hukumatiga hamkorlik o‘rtasida falaj bo‘lib qoldi», dedi u.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches «G‘azodagi genotsidni to‘xtatish va uning aybdorlarini jazolash» chorasi sifatida Isroil bilan harbiy texnika savdosini taqiqlovchi qonunni rasman kuchga kiritdi. Ispaniya portlari va havo hududidan Isroil armiyasiga qurol va yoqilg‘i tashishga taqiq joriy qildi. U, shuningdek, «genotsidda bevosita ishtirok etganlarga» Ispaniyaga kirishga taqiq qo‘yilishini e’lon qildi va G‘azoga gumanitar yordamni oshirishini bildirdi.

«Bilamizki, bu choralar bosqinni yoki harbiy jinoyatlarni to‘xtatishga yetarli bo‘lmaydi. Lekin umid qilamizki, ular Netanyahu va uning hukumatiga bosimni kuchaytiradi, Falastin xalqi azoblarini biroz yengillashtiradi. Va ispan xalqiga ularning mamlakati 21-asrning eng qora sahifalaridan birida tarixning to‘g‘ri tomonida turganini ko‘rsatadi», dedi Sanches.

Sloveniya bosh vaziri Robert Golob

Joriy yil 31 iyul kuni Sloveniya – Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib Isroil bilan har qanday qurol savdosini, shuningdek, harbiy texnikalar tranzitini taqiqlagandi. «Ichki kelishmovchiliklar sabab Yevroittifoq bu vazifani hozircha bajarolmayapti, natijada G‘azoda insonlar o‘lyapti. Bunday vaziyatda har qanday mas’ul davlat o‘z zimmasiga javobgarlik olib, choralar ko‘rishi shart», degan edi Sloveniya bosh vaziri Robert Golob.

Isroilning javobi

Isroil hukumati keskin javob qaytardi va Sanches ma’muriyatini «antisemitik hujum»da ayblab, bu bilan jamiyatni korrupsiya ayblovlaridan chalg‘itishga urinyapti, dedi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar

Bundan tashqari, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Ispaniyaning ikki yuqori lavozimli siyosatchisi — mehnat vaziri va bosh vazir o‘rinbosari Yolanda Dias hamda yoshlar vaziri Sira Regoga Isroilga kirishga taqiq qo‘yilishini e’lon qildi. Saarning so‘zlariga ko‘ra, ular «Sanchesning siyosiy zaifligidan foydalanib, uni asta-sekin anti-Isroil qarashlarini amalga oshirishga sudrab ketyapti».

Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi esa Isroil hukumatining bayonotlarini «yolg‘on va bo‘hton» deb atadi. Dias va Regoga qo‘yilgan taqiqni «qabul qilib bo‘lmas» dedi. Ispaniya tashqi siyosat idorasi «mamlakat – tinchlik, xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilishda qo‘rqitilmasligini» ta’kidladi.

The Guardian nashri manbalariga ko‘ra, elchi «Ispaniyaga qarshi bo‘htonli ayblovlar va ikki hukumat a’zosiga qarshi qabul qilib bo‘lmas choralarga javoban» qaytarib olingan.

Isroil esa o‘z elchisini 2023 yil noyabrida Madridga qaytarib olgan edi. O‘shanda Sanches G‘azodagi Isroil hujumlari xalqaro gumanitar huquqqa rioya etayotganiga «chin dildan shubha qilayotganini» aytgandi.

Foto: NYT

Isroilning genotsid ko‘rinishidagi hujumlari natijasida 2023 yil oktyabrdan buyon G‘azoda 64 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, 150 ming kishi jarohatlangan. 2 million kishi yashaydigan sektor qariyb vayron bo‘lgan, G‘azoda rasman ocharchilik boshlangan.

Mavzuga oid