O‘zbekiston | 16:46 / 07.05.2019
22825
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar qanday beriladi?

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy ta'lim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 
 
Norma’ning yozishicha, ushbu tavsiyanomalarni ichki ishlar organlarining shahodatlangan xodimlari, terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoatchilik xavfsizligini ta'minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarining farzandlari olishlari mumkin.
 
Tavsiyanoma (taqdimnoma) bir davlat oliy ta'lim muassasasining bakalavriati (ikkinchi ta'limdan tashqari) hamda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limdan tashqari) va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarining kunduzgi yoki sirtqi ta'lim shakliga bir marta kirish uchun 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
 
Tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish uchun komissiya tuziladi. Hujjatlar komissiyaga har yili 15 martgacha taqdim etiladi. Komissiya ularni har yili 1 aprelgacha ko‘rib chiqib, bu bo‘yicha bayonnoma tuzadi. Tavsiyanoma olganlarning ro‘yxati shu asosda ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Ro‘yxat ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga har yili 1 maygacha yuboriladi.
 
Tavsiyanomaga asosan o‘qishga qabul qilingan talaba (kursant) o‘qishdan chetlashtirilgan taqdirda (shu jumladan o‘z xohishi bilan o‘qishdan ketganda) ularga tavsiyanoma qaytadan berilmaydi.
 
Hujjat 6.05.2019 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid