O‘zbekiston | 19:30 / 09.11.2025
16275
4 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda

Xususan, har yili kasb bayrami kunida mukofot puli beriladi, turli tanlovlar tashkil etiladi, 15 yillik ish stajiga ega xodimlarning farzandlarining kontrakt summasini to‘lashda, shuningdek, uy-joy olishda yordam ko‘rsatiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatga asosan, 2026 yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi. Bu miqdor hozirda 1 mln 271 ming so‘mga teng.

Bayram munosabati bilan «Eng yaxshi shifokor», «Eng yaxshi shifoxona», «Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari», «Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari», «Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori», «Eng yaxshi tuman (shahar) o‘rta tibbiyot xodimi», «Eng yaxshi oilaviy poliklinika», «Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi» va «Eng yaxshi hududiy shifoxona» kabi nominatsiyalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Tanlov natijalari asosida g‘olib tibbiyot muassasalariga – 500 million so‘m, tibbiyot va rahbar xodimlarga – 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotlari beriladi.

2026 yil 1 apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan shifokorlarga BHMning 50 baravari (bugungi kunda 20 mln 600 ming so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliygohlarda bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi (BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi – bugungi kunda 6 mln 180 ming so‘m) qoplab beriladi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari davlat budjetidan to‘liq qoplanadi.

Har yili 15 yil ish stajiga ega 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning 25 foiz dastlabki badali to‘lab beriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab Milliy akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlarga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanadi.

Kelasi yil boshidan kamida uch yil ish stajiga ega davlat tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bir yilda bir marta bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlariga bir yilda bir marta respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, soha xodimlariga barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori ikki barobar kamaytiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yildan boshlab mazkur maqsadlar uchun har yili Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasiga qo‘shimcha indeksatsiya qilib boriladigan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratishi belgilangan.

Mavzuga oid