Ramzan Qodirov senator Suleyman Kerimovga qonli qasos bilan tahdid qildi
Checheniston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, dog‘istonlik senator Suleyman Kerimov va ikki nafar deputat uni o‘ldirishga buyurtma bermoqchi bo‘lgan.
Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov dog‘istonlik senator Suleyman Kerimov va Rossiya Davlat dumasining ikki deputatiga qarshi rasman qonli qasos e’lon qilishga tayyorligini aytdi. Qodirovga ko‘ra, ular Checheniston yetakchisiga suiqasdni buyurtma qilmoqchi bo‘lgan.
Ramzan Qodirov aytishicha, u Checheniston kuch bloki komandirlari va boshliqlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan. «TASS»ga ko‘ra, Qodirov Davlat dumasi deputatlari Bekxon Baraxoyev va Rizvan Kurbanov hamda Kerimovni «Wildberries ofisidagi mojaro konteksida» tilga olgan. Ramzan Qodirov Telegramʼdagi kanalida e’lon qilgan videoda rostdan ham u o‘z nutqida Kerimov hamda ikki deputatning familiyasini tilga olgan, ammo Checheniston rahbari bu vaqtda Wildberries haqida gapirmayotgan bo‘lgan.
«Agar ular buning aksini isbotlab bermasa, men rasman Baraxoyev, Suleyman Kerimov va Rizvon Kurbanovga qonli qasos e’lon qilaman. Ular [Ramzan Qodirovni o‘ldirishga] buyurtma qilgani, buni qanchaga amalga oshirishi mumkinligini so‘ragani haqida guvohlar, odamlar bor», — deydi u.
Agentlikka ko‘ra, Qodirov Kerimovni Wildberries ofisidagi otishma haqida gapirganidan keyin eslab o‘tgan. «U yerda biznes-vaziyat edi. Bekxon Baraxoyev, Suleyman Kerimov, Rizvan Kurbanov o‘sha yerda bo‘lgan. Ularning rafiqasidan tortib olganlaridan boshqa bizneslari ham bor. Ular meni buyurtma qilishgan», — deya ta’kidlaydi Qodirov.
Moskva markazida joylashgan Wildberries ofisida 18 sentabr kuni kunduzi otishma sodir bo‘ldi. Marketpleys asoschisining turmush o‘rtog‘i Vladislav Bakalchukning so‘zlariga ko‘ra, u ish bo‘yicha uchrashuvga bo‘rgan. Bakalchukka IIV xodimlari hamrohlik qilgan. Wildberries’dagilarning ma’lum qilishicha, Vladislav Bakalchuk «noqonuniy ravishda» ofisga kirishga uringan, otishmani esa uning hamrohlari boshlagan. Bakalchukning o‘zi esa otishmani ofis tomoni boshlaganini ta’kidlamoqda. Otishma oqibatida ikki nafar qo‘riqchi halok bo‘lgan.
Wildberries'ga egalik qilish uchun Bakalchuklar o‘rtasidagi ziddiyat
Vladislav va Tatyana Bakalchuk o‘rtasida ajrashish jarayoni bir necha oydan beri davom etmoqda. Ushbu fonda Wildberries Russ reklama kompaniyasi bilan «raqamli savdo platformasini yaratish» uchun hamkorlik qilmoqda. RBK yozganidek, qo‘shilish natijasida «RVB» yuridik shaxsi paydo bo‘ldi, uning 65 foizi «Vayldberriz» MChJga va 35 foizi Russ egalik qiluvchi «Stinn» MChJga tegishli.
Vladislav Bakalchuk kompaniyalarning birlashishini reyderlik deb atadi va u biznes boshqaruvidan chetlashtirilganini aytdi. 2024 yil iyul oyida u Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan uchrashdi va Wildberries «ochiq va shafqatsiz reyderlikka» uchraganini aytdi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Tatyana Bakalchuk «reyderlar tomonidan eri va yetti farzandidan ajratib qo‘yilgan». «Er-xotinlar bir-birlarini ko‘rish va hech bo‘lmaganda nima bo‘layotganini muhokama qilish imkoniga ega emaslar», deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida va Bakalchukka yordam va’da qildi. Tatyana Bakalchukning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries va Russ birlashishi oldindan rejalashtirilgan va eri Vladislav bilan kelishilgan.
Mavzuga oid
14:04 / 20.12.2024
Bakalchuk Wildberries aktivlarini "RVB"ga o‘tkazish bo‘yicha sudda yutqazdi
22:28 / 12.12.2024
Ramzan Qodirov 100 mingga yaqin jangchisi urushda qatnashmayotganini tan oldi
10:50 / 06.12.2024
RF Tergov qo‘mitasi Qodirovning Bastrikinga qarshi da’volariga javob qaytardi
09:53 / 06.12.2024