Jahon | 11:40 / 21.08.2017
5655
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyadagi supermarketlar sotilmagan tovarlarni muhtojlarga tarqatishga majbur

Fransiyada 2016 yil qabul qilingan yangi qonun bo‘yicha, supermarket shoxobchalarida sotilmay qolgan oziq-ovqatlarni chiqindixonalarga tashlash mumkin emas, shuningdek, bunday mahsulotlarni majburiy tartibda muhtojlarga tarqatish lozim.

Oradan bir yildan oshiq vaqt o‘tib, bu qonun loyihasiga nisbatan sotuvchi, xaridor va kuzatuvchilarning munosabati qanday?

Belgilangan tartibga ko‘ra, 400 kv. m maydon va undan katta joyni egallagan supermarket rahbariyati 2016 yilning iyul oyiga qadar mahalliy xayriya jamiyatlari bilan shartnoma tuzishga majbur edi. Ushbu tashabbus bilan parlamentda nutq so‘zlagan Arash Derambashning aytishicha, u qish kunlari supermarket atrofidagi chiqindi chelaklarini ovqat ilinjida titkilab o‘tirgan kishilarni ko‘rgan. Shundan so‘ng, so‘l markazchi Arash bunday hayotiy sinovlarga atrofdagi tadbirkorlar yordam berishi kerak, deb o‘ylab, yangi qonun loyihasini muhokamaga ko‘targandi.

Jamoatchilik tarafidan iliq kutib olingan tashabbus amalda yaxshi natijalar keltira boshladi. Restos du Coeur​ xayriya fondining rahbari Oliver Berti bu haqda shunday deydi:

"Ochig‘i, biz bundan juda xursand bo‘ldik, vaqt o‘tib biz tarqatishimiz lozim bo‘lgandan ko‘ra, ko‘proq ovqat ola boshladik. Holatni tahlil qilib tushundikki, muhtojlar safi kamayib bormoqda", deydi u.

Shunga qaramay oziq-ovqat yetkazib beruvchi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi Fransiya chakana savdo federatsiyasi vakili amaldagi qonundan norozi ekanligini bildirgan.

"Biz chiqargan chiqindi Fransiyadagi butun qismning 5 foizini tashkil etardi. Ayni paytda 4500 supermarket mahalliy kichik fondlar bilan shartnoma tuzdi, bu yomon ko‘rsatkich emas. Ammo bu uzoq muddatdagi savdo munosabatlariga salbiy ta'sir o‘tkazishidan qo‘rqamiz", deydi Jak Kreysel.

Lill shahri yaqinidagi Leklerk supermarketi ish boshqaruvchisi Tomas Pocher vaziyatga boshqacha yechim o‘ylab topgan: Savdo xodimlari kassaga yaqinlashgan har yettinchi xaridorga bir yegulikni tekinga taqdim etadi. Fransiya Ekologiya vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, chiqindilarning 67 foizini uy xo‘jaligi sohiblarining hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘rinda turmushda ham oddiy iqtisodiy bilimlarni takrorlab olish ziyon qilmaydi.

Ma'lumot uchun, ushbu qonun mazmuniga mos keladigan hujjat Italiyada ham qabul qilingan bo‘lib, bu davlatdan yordam nafaqasini so‘rab murojaat etuvchi arizachilar sonini tushib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid