Iqtisodiyot | 11:11 / 16.08.2025
12430
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonga 100 ming bosh qo‘y yetkazib berishni boshladi

Ming bosh zotdor qo‘ydan iborat birinchi partiya samolyotga ortilib, Navoiy viloyatida ko‘paytirish uchun jo‘natildi. Chorvachilik qo‘mitasi xabariga ko‘ra, oktyabr oyi oxirigacha 60 ta reysda 50 ming, noyabr-dekabr oylarida yana 50 ming bosh qo‘y olib kelish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi

Mo‘g‘uliston kelishilgan 100 mingta zotdor qo‘ydan dastlabki mingtasini O‘zbekistonga jo‘natdi. Bu haqda 16 avgust kuni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xabar bermoqda.

Qo‘mita raisi Bahrom Norqobilovning Mo‘g‘ulistonga tashrifi doirasida ming bosh “Bayad” zotli qo‘ylar Navoiy viloyatida ko‘paytirish uchun O‘zbekistonga aviatransport orqali yuborildi.

Oktyabr oyi oxirigacha 60 ta reysda 50 ming bosh, noyabr-dekabr oylarida yana 50 ming bosh, 2025 yil yakuniga qadar jami 100 ming bosh qo‘y olib kelish yuzasidan choralar belgilab olindi.

Shuningdek, Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari S.Amarsayxan bilan muzokaralar o‘tkazilib, qo‘y va echkilarni eksport qilishda davlat bojini 18 dollardan 7 dollarga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, 100 ming bosh qo‘y importi borasida O‘zbekiston prezidentining Mo‘g‘ulistonga joriy yil iyun oyidagi tashrifida kelishuvga erishilgan edi.

Mavzuga oid