Jamiyat | 21:20 / 24.11.2018
46551
6 daqiqa o‘qiladi

Qilichini qayrab qish kelmoqda: gaz va elektr muammosiga qachon barham beriladi?

Kuz-qish mavsumi O‘zbekistonga kirib kelishi bilan chekka hududlarda yashovchi fuqarolarning yuragi siqilishni boshlaydi. Sabab bitta – xonadonlarda gaz va chiroqning o‘chirilishi borasida “kimo‘zar”ga o‘yin ketadi. Buni KUN.UZ tahririyatiga kelib tushayotgan murojaatlar mazmunidan ham bilsa bo‘ladi. Aslini olganda, bu kabi maqolalar bermaymiz deb o‘ylagandik, ammo aynan shu masala yuzasidan yuborilayotgan murojaatlar soni oshib borayotgani sabab, ularning ayrimlaridan iqtibos keltirib o‘tishni maqsadga muvofiq deb o‘yladik.

Viloyatlardan murojaatlar...

Buxoro viloyatidan kelib tushgan murojaatda shunday deyiladi: “Assalomu alaykum. Men Vobkent tumani, Sofidehqon Astarbob qishlog‘ida yashayman. Qishloq hududida tabiiy gazning yo‘qligi va elektr ta'minotining keragidan ortiq o‘chilavergani sabab, tuman markazidan ijaraga uy olib, ko‘chib chiqdik. Afsuski, bu yerda ham ahvol havas qiladigan darajada emas. Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga qo‘ng‘iroq qilishning umuman foydasi yo‘q. Qo‘ng‘iroqlarga javob berishdan qochish maqsadida telefon tarmog‘ini band qilib qo‘yishadi. Yoki bo‘lmasa, “yuqoridan shunaqa buyruq bor, biz ham qachon yonishini bilmaymiz”, deb javob berishadi. Qiziq, hayron qolasan kishi, kunduz kuni ishxonada chiroq yo‘q, kechqurun uyga kelsam, uyda chiroq yo‘q. Yosh bolam bor, tunlari yig‘lab qolsa unga sut qaynatib berish uchun uyda gaz bo‘lmaydi. Elektr plitalaridan foydalanamiz desak, tok yo‘q”.

Samarqand viloyatidan kelgan murojaatning mazmuni esa quyidagicha: “Assalomu alaykum. Men Samarqand tumani, “Sulfakabutak” mahallasida istiqomat qilaman. Mana, 20 yildirki, mana shu va qo‘shni mahallalarda istiqomat qilayotgan odamlar tabiiy gazning o‘zi u yoqda tursin, hatto hidini ham hidlab ko‘rishmagan. Xo‘p, gaz yo‘q deylik. Odamlar bunga ko‘nikib, o‘z shart-sharoitini qilyapti – ko‘mirini, o‘tinini g‘amlayapti. Biroq elektr ta'minotidagi uzilishlarga toqat qilib bo‘lmayapti. XXI asrda, taraqqiy etgan davlatda ham 20 yildan beri bir muammo hal etilmasdan qolaveradimi? Prezidentimiz chekka hududlarda barcha sharoitlar yaxshilanishi bo‘yicha ko‘rsatmalar, maxsus topshiriqlar bermoqda. Bizning mahalla chekka hududga ham kirmaydi – shahar markazidan 1-3 kilometr uzoqlikda joylashgan xolos. Bu borada mutasaddilarning rejasi bormi, bundan xalqni ogoh etishadimi?”.

Buxoro viloyatidan kelib tushgan yana bir murojaatda shunday deyiladi: “Assalomu alaykum. Men G‘ijduvon tumani, Gajdumak qishlog‘ida yashayman. Qishlog‘imizda gaz va elektr ta'minoti muammosi, mana, 15 yildirki hal etilmayapti. Bormagan joyimiz, uchrashmagan odamimiz qolmadi. Qish yaqin, juda qiynalganmiz...”.

Qoraqalpog‘istonliklar nima deydi: “Assalomu alaykum. Tumanimizda tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolar bor edi. Ammo shu yilning 15 noyabr kuni gaz birdan ko‘tarilib ketdi. Sababini bilsak, o‘sha kunlari prezidentimiz Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurgan ekan. 17 noyabr kuni davlatimiz rahbari qaytib ketdilar, gaz berishning holati yana yomonlashdi. Biz qishdan qanday chiqamiz, bolalarimiz qanday chiqadi? Biz shaharda turamiz, o‘tin yo‘q, ko‘mir yo‘q...”.

Toshkent viloyatidan murojaat: “Sizlardan iltimos, ayrim qishloqlarda tabiiy gaz yo‘q, shu muammolarni ko‘proq ko‘tarib chiqishning iloji yo‘qmi, savob bo‘ladi. Masalan, men Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, “Chamanzor” mahallasida yashayman. Gaz yo‘q, uy sovuq. Boshqa yerdagi masalalardan ko‘ra, o‘zimning muammoim muhimroq. Chunki oilam, bolalarim sovuq uyda o‘tirishibdi. Gaplarimni to‘g‘ri qabul qilasiz degan umiddaman”.

Muammo ortidan kelayotgan musibatlar

Tan olib aytish kerak – odamlar gazim yo‘q, svetim yo‘q deb, mana, necha yillardan buyon nolib keladi, ammo biror najot bo‘lmagach, bilganicha ish tutadi. Uyiga pechka quradi, bilganicha, tushunganicha, gaz ballonlaridan foydalanadi. Oqibatda esa, so‘nggi vaqtlarda quloqqa chalinayotgan mudhish hodisalar yuzaga chiqadi. Is gazidan zaharlanishadi, ayrim hollarda esa halok ham bo‘lishadi. Buni so‘nggi uch oy ichida Toshkent shahrida, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax hamda Toshkent viloyatlarida ro‘y bergan baxtsiz hodisalar misolida ham ko‘rish mumkin. Mutasaddilarning beradigan javobi esa odatiy – isitish uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanishgan.  

So‘nggi so‘z o‘rnida

Qaysidir viloyat, tuman va shahar rahbarlari o‘z hududlaridagi muammoni hal etishga astoydil harakat qilishyapti, ammo ayrim rahbarlar hamon uyquda. Bu vaqtda esa kimningdir kasalmand otasi yoki onasi, jajji bolasi sovuqdan qiynalmoqda. Oila boshi esa, ming zahmat ila tirikchilik bilan ovora, qo‘shimchasiga pechka qurishi kerak, o‘tin topishi kerak, jaydari til bilan aytganda “bir balo qilib qishdan chiqishi” lozim. Barchasi yaxshi bo‘lishiga, odamlar hayoti yanada farovonlashishiga ishonib qolamiz, albatta. Ammo bu muammolar tezda, imkon qadar ijobiy yechim topishidan umidvormiz, deya olamiz xolos.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ jurnalisti.

Mavzuga oid