Jahon | 17:01 / 01.01.2025
25864
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina tarixda ilk bor dengiz droni bilan Rossiya vertolyotini urib tushirdi. Bu qanday uddalandi?

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi 31 dekabr kuni Qora dengizdagi harbiy harakatlar vaqtida tarixiy voqea ro‘y bergani haqida ma’lum qildi: uning dengiz droni ilk bor raketa bilan Rossiya vertolyotini urib tushirgan. Mutaxassislar ukrainlar buning uchun sovetlar raketasini takomillashtirganini taxmin qilishmoqda.

Foto: BBC/GUR/MORF

Ukraina harbiy razvedkasiga ko‘ra, Magura V5 rusumli ekipajsiz kater Rossiyaning Mi-8 vertolyotini R-73 SeeDragon raketasi bilan urib tushirilgan — bu sovetlarning «havo-havo» tipidagi raketasining Ukrainada modifikatsiya qilingan variantidir.

Razvedka boshqarmasiga ko‘ra, Mi-8 rusumli yana bir vertolyotga shikast yetkazilgan, ammo u aerodromga qadar uchib borolgan.

Harbiy razvedka bu amaliyot aks etgan videoni namoyish etgan.

Unda dengiz droni vertolyotga o‘rnatilgan pulemyot zarbalari ostida uni nishonga olgani, vertolyot esa zarbadan keyin dengizga qulagani aks etgan, u himoyalanish uchun o‘zidan issiqlik tuzog‘i tarqatgan, ammo bu katta ehtimol bilan raketa tekkanidan keyin bo‘lgan.

Ukraina tomoni ikkinchi vertolyot uchuvchisining dispetcher bilan muloqotini tutib olgan. Audioyozuvda uchuvchi suvdan raketa uchirilganini ko‘rgani va keyin varrak hududida qattiq ovoz eshitilganini aytadi.

Rossiyalik harbiylar yo‘qotilgan vertolyot haqida hech narsa yozishmadi; RF mudofaa vazirligi 31 dekabrga o‘tar kechasi Qrim sohillari yaqinida ukrainlarning sakkizta dengiz droni yo‘q qilingani to‘g‘risida hisobot berish bilan cheklangan.

Ekipajsiz kater qurol uchun platforma sifatida

Ukraina Rossiya flotiga qarshi ekipajsiz katerlardan ilk bor 2022 kuzida foydalangan va o‘tgan vaqt davomida uni takomillashtirib kelgan. Bu nafaqat jangovar qismi hajmi oshirilishida yoki kamikadze dronning aloqa tizimi yaxshilanishida, balki unga o‘rnatiladigan qurol turlari bilan tajribalarda ham ko‘rinadi.

Yakunda 2024 yil oxiriga kelib Ukraina mudofaa kuchlarining dengiz dronlari, xususan, Magura va Sea Baby kabi eng taniqli modellar zarbdor kamikadze dronlardan ko‘pmaqsadli platformaga aylantirildi.

Dengiz dronidan «Grad» tizimi raketalarini uchirish bo‘yicha ilk sinovlardan biri

Ukrain harbiylari oldinroq pulemyot o‘rnatilgan dengiz dronlari janglarda qo‘llangani aks etgan videoni ham namoyish etishgandi. 6 dekabrga o‘tar kechasi pulemyot o‘rnatilgan Sea Baby dronlari Kerch bo‘g‘ozida Rossiya patrul kateri, soli, vertolyot va samolyotlariga hujum uyushtirgandi.

Ukraina xavfsizlik xizmati bu dronlarga avtomatik yo‘naltirish nishonga olish dasturiga ega yirik kalibrli pulemyotlar o‘rnatilganini ma’lum qilgan. UXX ma’lumotida Kerch bo‘g‘ozidagi jangda Rossiyaning bir necha vertolyoti zarbalardan shikastlangani, uchuvchilar orasida qurbonlar va yaralanganlar borligini bildirgandi.

Ekipajsiz katerlarga zarbdor kvadrokopterlar va boshqariluvchi raketalar o‘rnatilishi rejalari haqida ham ma’lumotlar chiqqandi. Aynan so‘nggisi raqib texnikasiga zara yetkazish bo‘yicha istiqbolli variant edi.

Dronlardagi raketalar

Ukraina dengiz dronlari orqali raketa qo‘llanganiga oid ilk kadrlar 2024 yil mayida namoyish etilgandi. Unda Sea Baby Xerson oblastining okkupatsiya qilingan qismidagi Kinburn qumlog‘i tomon raketalar otayotgani aks etgandi. Ukraina maxsus xizmatlari bu «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidagi boshqarilmaydigan raketalar bo‘lganini ma’lum qilgandi. Bitta ekipajsiz kater bunday raketalardan oltitasini olib yurishi mumkin.

Rossiya kanallari bu urinish muvaffaqiyatsiz chiqqani haqida xabar tarqatgan.

Ekspertlar bunday tizim ishonchsizligi, chunki dron operatori dengizdagi tebranishlarni to‘g‘ri hisoblay olishi, dronni zarbdor pozitsiyaga olib chiqishi va kerakli burchakda uchirish amalga oshirishi qiyinligini aytishgandi.

2024 yil may oyi davomida Magura dengiz dronlaridan boshqariluvchi R-73 raketalari uchirilgani haqidagi ilk kadrlar ham paydo bo‘ladi.

Dastlabki bir necha urinish muvaffaqiyatsiz chiqqan: drondagi yo‘naltirish tizimi nishonni — dushman vertolyoti yoki samolyotini belgilay olmagan va ularga aniq zarba berilmagan.

Ammo 31 dekabr kuni Tarxankut burni yaqinidagi hujum ukrainalik mutaxassislar, katta ehtimol bilan, sovetlarning R-73 raketasini qayta ishlab chiqib, takomillashtirgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Ukraina dronida boshqariluvchi R-73 raketalari uchiriladigan ikkita qurilma borligini ko‘rish mumkin. 2024 yil mayidagi kadr

R-73 — SSSRda 1980-yillar boshidayoq ishlab chiqilishi boshlangan va keng tarqalgan «havo-havo» klassidagi raketadir. Uning uchish masofasi — 40 km, jangovar kallagi og‘irligi — sakkiz kilogramm atrofida.

R-73 raketalarining turlicha modifikatsiyalari turli mamlakatlarning armiyalari tomonidan qo‘llangan va hozirga qadar qo‘llab kelinadi — samolyotlardan ham, quruqlikda o‘rnatiladigan tizimlardan zenit raketalar sifatida ham.

Ukrainalik muhandislar dastlabki sinovlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, katta ehtimol bilan R-73 raketasining yo‘naltirish tizimini qayta ishlab chiqishgan.  Raketa nomiga modifikatsiyadan keyin Sea Dragon so‘zlari qo‘shilgani ham shundan darak beradi.

Defense Express harbiy-tahlil sayti raketada o‘zini o‘zi yo‘naltirish kallagi takomillashtirilganini taxmin qilmoqda.

«R-73 Sea Dragon raketasi raqibning Mi-8 vertolyotlari faollik bilan issiqlik tuzoqlari chiqarganiga qaramay nishonga muvaffaqiyatli zarba berdi. Shuning uchun, bu raketada soxta nishonlarni filtrlash yaxshilangan yangi o‘z-o‘zini yo‘naltirish kallagi qo‘llangani istisno etilmaydi», — deyilgan Defense Express maqolasida.

Bundan tashqari, Ukraina razvedkasi videosida raketa teplovizor bilan jihozlangani, olovni boshqarish tizimi esa nishon egallangani haqida signal berishi ko‘ringan.

Mavzuga oid